Qanos
Qanos (koʻkrak) — meʼmoriy qism; peshtoq ravogʻining tepasidagi tumorsimon juft shakl. Q. yuqoridan gorizontal, yonlaridan vertikal va pastdan ravoqning egri (linga) chiziqlari bilan chegaralanadi. Ravoq lingasini chiqarishda gʻishtlar radial yoʻnalishda, Q. qismida gorizontal qoʻyib teriladi. Q. bino tarzlariga diqqatni tortish, meʼmoriy mujassamotga urgʻu berishga xizmat qiladi.
9— 12-asrlarda Q.ning tepa burchaklari aksari boʻrtiq doira shakl bilan, ravoqning uch (choʻqqi)larini oʻziga xos tugun bilan ajratish usuli qaror topgan (Raboti Malik karvonsaroyi, Oʻzgan maqbaralarining peshtoqlarida), dinamik kvadratlar (katta kvadrat ichiga 45° da burib kirgizilgan kichik kvadratlar) va ravoqlarning choʻqqilarida uchburchaklar (Ismoil Somoniy maqbarasida) qoʻllangan. Q. sirti uning shakliga mos nabotiy (mas, Koʻhna Urganchdagi Faxriddin Roziy maqbarasish) va sirkor (Tillakori madrasa bosh peshtogʻida) naqshlar bilan toʻldiriladi; sirkor, nabotiy naqshlarda ham band (gul band) lari 9—12-asrlardagi doiralarni eslatuvchi (gajaksimon) tarzda bajarilgan. Baʼzan Q.larda ohu, sher, quyosh (Sherdor madrasa bosh peshtogʻida), qushsemurgʻ (Buxorodagi Nodir Devonbegi madrasasi Q.da) tasvirlari ham qoʻllangan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |