Omsk viloyati
Omsk viloyati – Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. 1934-yilda tashkil etilgan. Gʻarbiy Sibir iqtisodiy rayoniga kiradi. Maydoni 139,7 ming km². Aholisi 2162,5 ming kishi (2000), asosan, ruslar (80,3%), shuningdek, nemis (6,3%), ukrain (4,9%), qozoq (3,5%), tatar (2,3%) va boshqa millat vakillari (2,7%) ham yashaydi. Shahar aholisi 67,3%. Tarkibiga 32 maʼmuriy tuman, 6 shahar, 24 shaharcha ki-radi. Markazi – Omsk shahri. Boshqa yirik shaharlari – Isilkoʻl, Tara.
Omsk viloyati Gʻarbiy Sibir tekisligida Irtish daryosi havzasida joylashgan. Yer yuzasi qiya-toʻlqinsimon tekislik, balandligi 100–140 m, janubiy qismida qator tepa ("griva")lar, shimoliy qismida keng botqokliklar bor. Iqlimi kontinental, moʻʼtadil sovuq. Qishi davomli va qattiq yanvarning oʻrtacha temperaturasi –20°. Iyulniki 20°. Yillik yogʻin 300–400 mm. Vegetatsiya davri 153–162 kun. Daryolari Irtish havzasiga mansub. Koʻl koʻp, janubidagi koʻllar koʻpincha shoʻr, shimolida – chuchuk. Ulardan eng yiriklari – Ik, Tenis, Saltaim, Ebeyti. Tuproklari qora tuproq, podzol, oʻtloq, kulrang oʻrmon, chimli podzol. Oʻrmon va butazorlar viloyat hududining 1/4 qismini egallaydi. Qoraqaragʻay, oqqaragʻay, oq qayin, kedr, togʻ terak oʻsadi. Ayiq, boʻri, tulki, quyon, ondatra, gʻoz, oʻrdak yashaydi, baliq turi koʻp.
Sanoatining muhim tarmoqlari: mashinasozlik va metallsozlik (qarangh. mashinasozligi, motorsozlik, pri-borsozlik, elektrotexnika va radioelektronika sanoatlari – "Polyot" ishlab chiqarish birlashmasi, "Omsk" motorsozlik korxonasi, "Sibkriotexnika" va boshqalar), neftni qayta ishlash, kimyo va neft kimyosi (sintetik kauchuk, texnik rezina mahsulotlari, plastmassalar, Omsk neftni qayta ishlash zavodi, "Omskkauchuk" aksiyadorlik jamiyati, texnik uglerod zavodi; avtopokrishkalar – "Omskshina" va boshqa korxonalar). Yogʻochsozlik korxonalari ishlab turibdi. Yirik sanoat markazlari – Omsk, Kalachinsk, Isilkoʻl, Tara va boshqa shaharlar.
Omsk viloyati Sibirning yirik qishloq xoʻjaligi rayonlaridan biri. Gʻalla, texnik (zigʻir) va ozuqa ekinlari, kartoshka va sabzavot ekiladi. Sut-goʻshtchorvachiligi rivojlangan. Moʻynali hayvonlar (olmaxon, ondatra va boshqalar) ovlanadi, darrandachilik bilan shugʻullaniladi. Irtish daryosida kema qatnaydi. Nijnevartovsk – UstBalik–Omsk neft quvuri oʻtkazilgan. Avtoyoʻllar zichligi 53 km/ming km². 9 oliy oʻquv yurti, 2 muzey, 4 teatr, filarmoniya bor.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |