Oslo (1624—1924-yillarda Kristia-niya) — Norvegiya poytaxti. Osloford sohilida, 300–400 m balandlikda. Iqlimi moʻʼtadil. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi —5° gacha, iyulniki 16°. Yillik yogʻin 677 mm. Aholisi 507,4 ming kishi (2000). Shaharga 1048-yilda asos solingan. 13-asr oxiri — 1380-yillarda Norvegiya qirollarining qarorgohi. 1572-yildan Daniyaga karashli Norvegiyaning maʼmuriy markazi. 1624-yilgi yongʻindan keyin shahar eski oʻrnidan nariroqda qayta qurilgan va Kristianiya deb nomlangan. 1924-yildan O. deb atala boshladi. 1814-yildan mamlakat poytaxti. 1940-yil 9-apreldan 1945-yil 8-maygacha shaharni nemis fashistlari qoʻshini okkupatsiya qilib turgan.

Oslo shaharlar

Oslo — Norvegiyaning eng katta iqtisodiy va madaniy markazi, yirik dengiz porti. Port orqali mamlakat tashqi savdo yuklarining 1/3 qismi oʻtadi. Temir yoʻl tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Oslo va uning atrofidagi korxonalar Norvegiyada ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining 25%ni beradi. Mashinasozlik va metallsozlik sanoati tarmoqlari rivojlangan. Energetika va kema taʼmirlash, elektrotexnika va radioelektronika, metallurgiya, yogʻochsozlik, toʻqimachilik, poligrafiya, oziq-ovqat va boshqa sanoat korxonalari bor.

Meʼmoriy yodgorliklardan Qirol saroyi, sobor, Milliy teatr va universitet binolari, ratusha va boshqa saqlangan. Metropoliten qurilgan. Shaharda bogʻ koʻp. Universitet (1811), konservatoriya, drama va opera teatrlari, Norvegiya fanlar akademiyasi, muzeylar, Milliy galereya bor. Bogdyo yarim oroldagi muzeyda F. Nansen va R. Amundsenlarning "Fram" kemasi, T. Xeyerdalning "KonTiki" soli saqlanmoqda. Oslo changʻi sporti markazlaridan. 1952-yilda shaharda 6-qishki Olimpiada boʻlib oʻtgan.[1]

Havolalar

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil