Oʻrmon fondi
Oʻrmon fondi — mamlakat hududidagi jami oʻrmonlar majmui. Oʻzbekistonda oʻrmonlar davlat mulki — umummilliy boylik boʻlib, davlat tomonidan qoʻriqlanadi va yagona davlat Oʻrmon fondi deb ataladi. Davlat Oʻrmon fondi davlat ahamiyatiga ega boʻlgan (davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari qaramogʻidagi oʻrmonlar) hamda boshqa idoralar va yuridik shaxslar foydalanadigan oʻrmonlarga boʻlinadi. Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlardagi daraxtlar va toʻptoʻp daraxtlar, ekinzorlarning ihota daraxtzorlari, shuningdek, boshqa daraxtzorlar va butalar; temir yoʻl, avtomobil yoʻllari, kanallar va boshqalar suv obʼyektlarining ajratilgan mintaqalaridagi ihota daraxtzorlari; shaharlar va boshqalar aholi punktlaridagi toʻptoʻp daraxtlar, shuningdek, koʻkalamzorlashtirish uchun ekilgan oʻsimliklar; tomorqalardagi va bogʻ uchastkalaridagi daraxtlar hamda toʻptoʻp daraxtlar davlat Oʻrmon fondi tarkibiga kirmaydi. Oʻrmon bilan qoplangan yerlar, shuningdek, oʻrmon bilan qoplanmagan, ammo oʻrmon xoʻjaligi ehtiyojlari uchun berilgan yerlar Oʻrmon fondi yerlari deb ataladi. Oʻzbekistonda Oʻrmon fondi togʻ oʻrmonlari (togʻlar qiyaliklaridagi archazorlar, pistazorlar, yongʻoqzorlar va boshqalardan tashkil topgan oʻrmonlar), qumli choʻl oʻrmonlari (saksovul, qandim, cherkez va boshqalar oʻsadigan hamda qorakoʻlchilikda yaylov sifatida foydalaniladigan choʻllar), toʻqay oʻrmonl a r i (daryo yoqalarida, daryo orollarida oʻsadigan turangʻil, jiyda, yulgʻun, chingil, shumtol va boshqalar daraxtzorlar va butazorlar)dan tashkil topgan. Oʻzbekistonda Oʻrmon fondi umumiy yer maydoni 8544,1 ming ga yoki respublika umumiy yer maydonining 20% ni tashkil qiladi (2004). Oʻrmon bilan qoplangan maydonlar (ming ga) — 2391,4 shu jumladan, sunʼiy oʻrmonlar 207,1, yosh oʻrmonzorlar 152,9; siyrak oʻrmonlar — 247,8; daraxtsiz, ochiq maydonlar — 285,3. Oʻrmonlarning xalq xoʻjaligidagi ahamiyatini hisobga olgan holda Oʻzbekistondagi barcha oʻrmonlar 1guruh oʻrmonlariga kiritilgan (2001). Oʻrmon fondi da alohida qimmatga ega boʻlgan oʻrmon mavzelari (ming ga) — 86,7; davlat qoʻriqxona oʻrmonlari — 226,8; davlat milliy tabiat bogʻlari oʻrmonlari — 24,1; ilmiy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan oʻrmonlar — 12,4; eroziya himoya oʻrmonlari — 1135,1. Oʻrmon fondi yerlari togʻ zonasida 1200,9 mingga ni, qumli choʻllar zonasida 7190,8 ming ga ni, daryo boʻyidagi toʻqayzorlarda 88,8 ming ga ni, vodiylarda 52,2 ming ga ni tashkil etadi. Oʻrmon fondi asosan, choʻl (83,3%) va togʻ (15,7%) zonalarida joylashgan. Respublika Oʻrmon fondining eng katta maydoni Qoraqalpogʻistonda (54,8%), umumiy maydonining 20,8% esa Navoiy viloyatida joylashgan.
Abdushukur Xonazarov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |