Protonefridiylar (proto... va nefridiylar) — yassi va toʻgarak chuvalchanglar, nemertinlar, ayrim halqali chuvalchanglar, lansetniklar, foronidlar va baʼzi mollyuskalar lichinkasi uchun xos boʻlgan ayirish organlari. P. 1 ta yoki bir necha shoxlangan naychalar va ular ichida joylashgan bir tutam kipriklarga yoki 1 ta (yoki bir nechta) xivchinga ega boʻlgan hujayradan iborat. Moddalar almashinuvi mahsulotlari filtrlanib uchki hujayralar boʻshligʻiga oʻtadi va kipriklar yoki xivchinlar yordamida naylarga haydaladi. Kipriklar va xivchinlarning bir meʼyorda ishlashi tufayli suyuklik P.ning naychalari orqali oqib oʻtib turadi. Naychalarda hosil boʻlgan siydik asosiy nayga tushadi va u yerdan maxsus teshiklar orqali tashqi muhitga chiqariladi. Soʻrgʻichlilar, ogʻiz aylangichlilar va ayrim b. hayvonlarda P. siydik toʻplanadigan maxsus organ — qovuqqa ochiladi; siydik u yerdan qovuq devori qisqarishi tufayli tashqi muhitga, tikanboshlilar va priapulidlarda esa jinsiy naylarga chiqariladi. [1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil