O‘yindan keyingi penaltilar seriyasi (rasmiy ravishda – penaltidan zarbalar berish) – futbol o‘yini qoidalariga muvofiq, o‘yin asosiy va qo‘shimcha vaqtlarda teng hisobda yakunlansa, g‘olibni aniqlash imkonini beruvchi amaliyotlardan biri.

Filipp Lam  2012-yilgi Chempionlar Ligasi finalida penalti tepmoqda.

Umumiy holat

tahrir

O‘yinning asosiy va qo‘shimcha vaqtlarida hisob durang natija bilan yakunlansa, g‘olibni aniqlash maqsadida o‘yin reglamentiga muvofiq penaltilar seriyasi belgilanadi.

FIFA reytingini hisoblashda 11 metrlik zarbalar seriyasi (penaltilar seriyasi)da g‘alaba qozonganda jamoaga o‘yin natijasi uchun – 0,75 ochko (asosiy yoki qo‘shimcha vaqtda qozonilgan g‘alaba uchun – 1 ochko), mag‘lubiyat uchun – 0,5 ochko (durang uchun ham bir xil ochko beriladi; o‘yindagi mag‘lubiyat uchun esa – 0 ochko beriladi) beriladi. Bunday holda agar jamoalardan birining g‘alabasi bilan yakunlangan ikki o‘yinli uchrashuvning ikkinchi o‘yinidan keyin penaltilar seriyasi tayinlangan bo‘lsa, ochkolar oddiy o‘yindagi kabi beriladi, penaltilar inobatga olinmaydi.

Jarayon

tahrir
  • Hakam penaltilar seriyasi amalga oshiriladigan darvozani tanlaydi. Penaltini amalga oshirish paytida zarbani bekor qilishga faqat maydon yuzasi yoki darvoza yaroqsiz holga kelgan taqdirdagina ruxsat etiladi.
  • Har ikki jamoa sardorlari o‘zaro qur’a tashlashadi va g‘olib chiqqan tomon birinchi bo‘lib to‘pni darvoza tomon yo‘llaydi.
  • Penaltilar seriyasida zarbalarni faqat o‘yin oxirida maydonda harakatlangan o‘yinchilar amalga oshirishi mumkin (jarohatlangan darvozabonni almashtirish bundan mustasno).
  • Agar jamoa raqib jamoaga qaraganda ko‘proq o‘yinchi ishtirokida (jarohatlar yoki diskvalifikatsiyalar tufayli) o‘yinni yakunlagan bo‘lsa, raqib futbolchilari sonini tenglashtirish maqsadida o‘yinchilar sonini kamaytirish talab etiladi. Jamoa sardori hakamga zarba berish huquqidan mahrum bo‘lgan har bir o‘yinchining ismi va raqamini ma’lum qilishi lozim. Agar zarbalarni bajarish paytida tarkib a’zolarining tengligi buzilgan bo‘lsa, jamoa a’zolari sonini tenglashtirish ishlari amalga oshirilmaydi.
  • Agar jamoalardan birida 7 nafardan kam o‘yinchi qolsa, zarbalar davom ettiriladi.
  • Barcha zarbalar turli o‘yinchilar tomonidan amalga oshiriladi. O‘yinchi faqat o‘z jamoasidagi barcha munosib o‘yinchilar (shu jumladan, darvozabon ham) tomonidan zarbalar amalga oshirilgandan keyin qayta zarba berish huquqiga ega bo‘lishi mumkin. Takroriy zarbalar bilan ularni bajaradigan o‘yinchilarning ketma-ketligi turlicha bo‘lishi mumkin.
  • Penaltilarni amalga oshirish vaqtida maydonda faqat penalti tepadigan o‘yinchilar va hakamlar bo‘lishadi.
  • Penalti tepuvchi va raqib darvozabonidan boshqa barcha o‘yinchilar maydon markazidagi aylanada turishi lozim. Jamoadoshi zarba berayotgan guruh darvozaboni jarima maydonchasi tashqarisi – zarba berilayotgan jarima maydonchasi chegara chizig‘iga qo‘shillish joyida turishi mumkin.
  • Ikkala jamoa ham navbatma-navbat penalti tepishadi.
  • Penaltilar xuddi o‘yin davomidagi 11 metrlik jarima zarbasi sifatida amalga oshiriladi. To‘p 11 metrlik jarima nuqtasiga joylashtiriladi. Darvozabon esa darvoza chizig‘i ustidan joy oladi va zarba yo‘llanishidan oldin darvozani tark etishga haqli emas (garchi u ushbu chiziq bo‘ylab harakatlana olsa ham).
  • To‘pga faqat zarba beruvchi va boshqa jamoaning darvozaboni tegishi mumkin.
  • Agar to‘p zarbadan so‘ng darvozabon yoki darvoza ustinining biror-bir qismiga tegib sakrab ketishi natijasida darvozaga kirsa gol hisoblanadi.
  • Ikkala jamoa ham beshtadan zarba yo‘llaydi (quyidagi holatlar bundan mustasno). Ko‘p gol urgan jamoa o‘yinda g‘alaba qozonadi .
  • Agar qaysidir jamoa beshta zarbadan keyin ikkinchi jamoadan ko‘proq gol urgan bo‘lsa (masalan, agar ikkala jamoa 3 ta zarbani amalga oshirgandan so‘ng hisob 3:1 bo‘lsa va g‘olib jamoaning o‘yinchisi to‘pni muvaffaqiyatli oshirgan bo‘lsa), 4-chi penalti amalga oshiriladi va  darvoza tomon zarba berish to‘xtatiladi. (Yutqazgan jamoa ko‘pi bilan 2 ta gol urgan bo‘lardi).
  • Agar beshta zarbani amalga oshirgandan so‘ng ikkala jamoa ham bir xil natijani qayd etsa, masalan, hisob teng bo‘lsa yoki hech qanday gol urilmasa, penaltilar seriyasi har bir jamoa teng miqdordagi zarbalar bo‘yicha yana bitta gol urilgunga qadar davom etadi (,,Tezkor o‘lim qoidasi”).
  • Zarbani qabul qilib olish jarayonida darvozabon jarohat olsa, jamoaning o‘sha uchrashuvdagi o‘yinchi almashtirishlar bo‘yicha limitiga e’tibor beriladi. Agar o‘yinchi almashtirish huquqi to‘liq bajarilmagan bo‘lsa, darvozabon penalti tepadigan futbolchilardan biri bilan almashtirilishi mumkin. Boshqa jarohat olgan futbolchilarni almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
  • Penalti tepish huquqiga ega bo‘lgan har qanday o‘yinchi istalgan vaqtda darvozabon bilan o‘rnini o‘zgartirishi mumkin. Agar darvozabon chetlatilsa, uning o‘rnini ham zarba berish huquqiga ega bo‘lgan o‘yinchilardan biri egallaydi[1].

Tarixi

tahrir
 
Karl Vald

Isroil jamoasi 1968-yilgi Olimpiada o‘yinlarining chorak final uchrashuvida Bolgariya terma jamoasiga qur’a bo‘yicha mag‘lub bo‘lganidan keyin isroillik Yosef Dagan zamonaviy penaltilar tizimini ishlab chiqadi. Keyinchalik Isroil futbol assotsiatsiyasining prezidenti bo‘lgan Maykl Almog 1969-yil avgust oyida FIFA News nashrida chop etilgan maktubida Daganning taklifini bayon qilgan . 2006-yilda Deutsche Presse-Agentur  agentligi Frankfurt-na-Mayn shahri sobiq hakami Karl Vald 1970-yilda Bavariya futbol assotsiatsiyasiga penaltilar seriyasini taklif qilgani haqida ma’lum qilgan[2] .

1970-yillar boshiga qadar, quyi liga jamoalari orasidagi o‘yinda durang qayd etilgan taqdirda, takroriy o‘yin o‘tkazilgan yoki jamoalar taqdiri qur’a–hakam tomonidan uloqtirilgan tanga yordamida aniqlangan. SSSR terma jamoasi Italiya bilan 0:0 hisobida yakunlangan yarim final o‘yinidan keyin 1968-yilgi Yevropa kubogidan chiqib ketgan. 1973-yilda SSSR chempionatida o‘yin durang bilan yakunlangan taqdirda penaltilar seriyasi qo‘llanilgan. G‘olib 1, mag‘lub jamoa esa 0 ochko olgan. Bu yangilik Minskning ,,Dinamo”siga katta ligaga yo‘llanmani taqdim etgan. ,,Karpati” (Lvov) oddiy to‘purarlik tartibida quyi ligaga tushib ketgan bo‘lardi.

Rekordlar

tahrir
  • 2014/15-yilgi Chempionlar ligasi saralash bosqichining pley-off o‘yinida ,,Ludogorets” va ,,Styaua” o‘rtasidagi o‘yinda noyob holat yuz bergan: ,,Ludogorets” darvozaboni maydondan chetlatilganidan so‘ng, maydon o‘yinchisi Kosmin Motsi darvozadan joy oladi. Uchrashuv penaltilar seriyasiga qadar davom etgan, bu vaqtda Motsi bitta penaltini o‘tkazib yuborgan, biroq ikkitasini qaytargan. Penaltilar seriyasi natijasiga ko‘ra, ,,Ludogorets” 6:5[3] hisobida g‘alaba qozongan.
  • Kot-d’Ivuar terma jamoasi o‘z tarixida ikki marta Afrika Millatlar kubogini qo‘lga kiritgan va har ikki safar finalda Gana termasiga qarshi juda uzoq davom etgan penaltilar seriyasida g‘alaba qozongan. Shunday qilib, 1992-yilda jamoalar 24 ta penalti tepishgan (chempionlar foydasiga 11:10). Oradan 23 yil o‘tib, 2015-yilda Kot-d’Ivuar jamoasi darvozaboni tomonidan amalga oshirilgan 22-zarba bilan seriya to‘xtatilgan ( 9:8).
  • 26-may kuni bo‘lib o‘tgan Yevropa Ligasi 2020/21 finalida ,,Vilyarreal” va ,,Manchester Yunayted” 22 ta penalti tepishgan (11:10 Ispaniya jamoasi foydasiga). Oxirgi penaltini jamoalar darvozaboni amalga oshirgan, ,,Vilyarreal” darvozaboni hamkasbining zarbasini qaytarishga muvaffaq bo‘lgan.

Manbalar

tahrir
  1. Ben Lyttleton. Twelve Yards: The Art and Psychology of the Perfect Penalty Kick. — Penguin, 2015-07-28. — 305 с. — ISBN 978-0-698-18837-2.
  2. „Der Vater des Elfmeterschießens“ (de). stern.de. 2013-yil 4-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 4-iyun.

Havolalar

tahrir