Oʻyin — tarbiyalash va hordiq chiqarish vositalaridan biri. Oʻyin insoniyatning butun tarixi mobaynida diniy marosim, sport, harbiy va boshqalar mashqlar, shuningdek, sanʼat, ayniqsa uning ijro shakllari bilan qoʻshilib kelgan.

Maʼlumki, inson oʻz hayotida oʻyin, oʻqish, mehnat, dam olish kabi mashgʻulotlar bilan band boʻladi. Inson hayotining dastlabki davrlarida oʻyin asosiy faoliyat hisoblanadi, keyin esa u oʻqish bilan baravar davom etadi, undan soʻng esa oʻyin kamayib, uning oʻrnini oʻqish va mehnat egallaydi. Odamzod tarixining dastlabki davrlarida oʻyinlar hayotda muhim oʻrin tutgan. Oʻyinlar yordamida insoniyat oʻsgan, ulgʻaygan, chiniqqan, jismonan baquvvat boʻlgan, aqlan, ruhan rivojlangan, maʼnaviy kamol topgan.

Oʻzbek xalqi orasida milliy oʻyinlarning quyidagi turlari keng tarqalgan: 1) tabiiymavsumiy oʻyinlar („Yomgʻir yogʻaloq“; „Oq terakmi — koʻk terak“, „Uloq“ va boshqalar); 2) hududiy va turli joylarga mos oʻyinlar (mas, uydaboshqotirma va soʻz oʻyinlari; hovlida — „Tosh oʻyin“, „Arqon oʻyin“; bogʻda — yongʻoq, danak oʻyinlari, „Quvlashmachoq“ va boshqalar); 3) turli yosh va jinslarga xos oʻyinlar (yigitlar orasida „Podachi“, „Chavandoz“, „Quloq choʻzma“ va boshqalar, Qizlar orasida „Durra“, „Chorichanbar“, „Gʻozgʻoz“ va boshqalar). Katta yoshdagi erkaklarning kurash, uloq, chavgon kabi sport oʻyinlari boʻlsa, ayollarning koʻproq soʻz, raqs, qoʻshiqli oʻyinlarni oʻynash odatlari boʻlgan; 4) mashgʻulot, mehnat faoliyati bilan bogʻliq oʻyinlar, odatda, „Navroʻz“ kunlari oʻynalgan (mas, chorvachilikda „Ov oʻyin“, kamondan otish, „Kiyik ovi“; dehqonchilikda „Mashoba“, „Xirmonxirmon“ va boshqalar; hunarmandchilikda „Sartarosh“, „Kovushim“, „Kashtachi“ va boshqalar); 5) voqeaband oʻyinlar („Podshovazir“, „Urush oʻyin“, „Echkichoʻpon“, „Boʻri va qoʻylar“ va boshqalar); 6) harakatli oʻyinlar („Tepa kurash“, „Qoʻriqchi“, „Chirkash“ va boshqalar); 7) turli vositali oʻyinlar. Bu oʻyinlar moddiy vositalar (qoʻgʻirchoq, oʻyinchoq, tosh, tayoq, toʻp, yongʻoq kabilar) yordamida bajariladigan va maʼnaviy, badiiyifodali vositalar (soʻz, qoʻshiq, raqs, teatr) yordamida amalga oshiriladigan oʻyinlar; 8) hayvonlar ishtirokida oʻtadigan oʻyinlar. Bu oʻyinlar eng qadimiy hisoblanadi („Uloq“, „Ot poyga“, „Chavgon“, „Xoʻroz urishtirish“, „Qoʻchqor urishtirish“, „Bedana urishtirish“, „It urishtirish“ va boshqalar).

Oʻzbek xalq oʻyinlari avlodlarni tarbiyalashda „hayot maktabi“ vazifasini oʻtagan. Oʻyinlar yosh avlodni aqlan, ruhan va jismonan barkamol boʻlib yetishishlarida muhim oʻrin egallab kelgan (yana qarang Bolalar oʻyinlari).

Adabiyotlar

tahrir
  • Usmonxoʻjaye v T., Xoʻjayev F., 1001 oʻyin, Toshkent, 1990.