Oqsil kasalligi

(Oqsimdan yoʻnaltirildi)

Oqsil kasalligi yoki Protainopatiyalar oqsim, yashchur — asosan, juft tuyoqli hayvonlarda shiddatli oʻtadigan yuqumli kasallik. Hayvonlarning ogʻiz-burun, tuyoq va yelin terisi epiteliylarida pufakchalar hosil boʻladi. O. odamlarga ham yuqishi mumkin. Kasallangan hayvonlar suti kamayadi, ozib ketadi, bola tashlaydi: 50—70% oʻladi. Oqsil kasalligi Osiyo va Afrika mamlakatlarida koʻp uchraydi.

Qoʻzgʻatuvchisi — filtrlanuvchi virus; u 1897-yil Leffler va Frosh tomonidan aniklangan. Hozirgi vaqtda immunologik xossalariga koʻra, 7 xili va koʻpgina variantlari aniqdangan. O. xili — 13, S xili — 5, SAT-1—7, CAT-2 xili — 3, SAT-3 xili —4 va Osiyo -1 xili esa 2 variantda mavjud. Viruslar tashqi muhit taʼsiriga chidamli, ajralib tushgan teri epiteliylarida 67 kun, axlat va siydikda 39 kun, muzlagan goʻshtda 680 kun, koʻlmak suvda 103 kun oʻz xususiyatini saqlaydi. Sovuq uncha taʼsir qilmaydi, yuqori haroratda tez oʻladi, oʻyuvchi ishqor va formaldegid kuchli taʼsir etadi.

Kasallik hayvondan ogʻiz, jarohatlangan teri va shilimshiq pardalar orqali yuqadi hamda 2—3 oylik buzoqlar, qoʻzilar va choʻchqa bolalarida, koʻpincha, ogʻir, epizootik yoki panzootik koʻrinishda oʻtadi.

Virus organizmga tushib, teri epiteliysida rivojlanadi va shu joyni yalligʻlantiradi; keyinchalik qonga oʻtib, septitsemiya avj oladi. Kasallikning tipik va xavfli (atipik) koʻri-nishlari bor. Tipik koʻrinishda soʻlak ajralishi kuchayadi, kavsh qaytarish susayadi va tana harorati 40,5—41,5°gacha koʻtariladi. Kasallikning 2—3 kuni ogʻiz boʻshligʻining shilimshiq pardalarida, tuyoq oraligʻi va yelin terisi epiteliysida pufakchalar vujudga keladi. Keyinchalik ular yorilib, erozi-yalar paydo boʻladi, hayvon oqsaydi, tuyogʻi tushishi mumkin. Mastitlar, en-dometritlar rivojlanadi. Yosh buzoqlarda shiddatli gastroenterit paydo boʻlib, koʻpincha, oʻlim bilan tugaydi. Xavfli koʻrinish, koʻpincha, tipik koʻrinishning davomi boʻlib, tuzala boshlashning 7—10-kunida birdaniga hayvon holati ogʻirlashadi, yurak fala-ji natijasida 20—50% hayvon oʻladi.

Kurash choralari: ogʻiz jarohatlari kaliy permanganat, furatsillin eritmalari bilan chayib turiladi. Tuyoq jarohatlari formalin eritma-si, yod nastoykasi yoki kaliy perman-ganat-streptotsid aralashmasi, yelin jarohatlari esa antiseptik mazlar bilan davolanadi.

Oldini olish: karantin eʼlon qilinadi, faol va passiv immunizatsiya tashkil etiladi, kasal hayvonlar sogʻlomlaridan ajratib davolanadi. Molxonalar har kuni dezinfeksiya qilinadi. Dezinfeksiya uchun 1% formaldegid eritmasi tavsiya etiladi. Goʻng biotermik yoʻl bilan zararsizlantiriladi. Shunday xayvonlarning goʻsht va sut mahsulotlarini qaynatib isteʼmol qilish mumkin. Odamlar Oqsil kasalligi bilan juda kam kasallanadi. Ularga Oqsil kasalligi kasal hayvonlar orqali, xom sut isteʼ-mol qilganda yuqishi mumkin.

Muhsin Hasanov, Ermuhammad Toshpoʻlatov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil