Oʻtloqi tuproqlar
Oʻtloqi tuproqlar — tuproq tipi; kapillyar namlanishga sabab boʻluvchi sathi yaqin (1–3 m) grunt suvlari taʼsirida hosil boʻladi. Bunday tuproqlarda namlik koʻpligi tufayli oʻsimliklar yaxshi oʻsadi; oʻsimlik qoldiqlarining aerob parchalanishi va tiklanish jarayoni suvli hamda unga yaqin gorizontlarning gleylanishiga sabab boʻladi. Oʻtloqi tuproqlarning choʻl zonasidagi, boʻz tuproq va baland togʻli mintaqlardagi tiplari farqlanadi. Choʻl zonasi hamda boʻz tuproq mintaqasidagi Oʻtloqi tuproqlar grunt suvlar rejimi va ularning paydo boʻlish sharoitiga qarab qayirallyuvial, allyuvial va saz (buloq)li boʻladi. Qayirallyuvial Oʻtloqi tuproqlar (chirindi qatlami 20—40 sm) Amudaryo va Sirdaryoning delta qismida hamda boshqa daryolar qayiridagi terrasalarda tarqalgan. Bu tuproqlar har yilgi yoki davriy boʻlib turadigan toshqin suvlardagi muallaq oqiziqlarning choʻkishidan hosil boʻladi. Allyuvial Oʻtloqi tuproqlar daryoning quyi qayir usti terrasalari va daryolarning hozirgi deltalarida tarqalgan boʻlib, daryo rejimidagi grunt suvlar taʼsirida boʻladi. Sazli Oʻtloqi tuproqlar (chirindi qatlami 30 sm) togʻlardan oqib tushuvchi daryo yoyilmalarining oʻrta va pereferik qismida, yoyilmalararo pastqamliklar, kamdankam togʻ yonbagʻirlaridagi qiyaliklarning quyi qismida, oqib chiqishi va koʻtarilishi qiyin saz rejimdagi grunt suvli rayonlarda tarqalgan. Oʻzbekistonning sugʻorma dehqonchilik zonasida umumiy sugʻoriladigan maydonning 50% ga yaqinini Oʻtloqi tuproqlar tashkil etadi. Sugʻoriladigan Oʻtloqi tuproqlarda 1—2% chirindi, 0,08—0,15% ga yaqin azot, yetarli miqdora yalpi va harakatchan kaliy bor. Oʻtloqi tuproqlarda fosfor temir va alyuminiy oksidlari bilan tez birikib, fosforli oʻgʻitlar samaradorligini taʼminlaydi. Baland togʻli va boʻz tuproq mintaqasidagi Oʻtloqi tuproqlar odatda, shoʻrlanmagan, choʻl zonasidagilari esa turli darajada shoʻrlangan. Shoʻrlangan Oʻtloqi tuproqlarda drenaj asosida profilaktik shoʻr yuvish choralari qoʻllanadi.
Xodimat Maxsudov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |