Omonatlarni indeksatsiyalash — mamlakatda narxlarning umumiy darajasi oʻsishiga qarab omonatdagi pul miqdorining oshirilishi. Bu inflyasiya tufayli pul birligi qadrqimmatining, yaʼni xarid qobiliyatining pasayishi bilan bogʻliq. Omonatlarni indeksatsiyalash orqali qadrsizlanishi natijasida omonatchi koʻrgan zarar krplanadi.

Oʻzbekiston Respublikasida 1993-yil 12-noyabrda "soʻm-kupon"ning va yana keyinchalik 1994-yil 1-iyuldan uning oʻrniga soʻmning muomalaga kiritilishi natijasida Omonatlarni indeksatsiyalash amalga oshirildi. Bank omonatlaridagi va qimmatbaho qogʻozlarga investitsiya qilingan pul mablagʻlari 1000 soʻm-kuponga 1 soʻm qilib qayta hisoblangan. 1992—95 yillarda Oʻzbekistonda narxlar indeksining 3860 baravar oʻsganligidan kelib chiqib, 1996-yildan boshlab aholining soʻmda ifodalangan omonatlarining xarid qobiliyatini saqlab qolish maqsadida Omonatlarni indeksatsiyalash miqdori 4 ming baravar qilib belgilangan. Fuqarolarning omonatlarini toʻgʻri va asosli indek-satsiyalash uchun pul mablagʻlarini indeksatsiya qilish boʻyicha respublika, viloyat, shahar va tuman komissiyalari tuzilgan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil