Qadimgi Yunoniston dini
Qadimgi Yunoniston dini – Qadimgi yunonlar hayvonlar timsollarini ilohiylashtirganlar. Hoʻkiz timsoli birinchi oʻrinda boʻlib, ilon timsolida esa ilohiy kuch egasini tasavvur qilib, bir qator hayvon va qushlarni ilohiylashtirganlar. Bu yunonlarda totemizm tushunchalari keng yoyilganligidan darak beradi.
Qadimgi yunonlarda odam shaklidagi xudo timsollari koʻp uchraydi. Xudolar koʻpincha ayol suratida boʻlgan. Quyosh va oyni ham ilohiylashtirganlar. Toshlar va baʼzi daraxtlarda ilohiy kuch mavjud deb hisoblaganlar. Gʻorlar va unsurlarga ham diniy tus berganlar.
Totemizm kabi diniy tasavvurlarning baʼzi belgilari mirmadan xalqining chumolidan tarqalgani yoki ilonoyoq Kekropning Afina asoschisi ekanligi haqidagi afsonalarda bayon etilgan.
Qadimgi ovchilikka oid marosimlar, sehrgarlik urf odatlari ob-havo bilan bogʻliq boʻlgan. Yomgʻir chaqiriq marosimlari ham oʻtkazilgan. Yunonlar tabiatni oʻrab turgan turli mayda ruhlar: suv ruhlari, oʻrmon ilohlari nayad, driad, togʻ ruxdari kabilarga ishonganlar. Yunonlarda qadim oʻtmishda yomonlik keltiruvchi sehrga ishonch mavjud boʻlgan. U yer osti qora kuchlari haqidagi tasavvurlar bilan bogʻliq. Qahrli Gekata xudosining nomi bilan kimni yoʻq qilmoqchi boʻlsalar laʼnatlab, laʼnat va duoi bad qilish yovuzlik marosimlari tarzida bajarilgan. Yovuz sehrgarlik katta ahamiyatga ega boʻlmagan.
Davolash va muolaja qilish ishlarida yunonlar sehrdan foydalanib, u tabobat bilan bogʻliq urf-odatlar uzoq saqlangan.
Qadimiy yunon eʼtiqodlaridan biri – oʻlim va undan keyingi holat haqidagi tasavvurlardir. Oʼlgan kishi tanasi yunonlarda yerga koʻmilgan yoki sagʻanada saqlangan. Yunonlar tasavvurida oʻlganlar ruhlari yer osti makoni Aidada toʻplanadi. Barcha marhumlar kim boʻlishidan qatʼi nazar, Aidada ruhlari toʻplanib, unda mashaqqatli va gʻamgin taqdirga yoʻliqadilar. Shu sababli yunonlar marhumni soʻnggi kuzatish marosimini oxirgi burch deb bilib, uni katta eʼtibor bilan amalga oshirib, marhumlarni oziq bilan taʼminlashga uringanlar.
Yunonlar aslzoda qahramonlarni ilohiylashtirganlar, bunga xudolarga boʻlgan ishonchning pasayishi sabab boʻlgan. Aslzoda xonadonlarning alohida ajratilishi bilan ularning ilk ajdodlari ham ulugʻlana boshlandi. Ularning nomlari yuqori qoʻyilib, uni ulugʻlovchi va unga sigʻinuvchilar soni ortib borib, Gerakl, Iffokal, Ivrinom, Borsa, Erota kabi qahramon xudolar panteoni vujudga keldi.
Gerakl – quyosh xudosi, tadqiqotchilar uni doriy qabilasiga mansub Geraklidlar sulolasining bobokaloni hisoblab, xalq qahramoni shaxsining afsonaviylashtirilib yuborilgan koʻrinishidir. Mil. avv. XII-X1 asrlarda doriylar tomonidan Peloponnessaning katta qismi bosib olinishiga sabab boʻlgan „Geraklidlar yurishi“ tarixiy voqeasi boʻlib Geraklning bu yurishdagi qahramonliklari butun Yunoniston boʻylab mashhur boʻlib, u haqida afsonalar toʻqilishiga sabab boʻldi. Geraklni osmonga koʻtarilib ketgani va Ell ada xudolaridan biriga aylanganligi haqidagi afsona tarqaldi. Geraklning oʻgʻli Fest Sikionliklarni oʻz otasini qahramon sifatida emas, xudo sifatida ulugʻlashga majbur qildi.
Afinada Erextey, Buta kabi qahramonlar kulti zodagon Butadlar xonadoni qoʻlida boʻlgan. Qadimgi yunon xudolari mahalliy va umumiy xudolarga boʻlingan. Mahalliy xudolar oʻzaro urushlarda yordam beradi, deb eʼtiqod qilingan, umumiy xudolar esa tashqi dushmanga qarshi kurashlarda yordam beradi deb ishonilgan. Shaharlarning oʻz xudolari boʻlib, bu Yunonistonning siyosiy tarqoqligidan xabar beradi. Gomer davrida yunonlarning koʻplab jamoasi Olimpiya xudolariga ibodat qilganlar. Shu oʻrinda aytish kerakki, Olimpiya ulugʻ xudolari panteonining kelib chiqishi juda murakkab masala hisoblangan.
Xudolarning eng ulugʻi Zevsning xotini Gera hisoblangan. U sigir xudo koʻrinishidadir. Ikkinchisi Poseydon Peloponnessada qadimiy dengiz xudosi boʻlib, unga baliqchilar sigʻinishgan.
Afina shaharlar va qoʻrgʻonlar homiysi hisoblangan. Uni „Afina xudosi“, „Afinalik ayol“, „Pallada“, „Poliada“ kabi ellikka yaqin sifatlari boʻlgan. „Ellada tavsifi“ kitobida unga atab yetmish uchta turli ibodatxona, ziyoratgoxdar qurilgani yozib qoldirilgan. Afina Artemidadan keyingi oʻrinda boʻlib, afsonalarda u jangovar xudo sifatida toʻla qurollangan holda tasvirlangan. U boyqush, ilon, zaytun daraxti timsollarida tasavvur qilinib, Afinaning obrazida totemistik jihatlar saqlanib qolganligi belgisidir.
Yunon xudosi Artemida – ovchi qiz shaklida tasvirlangan. Unga atab ibodatxona va muqaddas qadamjolar bunyod etilgan.
Appolon yunon afsonalarida Zevs va Letoning oʻgʻli, Artemidaning akasi hisoblanadi. Appolon soʻzining maʼnosi baʼzida „halok qiluvchi“, goho „chorva rahnamosi“ sifatida talqin qilingan.
Zevs olimpiya xudolarining ulugʻlaridan boʻlib, „xudolar va odamlar“ otasi hisoblangan. Unda ellikka yaqin mahalliy xudolarning sifatlari jamlangan. U hakdagi afsonalar Krit va Fessaliyada tarqalgan. Zevs nomi „yogʻduli osmon“ maʼnosini bildiradi. Yunonlar yana Asklepiy, Pan, Afrodita, Ares, Gefest, Gestiya, Germes kabi xudolarga sigʻinganlar[1].
Manbalar
tahrir- ↑ Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 431-434.
Adabiyotlar
tahrir- Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.