Pnevmoskleroz
Pnevmoskleroz – oʻpkada biriktiruvchi toʻqimalarning koʻpayishi, ularning faoliyatining buzilishi. Koʻpincha oʻpkada yalligʻlanish yoki distrofik jarayonlarning natijasi boʻlib, zararlangan qismlarda elastiklik va gaz almashinuvining buzilishi bilan birga kechadi. Ushbu patologiya bronxlarning deformatsiyasiga, oʻpka toʻqimalarining siqilishiga va burishishiga olib keladi, buning natijasida oʻpka hajmi kamayadi. Ushbu patologiya har qanday yoshda rivojlanishi mumkin[1].
Etiologiyasi va patogenezi
tahrirPnevmosklerozga oʻpkaning yalligʻlanish va destruktiv (zotiljam, absess), alohida tabiatdagi (sil) va oʻpka zararlanishi bilan kechuvchi kasb kasalliklari (pnevmokoniozlar), alveolit, oʻpka toʻqimasining jarohatlar oqibatida zararlanishi, nurlanish va boshqalar sabab boʻladi[2].
Klinik manzarasi
tahrirPnevmosklerozga xos boʻlgan spetsifik klinik belgilar yoʻq. Klinik manzarasida pnevmoskleroz rivojlanishiga sabab boʻlgan kasalliklarning (surunkali zotiljam,bronxoektaz va boshqalar) belgilari yuzaga chiqishi mumkin. Shu bilan birga pnevmosklerozda, ayniqsa uning diffuz shakllarida, koʻpincha oʻpkaning ventilyatsiya faoliyati buziladi va bu klinik jihatdan hansirash va sianoz bilan namoyon boʻladi. Kechki bosqichlarida fibroz sohalarga mos tushuvchi keng oʻchoqlar paydo boʻladi[2].
Kechishi
tahrirPnevmosklerozga sekin-asta zoʻrayib boruvchi gipoksemiya, oʻpka gipertenziyasi, yaqqol namoyon boʻlgan nafas va yurak yetishmovchiligi rivojlanishi xos[2].
Davolash
tahrirPnevmosklerozni davolashning oʻziga xos uslublari mavjud emas. Uning rivojlanishiga sabab boʻlgan kasalliklar (surunkali zotiljam, bronxoektaz kasalligi va boshqalar) davolanadi. Nafas va yurak yetishmovchiligi qoʻshilganda simptomatik davo choralari qoʻllanadi (oksigenoterapiya, yurak glikozidlari, siydik haydovchi dorilar). Pnevmosklerozning profilaktikasi nafas aʼzolarining oʻtkir va surunkali kasalliklarini oldini olish va davolashdan iborat[2].
Manbalar
tahrir- ↑ „Pnevmoskleroz“. Qaraldi: 2024-yil 6-oktyabr.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 Ichki kasalliklar propediftikasi — 188-bet. Qaraldi: 2024-yil 6-oktyabr.