Oltin standart — mamlakatning pul va valyuta munosabatlarini oltindan pul tovari sifatida foydalanish asosida tashkil qilish shakli. Oltin standart oltin tanga, oltin yombi va oltin deviz (oltin valyuta) turlariga boʻlinadi (qarang Devizlar). Oltin tanga standart eng barqaror pul tizimi boʻlib, inflyasiyani istisno etadi, chunki ehtiyojdan ortiq oltin tangalar muomaladan olinib xazinaga aylanadi. Oltin standartni 1821-yilda Angliya banki boshlab berdi. Bu tizim huquqiy jihatdan 1867-yilda Parij konferensiyasida davlatlararo bitim bilan rasmiylashtirildi. Milliy valyuta kursi oltinga qatʼiy bogʻliq boʻlib, valyutaning oltin tarkibi orqali qatʼiy valyuta kursi boʻyicha birbiri bilan oʻzaro muvofiqlashtirilgan. Ularning oltin pariteti valyutalarda rasmiy belgilangan oltin miqdoridan kelib chiqqan holda aniklanib, valyutalar bevosita oltinga ayirboshlanar edi. Oltin tangalar cheklovlarsiz muomalada boʻlgan va zarb qilingan, qogʻoz pul oltin tangalarga erkin almashtirilgan, narxlar oltinda hisoblangan. Birinchi jahon urushi davrida deyarli barcha mamlakatlarda qogʻoz pullarga oltin almashtirish toʻxtatildi, muomaladagi oltin tangalar muomaladan chikarildi. 20-asrning 20-yillaridan ayrim mamlakatlarda (xususan, AQSH va Buyuk Britaniyada) oltin yombi standart joriy etildi, bunda banknotlar 12,5 kg gacha boʻlgan oltin yombilarga almashtirilgan, buning uchun esa bank-ka katta pul miqdorini takdim etish lozim boʻlgan. Boshqa mamlakatlarda kredit pullarini dastlab oltin yombi standarti mamlakatlari valyutalaridagi devizlarga soʻngra oltinga almashtirish tartibi paydo boʻldi va Oltin standartning bu shakli oltin deviz standart nomini oldi. Bu shaklda bir mamlakat va-lyutasi boshqa mamlakatlar vositasiga bogʻliq qilib qoʻyiladi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin Bretton — Vuds valyuta tizimi shakllandi (k,. Bretton— Vuds bitimi) va oltin deviz standart fakat markaziy banklar uchun saqlab qolindi. Oltin jahon puli sifatida Yamayka shartnomasi (1976) imzolanishiga qadar muomalada boʻlgan[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil