Oriylar
Oriylar — Hindistonning koʻp ming yillik tarixida uni birinchi bor istilo qilgan qabilalar. „Oriy“ soʻzi qadimiy eronzabon qabilalarning nomi boʻlib „xoʻjayin“, „aslzoda“ maʼnosini anglatgan.
Qadimgi hind manbalarida oriylarning muqaddas yurti Aryavarta haqida zikr qilinadi. Eroniy va hind-oriy qabilalari ajdodlarining keng urugʻchilik aloqalari yoki birligi, ular tilining yaqinligi, grammatik va asosiy lugʻat boyligi umumiy boʻlgani, diniy tushunchalarning bir ekanligi, shuningdek urf-odatlari, olovga topinishning oʻxshashligi diqqatga sazovor. Qadimda hindlar va eroniylar birga yashab, hind-oriy umumiyligini tashkil etganlar.
Ularning ajdodlari avvalo Markaziy Osiyo va unga qoʻshni oʻlkalarda yashaganlar degan fikr mavjud. Bu hududda yashaganlarning bir guruhi Hindistonga, boshqasi esa Gʻarbiy Osiyoga borganlar. Bu jarayon miloddan avvalgi 2-ming yillikning oʻrtalarida roʻy bergan. Baʼzi olimlar oriylarni Hindistonga ikki yoʻl orqali, yaʼni Kavkaz va Markaziy Osiyo orqali oʻtishi mumkinligini taxmin qiladilar. Bu jarayon bir necha yuz yillar mobaynida roʻy bergan.
Oʻsha davrda mahalliy qabilalar bilan harbiy toʻqnashuvlar, oriy qabilalarning ichida ham oʻzaro nizolar boʻlib turgan. Hind-oriylarning Hindistonda mahalliy aholi bilan assimilyasiya jarayoni va oriylarning Sharqqa harakati tezroq kechgan. Oriylar mahalliy qabilalarning ijtimoiy, siyosiy tizimiga maʼlum darajada oʻzgartirishlar kiritgan, oʻz navbatida, hindlarning diniy tushunchalari ham hind-oriylarga oʻz taʼsirini koʻrsatgan. Asta-sekin hind-oriy va mahalliy qabila yutuqlarini mujassamlashtirgan, Shimoliy hamda Sharqiy Hindistonning anchagina aholisi uchun umumiy boʻlib qolgan yangi madaniyat vujudga kelgan.
Adabiyot
tahrir- Temur Gʻiyosov, „Qadimgi Hindiston tarixi“, Toshkent, 2000;
- Bongard — Levin G. M., Ilin G. F., „Drevnyaya Indiya“, Moskva, 1969;
- „Indiya v drevnosti“, Moskva, 1985.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |