Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Iqtisodiyot instituti

Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Iqtisodiyot instituti — Oʻzbekistonda iqtisodiy tadqiqotlar olib boradigan yirik ilmiy markaz. 1943-yil 3-noyabrda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Iqtisodiy tadqiqotlar byurosi negizida tashkil etilgan. Toshkent shahrida joylashgan. Institutda 5 boʻlim bor (oʻtish davri iqtisodiyotining umumiy nazariyasi; investitsiyalar samaradorligi muammolari; tadbirkorlikni rivojlantirishning iqtisodiy ragʻbatlantirish muammolari; oʻtish davri iqtisodiyotining ijtimoiy muammolari; iqtisodiy integratsiya muammolari) (2002). Dastlabki yillarda 2 sektor va 2 boʻlim boʻlib, respublika miqyosida tarixiy-iqtisodiy tadqiqotlar olib borilgan. 50-yillarda respublika iqtisodiy rayonlarining iqtisodiy majmualari muammolari, xalq xoʻjaligi tarmoqlari, sanoat va qishloq xoʻjaligi sohalarini rivojlantirish masalalari, sanoat iqtisodiyoti, mehnat resurslari hamda mehnat iqtisodiyotiga oid ilmiy ishlar olib borildi. 60-yillardan boshlab institutda yirik ilmiy yoʻnalishlar va maktablar shakllandi: Oʻzbekiston iqtisodiyotining 20-asrning 20-yillardan keyingi davrda rivojlanishi va Osiyo hamda Afrika mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish muammolari (O. B. Jamolov); xoʻjalik mexanizmini takomillashtirish, xom ashyo resurslarini qayta ishlash samaradorligi, iqtisodiy institutegratsiya masalalari (I. I. Iskandarov); investitsiyalar samaradorligi, tabiiy-texnika fanlari yutuqlarini joriy qilish samaradorligi, Oʻzbekiston iqtisodiyo-tining jahon iqtisodiy tizimiga qoʻshilishi muammolari (O. Hikmatov); aholi va mehnat resurslari muammolari (R. A. Ubaydullayeva); ishlab chiqarishni hududiy tashkil qilish metodologiyasi (K. N. Bedrinsev), Oʻzbekiston iqtisodiyoti tarixi, sanoat majmuining shakllanishi va rivojlanishi muammolari (O. M. Aminov) oʻrganildi. Institut faoli-yati O. M. Aminov, K. N. Bedrinsev, O. B. Jamolov, S. K. Ziyodullayev, I. I. Iskandarov, K. I. Lapkin, R. A. Ubaydullayeva, O. Hikmatov va b. olimlar nomlari bilan bogʻliq. Institut Oʻzbekistonda ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyoti modelini shakllantirishning metodologik asoslarini, bozor iqtisodiyoti muammolarini oʻrganish boʻyicha yetakchi ilmiy muassasa hisoblanadi. Oʻzbekiston va MDH, Yevropa va Osiyodagi yetakchi iqtisodiy, ilmiy va oʻquv muassasalari bilan ilmiy hamkorlik qiladi, turli mavzularda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar oʻtkazadi. Institut tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi mustaqil rivojlanishining 10 yillik tajribalari umumlashtirilgan "Oʻzbekistan: bozor iqtisodiyoti shakllanishining oʻn yilligi" monografi-yasi nashr etildi (2001). Institutda 120 xodim, shu jumladan, 27 fan nomzodi va 8 fan doktori ishlaydi (2002). Aspi-ranturasi bor. Institutda doktorlik va nom-zodlik dissertatsiyalarini himoya qilish boʻyicha ixtisoslashtirilgan ilmiy kengash faoliyat koʻrsatadi. Ilmiy toʻplamlar, monografiyalar nashr etadi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil