Omonimlar
Omonimlar (omo … va yun. oputa – nom, ism) – umumiy maʼno unsurlariga ega boʻlmagan, tasavvuriy bogʻlanmagan, lekin bir xil yozilib, bir xil aytiladigan soʻzlar; ular orasida semantik aloqa boʻlmaydi. Ana shunday soʻzlarning tilda mavjud boʻlishi va shunga bogʻliq hodisalar omonimiya deyiladi. Omonimlarning lugʻaviy va grammatik koʻrinishlari farqlanadi.
Omonimlar bilan bir qatorda tilda ularning alohida turlari sifatida omograflar (bir xil yoziladigan, lekin urgʻu va talaffuz bilan farqlanadigan soʻzlar: olma(meva nomi)—olma(„-ma“ qoʻshimchasini olgan ish-harakat), tom (uy tomi) – tom (kitob tomi) va boshqalar, hamda, omofonlar (bir xil talaffuz qilinadigan, lekin yozilishida farq qiladigan soʻzlar): yetti (son) – yetdi (feʼl); yot (begona) – yod (xotira) va hokazo. Omonimiyaning mazkur barcha koʻrinishlariga mansub soʻzlar maʼnosi asosan matn orqali bilinadi.
Omonimlar mumtoz adabiyotda tajnis sanʼati va tuyuq janrini yaratishda, askiya payrovlarida esa soʻz oʻyini va qochiriq sifatida ishlatiladi. Soʻz ustalari, ayniqsa, shoirlar (Al-Xorazmiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Soʻfi Olloyor, Habibiy va boshqalar) poetik taʼsirchanlikni oshirishda omonimlar dan mahorat bilan foydalanganlar. Xorazmiyning: „Buyung sarvu sanubartek“, „beling-qil“, „Vafo qilgan kishilarga vafo qil“ bayti yoki Alisher Navoiyning: Olmani sundi nigorim – ol, —dedi, Olma birla bu koʻngilni ol, – dedi, Soʻrdim ersa olmasining rangini, Ne soʻrarsan? – olma rangi ol, dedi.tuyugʻi buning yorqin isbotidir. Dastlabki baytda qil soʻzi 2 maʼnoda (qilga oʻxshash ingichka; qilmoq feʼlning oʻzagi) ishlatilgan boʻlsa, tuyukda ol soʻzi 3 maʼnoda ishlatilgan (buyruq feʼli; koʻngil ovlamoq; qizil rang, ol rang).[1]
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |