Paxtachi tumani
Paxtachi tumani — Oʻzbekiston Respublikasi Samarqand viloyati tarkibidagi tuman. 1935-yil 9-fevralda Narpay tumani hududining bir qismida Paxtakor tumani nomi bilan tashkil qilingan. 1963-yilda yana Narpay tumaniga qoʻshilgan. 1973-yil 12-aprelda Paxtachi tumani nomi bilan yana Narpay tumanidan alohida tuman qilib ajratildi. Sharqdan Narpay tumani, shimoliy, shimoliy -gʻarb va gʻarbdan Navoiy viloyatining Xatirchi, Navoiy, Navbahor tumanlari, janubdan Nurobod tumani bilan chegaradosh. Maydoni 1,37 ming km². Aholisi 114,6 ming nafar kishi (2003). Paxtachi tumanida 1 ta shaharcha (Ziyovuddin), 8 ta qishloq fuqarolari yigʻini (Misit, Poʻlatchi, Sultonobod, Xayrobod, Xumor, Qarnob, Quyiboq, Gʻalaba) bor. Markazi — Ziyovuddin shaharchasi.
tuman | |
---|---|
Tarkibida | Samarqand viloyati |
Maʼmuriy markazi | Ziyodin |
Rasmiy tillar | Oʻzbek |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Xaritada | |
40°1′47″N 65°39′59″E / 40.02972°N 65.66639°E |
Tabiati. Tuman viloyatning gʻarbiy qismida joylashgan: Zarafshon tizmasining davomi boʻlgan Zirabuloq va Ziyovuddin togʻlari tuman hududini ikki qismga —sugʻorilmaydigan keng Qarnob choʻliga va shimoliy — Zarafshon vodiysining sugʻoriladigan chap sohili tekisligiga ajratib turadi. Tumanning shimoliy qismidan (sharqdan gʻarbga tomon) Zarafshon daryosi oqib oʻtadi. Uning oʻzani ancha past boʻlganligidan suv chiqarish qiyin. Ekinlarni sugʻorishda Narpay kanalidan foydalaniladi. Kanalning 370 dan ortiq shoxobchasi bor. Tumanning dasht qismida kanal suvi nasoslar yordamida yuqoriga koʻtariladi. Iqlimi keskin kontinental. Yiliga 230-250 mm yogʻin yogʻadi. Bahor iliq va seryogʻin. Yozda harorat 42—45°ga yetadi. Iyulning oʻrtacha harorati 28°. Yanvarning oʻrtacha harorati —G, ayrim kunlari sovuq —30°gacha yetadi. Tuproqlari, asosan, boʻz tuproqlardan iborat. Baʼzi joylarda shoʻrxok, qumoq yoki gilli boʻz tuproqlar uchraydi. Zarafshon daryosi qayirida yer osti suvlari yuza boʻlgani uchun katta-katta maydonlarda allyuvial jinslar ustida botqoq-oʻtloq tuproqlar paydo boʻlgan. Yovvoyi oʻsimliklardan Qarnob choʻlida saksovul, efemer va efemeroidlar uchraydi, shuvoq, shoʻra, qiyoq, qoʻngʻirbosh, sariq gulli beda, chayir, lolaqizgʻaldoq, tuyaqorin, yantoq, Zarafshon daryosi toʻqaylarida turli oʻsimliklar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan toʻqaylarda, Ziyovuddin va Zirabuloq togʻlarida tolay tovushqoni, jayra, jayran, qobon, tulki, chiyaboʻri, yumronqoziq, dala sichqoni, kalamush, ondatra va boshqa sut emizuvchilar; qushlardan qirgʻovul, oʻtkinchi yovvoyi oʻrdaklar, koʻkqoʻton, laylak, toʻqay chumchuqlari, chittak, mayna, jarqaldir-gʻoch, koʻkqargʻa, kaptar, zagʻizgʻon, boyoʻgʼli, soʻfitoʻrgʻay, kaklik va boshqa, suv havzalarida har xil baliqlar bor. Chayon, turli hasharotlar, suvilonlar, kaltakesaklar, toshbaqa va boshqa uchraydi.
Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, rus, tatar, qozoq, tojik, koreys, qirgʻiz, ukrain va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 84 nafar kishi. Shaharliklar 13,3 ming nafar kishi, qishloq aholisi 101,3 ming nafar kishi.
Xoʻjaligi. Tuman xoʻjaligi, asosan, qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan. Sanoat, transport, aloqa korxonalari mavjud. Tumanda paxtachilik, gʻallachilik, sabzavotchilik, polizchilik, chorvachilik va pillachilik bilan shugʻullaniladi. 1 ta qoʻshma korxona, 22 ta kichik korxona, 14 ta aksiyadorlik jamiyati, 15 ta qurilish korxonasi, xususiy doʻkon va korxonalar, 6 ta savdo tashkiloti, 223 ta maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchasi mavjud (2003).
Qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmogʻi — paxtachilik. Qishloq xoʻjaligida sugʻoriladigan yerlarga paxta, don, poliz, sabzavot, beda, yem-xashak ekinlari ekiladi. Paxtachi tumanida 14 ta shirkat xoʻjaligi, 645 ta dehqon-fermer xoʻjaliklari bor.
Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida qoramol, qoʻy va echki, ot, parranda boqiladi. Paxtachi tumanida 47 ta umumiy taʼlim maktabi (25,3 ming nafar oʻquvchi), 3 ta kasb-hunar kolleji (1800 nafar talaba), 45 ta kutubxona, 17 ta madaniyat uyi, 8 ta stadion, 43 ta sport maydonchalari mavjud. 4 ta kasalxonada 125 nafar vrach, 250 nafar oʻrta tibbiy xodim ishlaydi. Tuman aholisiga 13 ta qishloq vrachlik, 39 ta feldsher-akusherlik punktlari, 12 ta qishloq davolash ambulatoriyalari, 19 ta dorixona xizmat koʻrsatadi.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |