Odat huquqi
Odat huquqi — jamiyatda uzoq vaqt amal qilinaverib, uning aʼzolari uchun oʻrganish boʻlib ketgan va davlat tomonidan ruxsat etilgan, lekin qonunlashtirilmagan tartib-qoidalar (odatlar) majmui. Odat huquqi normalari ijtimoiy normalardan biri boʻlib (ijtimoiy normalarga, shuningdek, huquqiy normalar, axloqiy, diniy normalar ham kiradi), kishilar hayotida yuzaga keladigan ijtimoiy munosa-batlarning aksar qismini tartibga soladi. Odat huquqi oʻzining 2 jihati bilan, yaʼni: xalqning huquqiy ongi, huquqiy mafkurasi bilan chambarchas bogʻlikligi; xalq orasida doimiy takrorlanib turuvchi, ammo yozilmagan, avloddan-avlodga meros boʻlib oʻtuvchi jamiyatning asl qonun-qoidalari ila hamohangligi bilan eʼtiborlidir. Odat huquqi normalari ish muomalasi odatlari, mahalliy odat va anʼanalar shaklida namoyon boʻladi.
Hozirga kelib, Odat huquqi normalari huquqning alohida bir manbai sifatida eʼtirof etilmoqda. Chunonchi, Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi Fuqarolik kodeksi boʻyicha, Odat huquqi normalari ilk bor huquqning manbai sifatida kiritildi. Unga koʻra, tadbirkorlik faoliyatining bironbir sohasida vujudga kelgan va keng qoʻllanadigan, qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan xulq-atvor qoidasi, bironbir hujjatda yozilganligi yoki yozilmaganligidan qatʼi nazar, ish muomalasi odati boʻlib hisoblanadi. Fuqarolik qonun hujjatlarida tegishli normalar boʻlmagan taqdirda, bu munosabatlarni tartibga solishda mahalliy odat va anʼanalar qoʻllanadi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi Oila kodeksiga koʻra, qonun hujjatlarida oilaviy munosabatlarni tartibga solishga oid tegishli normalar boʻlmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari tamoyillariga zid boʻlmagan mahalliy urfodat va anʼanalar qoʻllanadi.
Mirodil Baratov.[1]
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |