Oʻzbekiston „Adolat“ sotsial-demokratik partiyasi („Adolat“ SDP) – Oʻzbekistondagi siyosiy partiyalardan biri boʻlib, 1995-yil 18-fevralda partiya taʼsis qurultoyida tuzilgan. Shu kunning oʻzida dasturi va ustavi qabul qilingan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtgan.

Oʻzbekiston „Adolat“ sotsial-demokratik partiyasi
Yetakchi Robaxon Maxmudova
Tashkil etilgan 18-fevral, 1995-yil(1995-02-18)
Shtab kvartiralari Toshkent (Oʻzbekiston)
Qonunchilik palatasidagi
oʻrinlar
10 / 120
(I chaqiriq)
24 / 150
(II chaqiriq)
20 / 150
(III chaqiriq)
24 / 150
(IV chaqiriq)
Vebsayt [1]

Partiya aʼzolarining umumiy soni 2024-yil 24-iyul holatiga 1 104 283 nafarni tashkil etadi. Ulardan 595 ming 208 nafari yoxud 54 foizi xotin-qizlar, 430 ming 689 nafari yoki 39 foizi yoshlar hissasiga toʻgʻri keladi. Bizning „adolatchilar“ 8 ming 131 ta boshlangʻich partiya tashkiloti safida birlashgan.

Hozirgi kunda partiyaning hududiy kengashlari soni 14 taga, mahalliy kengashlar 209 taga yetgan. Qurultoy – partiyaning oliy organi. U partiya Siyosiy kengashi tomonidan kamida 5 yilda bir marta chaqiriladi. Siyosiy kengash doimiy ishlovchi rahbariy organidir. „Adolat“ SDPning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi 24 nafar deputatdan tashkil topgan. Fraksiya rahbari – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Zuhra Ametovna Ibragimova. "Adolat" ijtimoiy-siyosiy gazetasi partiyaning nashriy organi hisoblanadi. Bosh muharrir – „Adolat“ SDP Siyosiy Kengashi raisining axborot va ijtimoiy kommunikatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Islom Hamzayevich Hamroyev.

Partiya yetakchisi

tahrir

Partiyani 2024-yil 20-yanvardan Robaxon Anvarovna Maxmudova boshqarib kelmoqda. Robaxon Maxmudova 1958-yil 9-noyabrda Fargʻona viloyatining Fargʻona tumanida ziyolilar oilasida tugʻilgan. Millati – oʻzbek. Maʼlumoti – oliy. 1983-yilda Toshkent davlat universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1976-yildan Fargʻona viloyat sudining kotibi vazifasidan boshlagan. 1979-1983-yillarda Fargʻona shahar 1-sonli Davlat notarial idorasining notariusi, 1983-1987-yillarda Fargʻona viloyat Adliya boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari, 1987-1990-yillarda Fargʻona viloyat partiya qoʻmitasining yoʻriqchisi, 1990-1999-yillarda Fargʻona viloyat Adliya boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari, 1999-2001-yillarda Fargʻona viloyat sudining sudyasi, 2001-2004-yillarda Fargʻona shahar sudining raisi, 2004-2008-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi, 2008-2013-yillarda Fargʻona viloyat sudining raisi, 2013-2017-yillarda Fargʻona yuridik kollejining oʻqituvchisi vazifalarida ishlagan. 2017-2020-yillarda Fargʻona viloyati Xalq qabulxonasi mudiri, 2020-yil yanvar oyidan Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi lavozimlarida faoliyat olib borgan. 2020-2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi oʻrinbosari – maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati raisi lavozimida ishlagan.

Partiya yetakchisi tajribali huquqshunos sifatida qonun ustuvorligini taʼminlash, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, yarashuv institutini takomillashtirish borasida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

140 dan ortiq ilmiy va ommabop maqolalar, sudyalar uchun 10 ga yaqin uslubiy qoʻllanmalar muallifi hisoblanadi. 2020-yilda „Fidokorona xizmatlari uchun“ ordeni bilan taqdirlangan. Birinchi malaka darajali sudya.

"Adolat" ning maqsad va vazifalari

tahrir

Partiyaning bosh maqsadi – Vatan mustaqilligini mustahkamlash, islohotlarning jadallashuviga, huquqiy-demokratik, adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish va pirovardida, Oʻzbekistonni jahonda rivojlangan mamlakatlar safidan mustahkam oʻrin olishiga munosib hissa qoʻshish.

Partiyaning gʻoyaviy negizini sotsial-demokratiyaning 3 asosiy prinsipi: siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy adolat tashkil etadi. Qonun ustuvorligini taʼminlovchi adolatli ijtimoiy munosabatlar oʻrnatilgandagina odil jamiyat qurish mumkin boʻladi. „Adolat“ partiyasi ushbu yoʻnalishdagi ishlarni bajarishni oʻzining asosiy vazifasi deb hisoblaydi. Partiya elektoratining asosiy qismi boʻlgan ijtimoiy soha vakillarining ijtimoiy irodasini namoyon etishga intiladi, huquq va manfaatlarini himoya qiladi, gʻoya va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaydi, mehnat va barqaror hayot muhozafasini taʼminlaydi.

„Adolat“ sotsial-demokratik partiyasi oʻz oldiga quyidagi vazifalarni qoʻyadi:

  • huquqiy demokratik davlat qurish;
  • mamlakat mustaqilligini mustahkamlash;
  • Vatanga sodiq xizmat qilish;
  • adolatli fuqaroviy jamiyat qurish;
  • siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy demokratiya talablariga hamda mamlakatimizda yashab turgan barcha millat va elatlarning orzu-umidlariga monand shart-sharoit yuzaga keltirishga hissa qoʻshish.

Partiyaning amaliyotga tatbiq etilgan loyihalari

tahrir

"Biz korrupsiyaga qarshimiz!" – aholining barcha qatlamlari orasida, ayniqsa, yoshlarda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash madaniyatini kuchaytirishdir. Korrupsiya bilan kurashish nafaqat davlat organlari va huquqni muhofaza etish tuzilmalarining vazifasi, balki butun jamiyatning burchi hisoblanadi.

Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan mutlaqo toqatsizlik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va keng ommaga yetkazish borasida samarali ishlarni tashkil qilishni partiya oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

Oʻzbekiston „Adolat“ SDP tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan gʻoyalar doirasida umumtaʼlim maktablari (shuningdek, ixtisoslashtirilgan, maxsus maktablar) oʻquvchilari ongiga korrupsiyaning jamiyat rivojiga salbiy taʼsirini sodda va tushunarli qilib yetkazish hamda ularning huquqiy bilimlarini oʻstirish, korrupsiyaga qarshi nafrat tuygʻusini uygʻotish maqsadida "Korrupsiya – yoshlar tasavvurida!" insholar tanlovini oʻtkazdi. Unda respublika boʻyicha 8642 ta umumtaʼlim maktabidan 445 mingdan ortiq oʻquvchi oʻz inshosi bilan ishtirok etdi.

"Biz sogʻlom turmush tarzi tarafdorimiz!" – partiya Saylovoldi dasturida ilgari surilgan vazifalar doirasida sogʻlom avlodni tarbiyalashda sogʻliqni saqlash oʻrni, taʼsiri va mas’uliyatini oshirish, sogʻlom bola tarbiyasida mahalla va ijtimoiy tuzilmalarning taʼsirini yanada yuksaltirish uchun tibbiyot birlashmalari bilan birgalikda har haftada bir mahallada aholini tibbiy koʻrikdan oʻtkazib keladi. "Tibbiy madaniyat-sogʻlom jamiyat sari" shiori ostida 2023-yil davomida 698 ta mahallada tibbiy koʻriklar oʻtkazilgan.

"Adolatli jamiyat olimlarga tayanadi" – ilmiy faoliyatning afzalliklarini yoshlarga yetkazish va ularni ilmiy izlanishlarga yoʻnaltirish, ilmiy izlanish olib borayotgan olimlar va iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, yosh izlanuvchilarni yetuk olimlar atrofiga birlashtirish, mamlakatimiz ilm-fanining xalqaro miqyosdagi oʻrnini oshirish boʻyicha mavjud boʻlgan imkoniyatlarni aniqlash va takliflar tayyorlash, izlanuvchi olimlarning yagona elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirishga koʻmaklashishdan iborat.

Loyiha doirasida Oliy taʼlim muassasalarida professor-oʻqituvchilar va talabalar ishtirokida partiya saylovoldi dasturidagi gʻoyalardan kelib chiqib tadbirlar oʻtkaziladi. Natijada partiya safiga yosh olim va olimalar qoʻshilib, jamiyatdagi mavjud muammolar yechimi yuzasidan fikrlar olish boʻyicha ekspertlar guruhlari shakllantiriladi.

"Tozalik yoʻlida birlashaylik!" – fuqarolarda shahar-qishloqlarimizni toza saqlashga boʻlgan daxldorlik hissini oshirish, xususan, ularni koʻngilli ravishda, hashar yoʻli bilan atrof-muhitning tozaligini taʼminlashga safarbar etish, yurt obodligi yoʻlida aholini birlashtirish, yoshlar tarbiyasida tozalik orqali tibbiy madaniyatni shakllantirish uchun ishlab chiqildi.

Partiya tomonidan atrof-muhitni asrab avaylash, toza saqlash boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, loyiha doirasida "Eng toza mahalla", „Eng toza koʻcha“, „Eng toza xonadon“ kabi tanlovlar tashkil etilyapti.

"Saxovat-benazir qadriyat" – kam taʼminlangan oilalarga partiya faollaridan tomonidan xayriya tadbirlari tashkillashtirilib, 500 mingga yaqin fuqarolarga amaliy yordam koʻrsatildi. Xayriya tadbirlari keng koʻlamda tashkil etilib nogironligi boʻlgan shaxslar xonadoniga borildi, partiyaning har bir tuman va shahar Kengashi ishtirokida birgina Samarqand viloyati Kengashi tomonidan 13 ta hududda 30 ga yaqin nogironligi boʻlgan fuqarolar holidan xabar olindi, ularning murojaatlari tinglandi.

Dori-darmon, moddiy yordam soʻrab murojaat qilgan fuqarolarga 15 million soʻmga yaqin homiylik koʻmagi topshirildi. Ahamiyatli jihati partiyaning ushbu xayrli tashabbusi tuman, shahar hokimliklari, iqtisodiyot va moliya boʻlimlari, tibbiyot birlashmalari, saxovatpeshalarni birlashtirdi. Bu borada tizimli hamkorlik ishlarini yoʻlga qoʻyish borasida fikrlar almashildi.

"Vatan kelajagi yoshlar qoʻlida!" – yosh avlodni ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, ular orasidan iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni qoʻllab-quvvatlash, globallashuv jarayonida yoshlar ongida mafkuraviy immunitetni yanada kuchaytirish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida yoshlarning faolligini oshirish, loyiha doirasida oʻtkaziladigan tadbirlar orqali aholining keng qatlamiga partiya mafkurasi va gʻoyalarini targʻib qilishdan iborat.

"Bir adolatchi –yuz ayolga himoyachi" – xotin-qizlarni turli xil tazyiq va zoʻravonliklardan himoyalash masalalari, gender tengligiga oid tegishli turli mavzularda "Ayollarni zoʻravonlikdan asraylik!", „Yangi Oʻzbekistonda gender tenglik masalalariga yangicha yondashuv“, „Ayol borki, olam munavvar!“, „Sizga ehtirom, aziz ayollar“ mavzularida oʻrganishlar, telekoʻrsatuvlar, davra suhbatlari va boshqa turkum tadbirlar amalga oshirildi.

2023-yil davomida 1 ming 580 ta uchrashuv va davra suhbati, 108 ming 616 nafar xotin-qiz individual muloqot oʻtkazildi. Shuningdek, xotin-qizlarning 10 ming 515 nafariga huquqiy maslahat hamda 2 ming 987 nafariga moddiy yordam, 677 nafariga kredit olishiga koʻmaklashildi.

Suhbatlar davomida tadbirlarga jalb qilingan 210 ming nafardan ortiq xotin-qizga himoya orderini berish tartiblari tushuntirildi va 200 nafar zoʻravonlikka uchragan ayolga himoya orderi olib berishga erishildi. Kasb-hunar oʻrganishni xohlagan 3 ming nafar xotin-qizni kasbga yoʻnaltirish ishlari olib borildi. Shu uchrashuvlar jarayonida xotin-qizlar uchun tibbiy koʻriklar ham tashkil etilib, 20 mingdan ortiq xotin-qiz tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

"Farzandlari sogʻlom yurt – qudratli boʻlur!" – partiya faollari, mahalliy deputatlar hamda hamkor tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruhlari tomonidan umumtaʼlim maktablarda sinflardagi oʻquvchilar sonining sanitariya-gigiyena talablariga mosligi, umumiy tibbiy xizmatning ahvoli, majburiy dori-darmonlar bilan taʼminlanganlik darajasi, mantu sinamasi va boshqa emlashlarning davriyligi, toza ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik holatlari oʻrganilib kelinyapti.

"Deputat va yoshlar" – yoshlarni mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etilishi jarayoniga keng jalb qilish, deputatlik guruhlarining yigʻilishlari kun tartibiga yoshlar muammolari bilan bogʻliq masalalarni olib chiqish, yoshlarga oid ishlab chiqilayotgan qonunlar loyihalariga yoshlar takliflarini olish tizimini shakllantirish va qabul qilingan qonunlarni chuqur oʻrganishni targʻib qilishdan iborat.

Mazkur loyiha doirasida 2023-yili 606 ta yoshlar va deputatlar uchrashuvi tashkil etilib, 30 ming nafar yoshni qamrab olishga erilishdi.

"Bir oyda bir ish oʻrni" – vaqtincha ishsiz, yordamga muhtoj oilalardagi fuqarolar, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar doimiy ish oʻrni bilan taʼminlash chora-tadbirlari partiyaning asosiy yoʻnalishlardan biriga aylangan.

Respublikaning barcha hududiy kengashlari faollari va deputatlari koʻmagida 2023-yil davomida jami 705 nafar yosh, 1 ming 475 nafar xotin-qiz ishga joylashtirildi.