Qaramogʻda boʻlish
Qaramogʻda boʻlish — fuqaroni asosiy yashash manbai hisoblangan mablagʻ bilan taʼminlanishi. Qaramogʻda boʻlish pensiya taʼminotida, boquvchining oʻlimi tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini toʻldirishda, ayrim nafaqalar va kompensatsiyalarni (mas, xodim bir joydan boshqa ish joyiga oʻtganda) toʻlashda, xodimlar soni yoki shtat qisqartirilganda ishda qoldirilishda ustunlik berilishida, meros olish va boshqalar ayrim hollarda ahamiyatga ega. Oʻzbekiston Respublikasining "Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida"gi qonuni (1993-yil 3-sentyabr)ga muvofiq, vafot etgan xodimning boquvida boʻlgan mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzolari boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini olish huquqiga egadirlar. Qonun boʻyicha quyidagilar oilaning mehnatga qobiliyatsiz aʼzolari hisoblanadi: a) bolalar, akaukalar, opasingillar va nabiralar 16 yoshga toʻlmagan boʻlsa yoki 16 yoshdan katta boʻlsa ham 16 yoshga toʻlmasdan nogiron boʻlib qolgan holda (bunda akaukalar, opasingillar va nabiralarni mehnatga qobiliyatli ota-onasi boʻlmasa); b) ota-ona, oʻgay ona, oʻgay ota, xotin, er — basharti ular pensiya yoshiga toʻlgan yoki nogiron boʻlsalar; v) yoshidan va mehnat qobiliyatidan qatʼi nazar, ota-onadan biri yoki er (xotin) yoxud buva, buvi, akauka yoki opasingil — agar u vafot etgan boquvchining bolalari, akaukalari, opasingillari yoki nabiralarini ishlovchilarga bolaga qarash uchun ish haqi saqlanmagan taʼtilda boʻlish huquqini beradigan yoshga toʻlgunga qadar boqish bilan mashgʻul boʻlsa va ishlamasa; g) buva va buvi — agar qonunga muvofiq ularni boqishi shart boʻlgan kishilar boʻlmasa. Boquvchi bilan birga yashash Qaramogʻda boʻlishni eʼtirof etishning sharti hisoblanmaydi. Qonunga koʻra, marhumning toʻliq boquvida boʻlgan yoki undan yordam olib turgan oila aʼzolari, bu yordam ular uchun doimiy va asosiy kun kechirish mablagʻining manbai hisoblangan boʻlsa, marhumning qaramogʻida turgan deb hisoblanadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni toʻlash qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida"gi qarori (2005-yil 11-fevral)da boquvchining vafoti sababli zararni toʻlash tartibi koʻrsatib oʻtilgan. Unga koʻra, xodim mehnat jarohatiga bogʻliq holda vafot etgan taqdirda, ish beruvchi marhumning qaramogʻida boʻlgan mehnatga layoqatsiz, shuningdek, 16 yoshga toʻlmagaN shaxslarga yoki marhum vafot etgan kungacha undan nafaqa olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga, marhumning vafotidan soʻng tugʻilgan farzandiga, shuningdek, otaonalaridan biriga, umr yoʻldoshiga yoki oilasining ishlamaydigan va vafot etganning 3 yoshga toʻlmagan bolalari, ukalari, singillari yoki nabiralari parvarishi bilan band boʻlgan boshqa aʼzosiga zararni toʻlashi shart (yana qarang Pensiyalar).
Anvar Inoyatov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |