Pnevmoskleroz – oʻpkada biriktiruvchi toʻqimalarning koʻpayishi, ularning faoliyatining buzilishi. Koʻpincha oʻpkada yalligʻlanish yoki distrofik jarayonlarning natijasi boʻlib, zararlangan qismlarda elastiklik va gaz almashinuvining buzilishi bilan birga kechadi. Ushbu patologiya bronxlarning deformatsiyasiga, oʻpka toʻqimalarining siqilishiga va burishishiga olib keladi, buning natijasida oʻpka hajmi kamayadi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, oʻpka pnevmosklerozi erkaklarda koʻproq uchraydi. Ushbu patologiya har qanday yoshda rivojlanishi mumkin.

Pnevmoskleroz rengenogrammasi
Pnevmoskleroz rengenogrammasi

Etiologiyasi va patogenezi

tahrir

Pnevmoskleroz oʻpkaning yalligʻlanish va destruktiv (zotiljam, absess), alohida tabiatdagi (sil) va oʻpka zararlanishi bilan kechuvchi kasb kasalliklari (pnevmokoniozlar), fibrozirlovchi alveolit (Xammen-Rich sindromi), oʻpka toʻqimasining jarohatlar oqibatida zararlanishi, nurlanish va boshqalar sababli yuzaga keladi.

Tasnifi

tahrir

Patomorfologik baholashdan tashqari (diffuz yoki oʻchogʻli pnevmoskleroz), pnevmosklerozni etiologiyasi (infeksiyali, jarohatdan keyingi, kardiovaskulyar va boshqa) va patogenetik mexanizmlari (postpnevmonik, atelektatik) boʻyicha tasnifidan foydalaniladi.

Klinik manzarasi

tahrir

Pnevmosklerozga xos boʻlgan spetsifik klinik belgilar yoʻq. Klinik manzarada pnevmoskleroz rivojlanishiga sabab boʻlgan kasalliklarning (surunkali zotiljam,bronxoektaz va boshqalar) belgilari birinchi oʻringa chiqishi mumkin. Shu bilan birga pnevmosklerozda, ayniqsa uning diffuz shakllarida, koʻpincha oʻpkaning ventilyatsiya faoliyati buziladi (obstruktiv va restriktiv shakllari) va bu klinik jihatdan hansirash (dastlab jismoniy zoʻriqishda, soʻngra tinch holatda) va sianoz bilan namoyon boʻladi. Rentgen tekshirishda oʻpka rengenogrammasi yaqqol namoyon boʻlgan kuchayishi va deformatsiyasi, oʻpka yuzalari shaffofligini pasayishi aniqlanadi. Kechki bosqichlarida fibroz sohalarga mos tushuvchi keng oʻchoqlar paydo boʻladi.

Kechishi

tahrir

Pnevmosklerozga sekin-asta zoʻrayib boruvchi gipoksemiya, oʻpka gipertenziyasi, yaqqol namoyon boʻlgan nafas va yurak (oʻng qorincha) yetishmovchiligi rivojlanishi xos.

Davolash

tahrir

Pnevmosklerozni davolashning oʻziga xos uslublari yoʻq. Uning rivojlanishiga sabab boʻlgan kasallik (surunkali zotiljam, bronxoektaz kasalligi va boshqalar) davolanadi. Nafas va yurak yetishmovchiligi qoʻshilganda simptomatik davo choralari qoʻllaniladi (oksigenoterapiya, yurak glikozidlari, siydik haydovchi dorilar). Pnevmosklerozning profilaktikasi nafas aʼzolarining oʻtkir va surunkali kasalliklarini oldini olish va davolashdan iborat.

Manbalar

tahrir