Ogʻizaylangichlar (Rotatoria) -birlamchi tana boʻshlikli chuvalchanglar sinfi. Xaltasimon, baʼzan sharsimon gavdasi bosh, tana va dum boʻgʻimlaridan iborat. Koʻp hujayrali hayvonlar orasida eng kichigi, gavdasining uzunligi 0,01 dan 2,5 mm gacha. Ogʻiz oldi kipriklari murakkab tuzilgan.ogʻiz aylangich apparatini hrsil qiladi. Ayrim turlarining bosh boʻlimida sezgir tukchalari va 1—2 ta pigment koʻzachalari boʻladi. Koʻpchilik ogʻizaylangichlar tanasi sovut bilan oʻralgan. Oʻtroq ogʻizaylangichlar oyogʻi uchidagi 2 ta oʻsimtasi yordamida substratga yopishib oladi. Ichagi toʻgʻri nay shaklida; ichakning oldingi qismi chaynovchi oshqozon — mastaksni hosil qiladi. Ayirish organlari — protonefridiylar kloakaga ochiladi. Nerv sistemasi halqum usti gangliyi va undan qillar, koʻzchalar va boshqa organlarga ketadigan nervlardan iborat. Ayrim jinsli. Jinsiy bezlar yoʻli kloakaga ochiladi. Tuxim qoʻyadi yoki baʼzi vakillari tirik tugʻadi. Erkagi mayda, ayrim turlarining erkagi boʻlmasligi tufayli partenogenez koʻpayadi. Ogʻizaylangichlar sistematikasi va turlari yaxshi oʻrganilmagan. Keng tarqalgan; 2000 ga yaqin turi bor. Chuchuk suv bentosi va planktoni tarkibiga kiradi; nam mox va tuprokda yashaydi; ayrim turlari dengizlarda va shoʻr suvli havzalarda uchraydi. Bir hujayrali suv oʻtlari, mikroorganizmlar bilan oziqlanadi, ayrimlari yirtqich. Suv havzalari qurib qolganda koʻpchilik ogʻizaylangichlar anabioz holatiga oʻtadi. Suv qavzalarining oʻz-oʻzidan tozalanishida va yosh baliqchalarning asosiy ozigʻi sifatida katta ahamiyatga ega.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil