Hayz
Hayz, hayz sikli, oy koʻrish yoki menstruatsiya — balogʻatga yetgan qiz bolada va bola tugʻish yoshidagi ayollarda har 26—29 kunda, baʼzan 21—24 kunda (qisqa sikl) sodir boʻladigan biologik jarayon; hayz siklida asosan tuxumdon va bachadonda oʻzgarish roʻy berib, bachadondan maʼlum miqdorda qon ketadi. Hayz koʻrish markaziy nerv sistemasi (bosh miya poʻstlogʻi, gipotalamus, gipofiz) tomonidan boshqariladi.
Gipotalamus — bosh miyaning asosiy qismi, ichki aʼzolar ishini boshqarib, tartibga solib turadi, u ajratgan neyrogormonlar gipofiz funksiyasini kuchaytiradi. Gipofiz ham, oʻz navbatida, ichki sekretsiya bezlari, xususan jinsiy bezlar (tuxumdon) funksiyasini kuchaytiradigan gormon ishlab chiqaradi. Tuxumdonda gipofizdan ajraladigan gormonlar taʼsirida tuxumhujayrali follikula (Graaf pufakchasi) oʻsadi va rivojlanadi. Follikula yetilayotganida bachadonga bevosita taʼsir etadigan maxsus jinsiy gormonlar (estrogenlar) ajratadi. Follikula yetilgach yorilib. undan yetilgan tuxumhujayra chiqishiga ovulyasiya jarayoni deyiladi. Yorilgan follikula oʻrnida sariq tana — ichki sekretsiya bezi hosil boʻladi; sariq tanadan progesteron ajraladi.
Progesteron va estrogenlar taʼsirida bachadon shilliq qavati qalinlashadi, uning qon tomirlari kengayib. qon bilan toʻladi. Agar ayolning boʻyida boʻlmasa, sariq tana nobud boʻladi, bachadon shilliq qavatining funksional qismi parchalanib koʻchadi va hayz koʻriladi. Keyinchalik shilliq qavat yuzasi astasekin bitib, asli holiga keladi. Shunday qilib, tuxum-hujayra yetilishi davriy ravishda (har 21—25 kun, koʻproq 28 kunda) takrorlanib turadi.
Qiz bolaning birinchi hayz koʻrishi, unda ikkilamchi jinsiy belgilar (mas, koʻkrak bezi toʻlishib, qov usti va qoʻltiqda tuk oʻsishi va boshqalar) yetilganidan keyin boshlanadi (qarang Balogʻatga yetish). Birinchi hayz qoʻrish muddati qiz bolaning sogʻligʻi va turmush tarziga, shuningdek, turar joyi va iqlimga bogʻliqQizlarning hayz koʻrishi kechiksa (15— 16 yoshgacha), albatta, ayollar maslahatxonasiga uchrashishi va tegishli maslahat olishi lozim. Oylik qon kelishi ayol organizmining (qiz bolaning) xususiyatlariga bogʻliq. Hayz koʻrish muddati boshida oʻzgaruvchan boʻlib, keyinchalik aniq bir vaqtga toʻgri keladi. Koʻpchilik ayollarda hayz maʼlum kunlarda boshlanib, doim bir tekis, ogʻriqsiz kechadi, ayolning umumiy ahvoli deyarli oʻzgarmaydi, ular odatdagi yumushlarini bajaraverishlari mumkin, ammo ortiqcha toliqmasliklari, jismonan zoʻriqmasliklari, gigiyena qoidalariga rioya qilishlari kerak. Hayz koʻrish vaqtida baʼzi ayollarning kayfiyati buzilib turadi, boʻshashadi, sut bezlari dagʻallashadi. Hayz koʻrish siklining oʻzgarishi organizmda biror-bir kasallik borligidan dalolat beradi. Shuning uchun har bir ayol maxsus hayz kalendari (oynomasi) tuzishi va unga hayz kuni, muddati va boshqa maʼlumotlarni muntazam qayd qilib borishi lozim, shunday qilinsa, hayz koʻrish siklining buzilishini oʻz vaqtida aniqtash mumkin. Homiladorlik va baʼzan bola emizish davrida ayol hayz koʻrmaydi. Ayolning boʻyida boʻlmagan davrida qon koʻrmay qolishi (amenoreya) yoki ahyonda bir oz qon kelishi (gipomenstrual sindrom), bir necha kun koʻp qon kelishi (menorragiya), uning ogʻrikli boʻlishi (algomenoreya), shuningdek, hayz qonidan tashqari bachadondan qon ketishi (metrorragiya) biror kasallikdan darak beradi, uni oʻz vaqtida anikdab davolash talab etiladi. Bundan tashqari, ayrim ayollarda hayz koʻrish oldi holati kuzatiladi; bunda ayol boʻshashadi, kayfiyati oʻzgaradi, sut bezlari dagʻallashadi, boshi aylanadi, uyqusi buziladi, yuragi oʻynaydi, baʼzan yurak sohasida ogʻriq paydo boʻladi. Ayol organizmining normal funksional holati turmush tarzining bekamu koʻst boʻlishiga, qizlarni yoshligidan boshlab toʻgri tarbiyalash va parvarish qilishga bogʻliq. Bu gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilish, organizmni chiniqtirish, yaxshi ovqatlanish, mehnat va dam olishni toʻgʻri yoʻlgaqoʻyish, jismoniy mashqlarni bajarish, infeksion kasalliklardan saqlanish, agar kasallik roʻy bergudek boʻlsa, oʻz vaqtida davolatishdan iborat. Shuni nazarda tutish kerakki, qiz bola organizmi hayz koʻrguncha unga asta-sekin tayyorlanib boradi, bunda organizmning bir-biri bilan bogʻliq boʻlgan aʼzo va sistemalari (ichki sekretsiya bezlari, yurak-tomir, nerv sistemasi va hokazo) ishtirok etadi, bu murakkab jarayonning hammasi hayz siklining normal kechishida muhim rol oʻynaydi. Qiz bola organizmi balogʻatga yetish davrida hissiyotga toʻla, turli noxush omillarga nisbatan oʻta taʼsirchan boʻladi.
Asabiy va ruhiy buzilishlar, turmushdagi noxushliklar, jismoniy va aqliy jihatdan toliqish, shuningdek, ayrim infeksion kasalliklar hayz siklining buzilishiga sabab boʻlishi mumkin. Shuning uchun bu davrda qiz bola bilan nihoyatda ehtiyot boʻlib muomala qilish, janjallashmaslik, oʻta toliqishga yoʻl qoʻymaslik zarur. Qizlar birinchi bor hayz koʻrganida (bu haqda, tasavvurga ega boʻlmasa) juda hayajonlanadi. Shuning uchun qiz bolani hayz koʻrishiga oldindan tayyorlab borish lozim. Hayz funksiyasining buzilishi va boshqa ginekologik kasalliklarning oldini olishda hayz koʻrish vaqtidagi gigiyena qoidalariga amal qilish zarur. Vanna qilish, choʻmilish tavsiya etilmaydi, gigiyenik dush qabul qilish mumkin. Jismonan zoʻriqtiradigan mashqlar bilan shugʻullanmaslik kerak.[1]
Manbalar
tahrirHavolalar
tahrirVikiomborda Hayz haqida turkum mavjud |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |