Ontogenez (yunoncha: ontos — borliq va ...genesis - rivojlanish) — organizmning individual rivojlanishi, uning shakllana boshlashidan hayotning oxirigacha sodir boʻladigan ketma-ket oʻzgarishlar majmui. "Ontogenez" terminini nemis olimi E. Gekkel (1866) fanga kiritgan. Ontogenez urugʻlangan tuxum hujayra, yaʼni zigotadan boshlanadi. Jinssiz koʻpayadigan orga-nizmlarda yangi organizm ona hujayraning boʻlinishidan (bir hujayralilarda), kurtaklanishdan yoki tugunak, ildizpoya va boshqa vegetativ organlardan (vegetativ koʻpayishda) vujudga keladi. Ontogenez organizmning xususiy rivojlanishi davomida roʻy beradigan barcha morfologik, fiziologik va funksional jarayonlarni qamrab oladigan, oʻzaro uzviy bogʻlangan miqdor va sifat oʻzgarishlari orqali amalga oshadi. Ontogenez ketma-ket keladigan bosqichlar rivojlanish davrlaridan iborat. Jinsiy koʻpayadigan organizmlarda bu bos-qichlar murtak (embrional), murtakdan keyingi, yaʼni postembrional va balogʻatga yetish davrlarini oʻz ichiga oladi. Ontogenez davomida rivojlanayotgan organizmning alohida qismlari oʻsadi, ixtisoslashadi va oʻzaro muvofiklashadi. 18-asrda Ontogenezni tushuntirishda ikki konsepsiya kurash olib bordi. Ulardan biri preformizm Ontogenezni individual oʻsishdan iborat deb tushuntirsa, ikkinchisi — epigenez esa uni strukturasiz murtakdan boshlanadigan yangi hosilaning rivojlanish jarayoni si-fatida tushuntiradi. Zamonaviy tushunchalarga binoan, Ontogenez boshlanayotgan hujayrada irsiy axborot kodi holatida organizmning bundan keyingi rivojlanishi programmasi joylashgan. Ontogenez davomida bu programma yadro bilan sitoplazmaning oʻzaro taʼsiri jarayonida murtakning har bir hujayrasida, uning har xil hujayralari va hujayra komplekslari oʻrtasida amalga oshadi. Irsiy apparat maxsus oqsil molekulalarining sintezini kodlash orqali morfogenetik jarayonlarning umumiy yoʻnalishini belgilab beradi. Bu jarayonlarning amalga oshishi ozmi-koʻpmi (irsiy belgilangan reaksiya normasi chegarasida) tashqi muhit taʼsiri bilan bogʻliq.

Ontogenez (yuqoridan pastga)

Hayvonlarda ontogenez

tahrir

Hayvonlarda ontogenez jarayonlarini boshqarishda nerv va endokrin sistemasi muhim ahamiyatga ega. ontogenez jinsiy koʻpayadigan koʻp hujayrali hayvonlarda, ayniqsa, murakkab sodir boʻladi. Ular ontogenezida Ontogenezning murtakkacha (proembrional), murtak (embrional), murtakdan keyingi (postembrional), voyaga yetgan davrlari boʻladi. Proembrional davr jinsiy hujayralarning yetilishi (gametogenez) va urugʻlanish davrini; embrional davr embrionning tuxumdan yoki embrion pardadan chiqqungacha, postembrional davr jinsiy voyaga yetgunga oʻtgan davrni, voyaga yetgan davr esa organizmning yetuklik va keksaygan holatini oʻz ichiga oladi. Hayvonlarda Ontogenezning 3 tipi maʼlum: 1) lichinkalik — tuxum poʻstidan ancha erta chiqqandan soʻng organizm lichinka holida xayot kechiradi, lichinka davri oxirida esa metamorfoz yuz beradi; 2) tuxum qoʻyuvchi — murtak uzok, vaqt tuxum ichida rivojlanadi, lichinka davri boʻlmaydi; 3) ona qornida urugʻlangan tuxum — tuxum yoʻlida rivojlanadi, bunday holatda baʼzan murtak bilan ona organizm oʻrtasida yoʻldosh orqali bogʻlanish yuz beradi. Anʼanaviy ravishda Ontogenezni embriologiya oʻrganar edi. Embriologiyadan rivojlanish biologiyasi ajralib chiqqandan soʻng embriologiyaning vazifasi murtakdan oldingi va murtak davrini oʻrganish boʻlib qoldi.

Oʻsimliklarda ontogenez

tahrir

Oʻsimliklarda Ontogenez urugʻlangan tuxum hujayraning rivojlanishidan boshlanadi. Oʻsimliklarda Ontogenezning oʻziga xos xususiyatlari jinssiz (sporofit) va jinsiy (gametofit) naslning almashinishidan iborat. Sporofit zigotadan, gametofit — unib chiqayotgan sporadan hosil boʻladi. Gulli oʻsimliklar hayotiy siklida sporofit ustunlik qiladi, erkak va urgʻochi gametofit esa qisqarib ketadi. Vegetativ koʻpayishda Ontogenez ona organizm, shu jumladan, ixtisoslashgan organlar (ildiz-meva, tugunak, piyozboshi va boshqalar) hujayralarining boʻlinishidan boshlanadi. Odatda, oʻsimliklar Ontogenezi embrionlik, yuvenil (yoshlik), yetuk, koʻpayish va qarilik davrlariga boʻlinadi. Ontogenez davrida oʻsimliklar hujayralari, toʻqimalari va organlarining strukturaviy va funksional ixtisoslashuvi yuz beradi; oʻsimliklar turli qismlarining oʻzaro taʼsiri murakkablashib boradi; yaxlit sistema sifatida butun bir organizm yoshga oid qaytmas oʻzgarishlar paydo qiladi. Ontogenezda oʻsimliklarning bir butunligi fitogormonlar, shuningdek, har xil organlar, mas, fotosintez qiluvchi organ — barglar bilan suv va mineral moddalarni shimuvchi ildiz oʻrtasida metabolitlar almashinuvi orkali taʼminlanadi. Ontogenez davomida oʻsimlik oʻsadi va rivojlanadi. Oʻsish oʻsimlikning boʻyiga ortishi, yaʼni miqsoriy oʻzgarishi boʻlsa, rivojlanish sifat oʻzgarishidan iborat. Koʻpchilik oʻsimliklar yopishib yashashi tufayli ular Ontogenezi koʻp jihatdan tashqi muhit sharoitiga bogʻliq. Oʻsimliklarda muhitning noqulay omillariga turli xil moslanishlar (tinim holati, fotoperiodizm va boshqalar) paydo boʻlgan. Shu tufayli ular faoliyatining faol davri yilning eng qulay fasliga toʻgʻri keladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil