Peyzaj
Peyzaj (frans. paysage — mamlakat, joy) —1) rassomlik (rangtasvir, grafika) va haykaltaroshlik (relyef)da tabiatni aks ettiruvchi janr yoki shu janrda yaratilgan alohida asar (qarang Mantra); 2)adabiyotda — badiiy soʻz vositasidagi tabiat tasviri, ifodasi. Peyzaj yozuvchining oʻz asarida tanlagan ifoda usuli va ijodiy uslubi bilan bogʻliq holda turlicha vazifalarni bajarishi mumkin. Tabiat manzarasi tasviri orqali yozuvchi oʻzining yurtiga, Vataniga, ona tabiatga boʻlgan munosabatini ifodalaydi. Tabiat tasviri syujetning tarkibiy qismlaridan biri boʻlib, asarning gʻoyaviy-estetik quvvatini oshirish, syujet rivojini tezlatish yoki sekinlatish, qahramonning ichki dunyosini ochish kabi vazifalarni ba-jaradi. Bu bilan peyzaj badiiy asarda ishtirok etuvchi personajlarni yanada toʻlaqonli ifodalashga yordam beradi. Badiiy asarda peyzajdan 2 xil usulda foydalaniladi: qahramonning ruhiy holatini tabiat tasviri bilan parallel ravishda tasvirlash va qarama-qarshi (kontrast) usulda tasvirlash. Peyzaj tasviri orqali muallif oʻzining asosiy gʻoyaviy niyatini ilgari surishi ham mumkin. Masalan, Choʻlpon "Kuz" sheʼrida fasl koʻrinishini chizish orqali rus bosqinchiligining mudhish oqibatlarini koʻrsatmoqchi boʻladi. Shuningdek, Oybekning "Naʼmatak", H.Olimjonning "Oʻzbekiston", "Oʻrik gullaganda", A.Oripovning "Sen bahorni sogʻinma-dingmi?" sheʼrlari peyzaj lirikasining eng yaxshi namunalari hisoblanadi[1].
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |