Peridotit — oʻta asosli intruziv togʻ jinsi. Tarkibi, asosan, olivin (40—90%), piroksen, baʼzan shox al-damchisidan iborat. P.da kremnezyom miqdori SiO2 44% dan oshmaydi. Shuningdek, ikkinchi darajali mineral sifatida magnetit, ilmenit, pirrotin, xromit, shpinel, granat va boshqa, baʼzan platina hamda ayrim nikel minerallari uchraydi. P. burmalangan mintaqalarda oʻta asosli va asosli togʻ jinslari bilan birgalikda hamda alo-hida massivlar holida uchraydi. P. yuqori mantiyaning asosiy qismini tashkil etuvchi togʻ jinsidir. Hozirgi tasavvurlarga koʻra, P.ning barcha turlari mantiyadagi oʻta asosli magmaning mahsulidir. Baʼzan P. bazalt magmasi differensiatsiyalanishining mahsuli boʻlib, gabbro massivlarining chekka fatsiyalarini tashkil qiladi. P. toʻq rangli jins, koʻpincha yashil yoki yashil kulrang boʻladi. Ayrim paytda olivin va piroksenlar kuchli serpentinlashib, P. zmeyevikka aylanadi. P.ning garsburgit (saksonit), verlit, vebsterit (lersolit) kabi turlari mavjud. P. boshqa oʻta asosli va asosli togʻ jinslari bilan birga katta masofaga choʻzilgan mintaqa va zonalar hosil qiladi. Bunday joylarda xromit, platina va silikatli nikel ru-dalari, xrizotil-asbest, talk va boshqa foydali qazilma konlari uchraydi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil