Oʻzbekiston respublikasi fuqaroligi

Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi — shaxs bilan Oʻzbekiston Respublikasining doimiy siyosiy, huquqiy aloqasini belgilovchi holat; bu aloqa ularning oʻzaro huquqlari va burchlarida ifodalanadi. Oʻzbekiston respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatlarga ega boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston fuqarolari hisoblanadi. Oʻzbekiston fuqarolari bir vaqtning oʻzida boshqa mamlakatlarning fuqarolari boʻlishi mumkin emas. Fuqarolikka ega boʻlish va uni yoʻqotish asoslari hamda tartibi „Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida“gi qonun (1992-yil 2-iyul) da belgilab berilgan. Ushbu qonunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan, shuningdek, davlat yoʻllanmasi bilan Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ishlayotgan, harbiy xizmatni oʻtayotgan yoki oʻqiyotgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari boʻladilar. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinishi mumkin. Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish shartlari, Oʻzbekiston respublikasi fuqaroligining toʻxtalishi va yoʻqotilishi hollari koʻrsatib oʻtilgan. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisidagi ishlarni Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining diplomatiya vakolatxonalari va konsullik muassasalari yuritadi. Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida ham, uning tashqarisida ham oʻz fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik koʻrsatishni kafolatlaydi, ularning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qiladi.