Oysha Durroniy XVIII asr oxiri — XIX asr boshlarida yashab ijod etgan dariyzabon shoiradir. Uning tugʻilgan va vafot etgan yili haqida aniq maʼlumot saqlanib qolmagan. Lekin bilvosita maʼlumotlarga suyanib shoiraning 1766-70 yillar orasida tugʻilib, 1820 yillar atrofida vafot etgani taxmin qilinadi. Oysha Durroniyning hayotiga oid ayrim maʼlumotlar uning sheʼrlarida ham qayd etilgan. Ulardan maʼlum boʻlishicha, Oysha tugʻilgan oila durroniylarning barakzoyi urgʻiga mansub boʻlib, uning bobosi Rahmonxon va otasi Yaʼqubalixon Ahmadshoh va Temurshoh armiyasida artilleriya qoʻmondoni (toʻpchiboshi) vazifasida xizmat qilganlar. Keyinchalik shoiraning oʻgʻli Fayz Talab ham bu mansabni egallagan. کاتبه عایشه از امتی شاه عرب، بنت یعقوب علی، والده فیض طلب. قوم بارکزیی و شاعره ملک وجود، عهد سلطان زمان، بحر عطا شاه محمود. پشت در پشت خطاب آمده مارا منصب، توپچی باشی، همه بودند ‌ذوی الجاه و حسب. Kotiba Oysha, arab shohi (paygʻambar) ummatidan, Yaʼqub Ali qizi, Fayz Talabning onasi. Borakzoyi qavmidan, shu mamlakat shoirasi, Sulton Zamon, saxiylik dengizi shoh Mahmud davri, Birin ketin bizga mansab taklif qilingan Hammalari toʻpchiboshi, martaba va mavqe egalari boʻlganlar. Ana shu uch baytda shoira oʻz biografiyasiga tegishli muhim maʼlumotlarni ixcham koʻrinishda bayon etgan, yaʼni yozuvchi Oysha, muslima, otasining ismi Yaʼqubali, oʻgʻlining ismi Fayz Talab, ota-bobolari ajdoddan avlodga toʻpchiboshi mansabida xizmat qilganlar, jamiyatda oʻz oʻrinlariga ega kishilar boʻlganlar. Bu „tarjimayi hol“da ikki narsa etishmaydi, birinchisi, unda shoiraning qizi haqida maʼlumot yoʻq va ikkinchisi, farzandlari otasi, yaʼni eri, uning kasbu kori haqida hech narsa deyilmagan. Shoira boshqa bir sheʼrida qizi haqida faqat bir marta gapirib oʻtadi, uning vafot etganini aytadi. Aftidan, qizi yoshligidayoq dunyodan koʻz yumgan, aks holda, shoira uni, uning farzandlari boʻlsa, ularni eslagan boʻlar edi. Yuqorida iqtibos qilingan sheʼr 1800-1810 yillar orasida yozilgani aniq, chunki, unda ikki podshoh — Zamonshoh (1793-1800) va undan keyin Mahmudshoh (1800-1803, 1809-1818) haqida esla-tib oʻtilgan. Bundan tashqari shoira oʻgʻli Fayz Talabni tirik kishi sifatida zikr etadi. Shoira biografiyasidan maʼlumki, Fayz Talab 1811-yilda Kashmirda boʻlgan janglarning birida halok boʻlgan. Sheʼrning mazmuni, ruhiyatidan esa shoiraning hayotdan roziligi, oilasi, oʻgʻlining kasbu martabasidan faxrlanishi yaqqol sezilib turadi. Oysha Durroniy afgʻon adabiyoti tarixida oʻzidan keyin toʻliq devon qoldirgan birinchi shoira hisoblanadi. Shuning uchun ham uning oʻrni afgʻon adabiyotshunoslari tomonidan yuqori baholanadi. Shuningdek, uning sheʼriy merosiga ham omad yor boʻlgan deb hisoblanadi, chunki shoira devoni podshoh Abdurahmonxon davrida, 1887 yilda, Afgʻonistonda nashr etilgan birinchi kitoblar qatori¬da bosilib chiqqan. Devonni munshi Abdurazzoq podshoh amri bilan saroy kutubxonasida saqlangan nusxa asosida nashrga tayyorlagan boʻlib, u 380 sahifadan iborat. Devondan qasidalar, gʻazallar, mumtoz dariy adabiyotining qitʼa, marsiya, tarjiban, muxammas, ruboiy kabi boshqa janrlariga oid sheʼrlar joy olgan. Devonga muqaddima va taqriz ham ilova qilingan. Ularda taʼkidlanishicha, mazkur devon qoʻlyozmasi 1816-yilda tuzilgan boʻlib, shoira unga „Shakarganj“ deb nom bergan.Oqila Abdulboqiyeva (munozara) 17:48, 9-Dekabr 2022 (UTC)

  1. Husayn Noyil. Sayri dar adabiyote sadaye sezdahoʻm, 37 bet.
  2. Husayn Noyil. Sayri dar adabiyote sadaye sezdahoʻm, 42 bet