Oʻzbek xalq shevalari lugʻati

oʻzbek xalqining shevalar toʻplami lugʻati

Oʻzbek xalq shevalari lugʻati“ — 1971-yilda chop etilgan kitob, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻizistonning janubiy tumanlari hamda Qoraqalpogʻistonda yashovchi oʻzbeklarning qorluq, qipchoq, oʻgʻuz lahjalariga oid shevalar boʻyicha toʻplangan maʼlumotlar orqali tayyorlangan maxsus lugʻatdir[2]. Kitob turkologlar va hozirgi oʻzbek tili, til tarixi hamda dialektologiyasi bilan shugʻullanuvchi va qiziquvchi ommaga moʻljallangan. Ushbu lugʻat XX asrning 30—40-yillarda amalga oshirilgan ilmiy izlanishlarning natijasi oʻlaroq 2 ming nusxada chop etilgan[3].

Oʻzbek xalq shevalari lugʻati

„Oʻzbek xalq shevalari lugʻati“ning titul beti
Asl nomi Ўзбек халқ шевалари луғати
Muharrir(lar) Shonazar Shoabdurahmonov
Til oʻzbek, rus
Janr(lar)i lugʻat
Nashriyot Oʻzbekiston SSR Fan Nashriyoti[1].
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi 1971-yil
Sahifalar soni 409

Tuzuvchilar

tahrir

Lugʻat filologiya fanlari doktori Shonazar Shoabdurahmonov, filologiya fanlari kondidatlari Ahmad Ishayev, Shukur Nosirov va Haydarali Uzoqov va kichik ilmiy xodim Doʻstmurod Abdurahmonovlar tomonidan tuzilgan. Lugʻat uchun kerakli maʼlumotlar professor V. V. Reshetov, professor K. K. Yoʻdaxin, professor A. K. Borovkov, professor Polivanovlarning hamda filologiya fanlari kondidatlari B. J. Joʻrayev, A. Y. Aliyev, H. Gʻulomov, Y. Jumanazarov va boshqa oʻzbek dialektologlarning eʼlon qilingan asarlaridan olingan. Lugʻat kitobning oxiriga „Oʻzbek shevalarining qarindoshlik terminlari“ (A. Ishayev) hamda oʻzbek shevalarining fonetik-morfologik ocherki (SH. Shoabdurahmonov) ilova qilingan[4].

Lugʻat tavsifi

tahrir

Lugʻatga asosan quyidagi soʻzlar kiritilgan:

  1. Adabiy tilda uchramaydigan va faqat shevada uchraydigan soʻzlar. Masalan: Buvak (Fargʻona va Andijon) — chaqaloq.
  2. Adabiy tilda shaklan mavjud boʻlsa ham shevalarda boshqa maʼnolarda qoʻllaniladigan soʻzlar. Masalan: Kaltak (Fargʻona va Andijon) — qalamcha.
  3. Adabiy til va shevalarda mavjud boʻlib, ularning birida maʼnosiga koʻra oʻzgarshiga yuz tutgan soʻzlar. Masalan: Gʻor (Toshkent) — ish bilmas odam.
  4. Hali adabiy tilda keng qoʻllanilmagan, badiiy adabiyotlarda qoʻllanilib kelingan dominant soʻzlar. Masalan: Tancha (Toshkent), Sandal (Fargʻona va Andijon) — qishda isinib oʻtiriladigan joy.
  5. Fonetik jihatdan juda kuchli taʼsirga uchrab, oʻz shaklini oʻzgartirgan soʻzlar. Masalan: Shappat (Xorazm) — Shapaloq[5].

Lugʻatga oʻz davrida mavjud boʻlgan soʻzlarning eng muhimlarigina kiritilgan. Lugʻat uchun asosiy manba shevaga oid yaratilgan materiallar boʻlsa-da, xalq folklorlaridan ham keng foydalanilgan. Lugʻatda keltirilgan soʻzlarning ruscha tarjima maʼnosi ham berilgan[6].

Manbalar

tahrir
  1. „Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti“ (2023-yil 26-yanvar). 2023-yil 18-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 18-mart.
  2. „Tiriklay ko‘milgan ko‘zlar“ (2020-yil 20-mart). 2023-yil 18-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 18-mart.
  3. „Tiriklay koʻmilgan koʻzlar“ (2019-yil 1-oktyabr). 2023-yil 18-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 18-mart.
  4. „Soʻz boshi“, Oʻzbek xalq shevalari lugʻati. Toshkent: Oʻzbek tili, 1971 — 3-bet. 
  5. „Soʻz boshi“, Oʻzbek xalq shevalari lugʻati. Toshkent: Oʻzbek tili, 1971 — 4-bet. 
  6. „Soʻz boshi“, Oʻzbek xalq shevalari lugʻati. Toshkent: Oʻzbek tili, 1971 — 4-bet.