Paxta
Paxta, chigitli paxta — gʻoʻzaning tola va chigitdan iborat asosiy mahsuloti. Paxta tozalash korxonasida paxtaga dastlabki ishlov berish jarayonida chigitdan, avval toʻqimachilik sanoatining ehtiyoji uchun asosiy mahsulot — tola (uzunligi 20 mm dan uzun) ajratib olinadi. Shuning uchun butun dunyoda paxta tolaning sifatiga qarab baholanadi. Keyin chigitdan kimyo va mahalliy sanoat korxonalarida qoʻllaniladigan lint (momiq) (uzunligi 20 mm dan kam) olinadi. Texnologik uskunalarda paxtani qayta ishlash va tolani tozalash jarayonida oʻlik (pishib yetilmagan kalta tolali puch chigit, chigallashgan tolalar) va kalta paxta momigʻi (uzunligi 5,0 mm dan kam) chiqadi. Paxtada 30— 35% tola va 50—55% chigit (chigitida 24—29% moy), 2—3% oʻlik tola, 3— 5% kalta momiq boʻladi. Gʻoʻzaning seleksion navi va tolaning yoʻgʻon-ingichkaligiga qarab paxta oʻrta tolali va uzun tolali turlarga boʻlinadi. Paxta qoʻlda va mashina bilan teriladi. Paxta tolasi pishib yetilganlik koeffitsiyenti hamda tashqi koʻrinishi, rangi boʻyicha 5 sanoat naviga va iflos aralashmalarning miqdori hamda namligiga qarab 3 sinfga boʻlinadi.
Paxta navi tashqi koʻrinish namunasi — paxtaning standart namunalariga solishtirib (klasser usulida), bu usul qanoatlanarli boʻlmasa, laboratoriya usulida pishib yetilganlik koeffitsiyenti boʻyicha aniqlanadi.
Toʻqimachilik, yogʻ-moy, gidroliz, kimyo sanoati va xalq xoʻjaligining boshqa tarmoqlari uchun xom ashyo boʻlib xizmat qiladi (qarang: Paxta tolasi)[1].
Tarixi
tahrirPaxta eng qadimiy yigiruv ekinlaridan biridir. Inson aynan qachondan paxta tolasini birinchi marta ishlata boshlanganligi aniqlanmagan. Taxminan paxta Hind vodiylarida 7000 yil (m.a.V asr) muqaddam mavjud bo‘lgan. paxta yetishtirish Hindiston va Pokistonning Indus vodiysida boshlangan, keyinchalik Afrika, Arabiston, Suriya va Osiyo bo‘ylab tarqalgan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Oʻrta Osiyoda paxtachilik madaniyati VI—VII asrlardan boshlab mavjud. Oʻrta Osiyo koʻplab mamlakatlar bilan keng va jonli savdo-sotiq olib borgan. Gʻarbdan Kichik Osiyo va Xitoyga karvonlar oʻtish darvozasi boʻlgan. Oʻrta Osiyoga boshqa mamlakatlardan paxta chigiti shu yoʻl bilan kelgan. X asrda kelib Zarafshon vodiysi va Marv vohasida paxtachilik keng rivojlangan, yuqori sifatli paxta matolari ishlab chiqarilib, Samarqand, Buxoro bozorlarida sotilgan. XIX asrga kelib Oʻrta Osiyo Chor Rossiyasi mustamlakasiga aylandi va Oʻzbekiston paxtani Rossiyaga yetkazib berila boshladi. Paxtani Rossiyaga yetkazib berish uchun temir yoʻllar qurildi[2].
Etimologiyasi
tahrirBu ot tojikcha boʻlib, goʻza oʻsimligining chigitga yopishib hosil boʻladigan oppoq yumshoq tolali mahsuloti maʼnosini anglatadi. (ТжРС, 302 : OʻTIL, I, 580). Bu otdan oʻzbek tilida -chilik qoʻshimchasi bilan paxtachilik mavhum oti yasalgan[3].
Yetishtirilishi
tahrirKoʻsak pishganda uning boʻlaklari – chanoqlarining yuqori qismi bir-biridan ajraladi (koʻsak ochiladi) va paxta qoʻl yoki mashinada terib olinadi. Uning chigitdan ajratilgan tolasi uzunligi 20-36 mm dan (oʻrta tolali g‘oʻzada); 37-42 mm gacha (ingichka tolali g‘oʻzada); 20 mm dan qisqasi lint (momiq) deb ataladi[4].
Ipak paxta va paxta tozalash
tahrirIpak paxta — tolasi ingichka, uzun va pishiq paxta. Paxta tozalash: 1) paxtani xas-xashak, chang-toʻzondan tozalash; 2) paxtani chigitdan ayirish; Chigitdan ajratilgan shu mahsulot „momiq“ deyiladi[5].
Paxtachilik
tahrirPaxtachilik – dehqonchilikning toʻqimachilik va boshqa sanoat tarmoqlari uchun eng qimmatli xom ashyo boʻlmish paxta yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi tarmog‘i. Paxtachilik Hindiston, Xitoy, Eron, Peru va Meksika kabi mamlakatlarning eng qadimiy dehqonchilik tarmoqlaridan biridir. Oʻrta Osiyodagi Sovet respublikalari ham eng qadimgi paxtachilik rayonlaridan hisoblanadi. SSSRda paxta, asosan, Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, qisman Ozarbayjon, Armaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonning janubiy tumanlarida ekiladi. Bular ichida Oʻzbekiston yalpi hosil va paxta maydoni jihatidan birinchi oʻrinda turadi. Paxta yana AQSh, Braziliya, Meksika, MAR, Pokiston, Turkiya, Afg‘oniston hamda Osiyo, Afrika, Amerika, Avstraliya va Yevropadagi ayrim mamlakatlarda yetishtiriladi[6].
Paxta ramzlarda
tahrirPaxta ramzi Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Pokiston, Indoneziya, Shimoliy Makedoniya, Angola, Tanzaniya, Uganda kabi davlatlarning gerb yoki bayroqlarida bor. Paxta Oʻzbekistonning oltin bilan teng milliy boyligi boʻlgani uchun ,,Oq oltin” nomini olgan.
Paxta yetishtirish
tahrirPaxta yumshoq tola boʻlib, gʻoʻza (Gossypium) oʻsimligi urugʻlari atrofida oʻsadi. Paxta deyarli butunlay sellyulozadan iborat.
Paxta asosan tropik va suptropik iqlimda yetishtiriladi. Yovvoyi paxta navlari xilma-xilligi ayniqsa Meksika, Avstraliya va Afrikada yuqori[7].
Paxta tolasidan ip eshiladi, gazlama tayyorlanadi. Paxta matolar qadimdan maʼlum: Meksika va Pokistonda eramizdan avvalgi 5000-yillarga oid paxta gazlamalar topilgan.
Bugungi kunda dunyo boʻylab yiliga 25 million tonnagacha paxta yetishtiriladi, paxta uchun sugʻoriladigan yerlarning 2,5%i ajratilgan. Xitoy paxta yetishtirish boʻyicha birinchi oʻrinda turadi[8].
Eng koʻp paxta yetishtiruvchi mamlakatlar
tahrir
|
|
Manbalar
tahrir- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ M. Atyemev. Imperiyaning paxtasi va nefti (rus tilida). Forbes, 2021.
- ↑ Sh.Rahmatullayev. Oʻzbek tilining etimologik lug’ati. III jild. Universitet, 2009 — 187-bet.
- ↑ Ensiklopedik lugʻat. OʻzSE bosh redaksiyasi, 1988.
- ↑ Oʻzbek tilining izohli lugʻati, 2006.
- ↑ S.Muhamadxonov, F.Jongurazov. O‘simlikshunoslikka oid ruscha-o‘zbekcha izohli lug‘at. Mehnat, 1989 — 278-bet.
- ↑ The Biology of Gossypium hirsutum L. and Gossypium barbadense L. (cotton). ogtr.gov.au
- ↑ "Natural fibres: Cotton" (Wayback Machine saytida 3-sentabr 2011-yil sanasida arxivlangan), International Year of Natural Fibres
Vikiomborda Paxta haqida turkum mavjud |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |