Oʻzkabel aksiyadorlik jamiyati
Oʻzkabel aksiyadorlik jamiyati — elektrotexnika sanoatining yirik korxonasi. Toshkent shahrida joylashgan. "Oʻzeltexsanoat" uyushmasi tarkibiga kiradi. Energetika, geologiya, temir yoʻl transporti, aloqa, mashinasozlik va boshqalar sanoat tarmoqlarida ishlatiladigan turli xil kabel mahsulotlari: yuqori kuchlanishli elektr kabellari, shahar telefon tarmoqlari va uzoq masofalar aloqa kabellari; qoplamali elektr simlari, payvandlash, elektr energiyasini uzatish simlari, neft nasoslari uchun kabellar, geofizika kabellari va simlari ishlab chiqaradi. Toshkentga evakuatsiya qilingan "Elektrokabel" zavodi asosida 1941-yil noyabrda tashkil qilingan.
Urush yillarida harbiydala aloqasi uchun simlar ishlab chiqargan. Urushdan keyin geofizika tadqiqot kabellari, yoʻllarni elektrlashtirish uchun kontaktli simlar ishlab chiqarishda yetakchi korxonaga aylandi. Korxonada mis katanka ishlab chiqarishdan boshlab murakkab kabel mahsuloti turlarini ishlab chiqarishgacha toʻliq texnologik sikl yaratilgan. 1995-yildan ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati. 2003-yildan chet el investitsiyasi ishtirokidagi OʻzbekistonAmerika qoʻshma korxonasi aksiyadorlik jamiyati ("2egotax" kompaniyasi korxona aksiyalarining 64% ga ega). Korxona AQSH, Italiyada ishlab chiqarilgan uskunalar bilan jihozlandi. Mahsulotlari sifati xalqaro standartlarga javob beradi. 2004-yilda 99 t mis sim, 75 t trolley simlari, 254 km uzoq aloqa kabellari, 1458 km geofizika kabellari, 9322 km yoritish kabellari va boshqalar mahsulotlar ishlab chiqarildi, eksport 11 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. Mahsulotlari Rossiya, Ukraina, Qozogʻistonga va boshqalar mamlakatlarga chiqariladi. Moskva, Yekaterinburg, Olmaota, Chimkent, Kiyevda savdo uylari ochilgan. Xalqaro "Elektrkabel" kabel mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uyushmasiga aʼzo.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |