Oqoltin tumani — Sirdaryo viloyatidagi tuman. 1971-yil 29-avgustda tashkil etilgan. Shim.dan Qirgʻiziston Respublikasi, shim.-gʻarbdan Jizzax viloyatining Mirzachoʻl, jan.-gʻarbdan Doʻstlik tumanlari, jan.dan viloyatning Sharof Rashidov, shim.-sharq, jan.-sharkdan Mirzaobod va Mehnatobod tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,57 ming km². Aholisi 51,3 ming kishi (2003).[1]

Oqoltin tumani
Акалтынский район
tuman
Tarkibida Sirdaryo viloyati
Maʼmuriy markazi Sardoba (qishloq)
Rasmiy tillar Oʻzbek
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Oqoltin tumani xaritada
40°40′12.0″N 68°52′58.8″E / 40.670000°N 68.883000°E / 40.670000; 68.883000

Oqoltin tumanida 13 ta mahall fuqarolar yigʻini (Ahillik, Boʻston, Koʻrkam diyor, Andijon, Yangi hayot, Obod, Toshkent, Yangi davr, A.Navoiy, Sahovat, Shodlik,) bor (2003). Markazi — Sardoba shaharchasi.[1]

Tabiati

tahrir

Relyefi, asosan, tekislik boʻlib, Mirzachoʻl dashtidan iborat. Tuproqlari turli xil boʻz tuproq. Baʼzi xoʻjaliklarda yer osti suvlari yuza, bu yerlarda shoʻrxok tuproqlar tarqalgan. Shoʻrlanishga qarshi ochiq va yopiq kollektorlar qurilgan. Yerlar Janubiy Mirzachoʻl kanali va Markaziy tarmoq kanalidan sugʻoriladi. Iqlimi keskin kontinental. Qishi sovuq. Kuchli sovuq shamollar esadi. Yanvarda temperatura —15°, —20°gacha pasayadi. Yozi issiq, iyulda oʻrtacha temperatura 30°. Ahyon-ahyonda garmsel esadi. Garmselga qarshi daraxtzorlar barpo qilinmoqda. Bahor seryogʻin. Mart, aprelda yillik yogʻinning 70% yogʻadi. Yovvoyi oʻsimliklardan, yantoq, shuvoq, yulgʻun, oqbosh, tuyaqorin va boshqa oʻsadi.[1]

Yovvoyi hayvonlardan boʻri, chiyaboʻri, ondatra, quyon, tulki, yumronqoziq, toshbaqa, turli xil ilonlar, kaltakesaklar; qushlardan choʻl burguti, kalxat, boyoʻgʻli, gurrak, popishak, soʻfitoʻrgʻay, bulbul, zogʻcha, togʻ maynasi va boshqa bor.[1]

Aholisi

tahrir

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, qozoq, tojik, rus, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholising oʻrtacha zichligi 1 km² ga 90 kishi (2003).

Xoʻjaligi. Paxtachilik tuman xoʻjaligining asosiy tarmogʻidir. Tumanda jami yer maydoni 36,9 ming ga dan ziyod. Shundan 19,9 ming ga yerga paxta, 14,1 ming ga yerga donli ekinlar, shuningdek, sabzavot va poliz ekinlari, beda ekiladi, mevazor, tokzor va tutzorlar bor. Krramol boqiladi, pilla yetishtiriladi. Tumanda paxta tozalash korxonasi, 22 umumiy taʼlim maktabi, 3 kollej, kutubxonalar, klublar, markaziy kasalxona, poliklinika va boshqa tibbiy muassasalar mavjud.[1]

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 "Oqoltin tumani" OʻzME. Oʻ-harfi (Wayback Machine saytida 2019-12-24 sanasida arxivlangan) Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil