Qashqadaryo qoʻgʻirchoq teatri
Qashqadaryo qoʻgʻirchoq teatri — Qashqadaryo viloyati davlat qoʻgʻirchoqteatri. 1994-yil 15-martda "Dangasaning holi voy" (rejissyor Sh.Yusupov, rassom V.Akudin) spektakli bilan ochilgan. Teatr Mulla Toʻychi Toshmuhamedov nomidagi Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri binosi ichida, bir qanotidagi zal mazkur teatrga moslashtirilgan (80 oʻrinli). Dastlabki yillarda S.Berdiyev, J.Toshev, D.Karomov, R.Mustafoyeva, X.Sattorov, A.Roʻziyeva, B.Pratov, I.Butunov, A.Sattorovlar ishlagan. Faoliyati davomida teatr "Qopqoq", "Qovoqvoy va qovunlar". "Gʻalamislar qoʻzgʻoloni" (muallifi va rejissyor X. Sattorov), "Chiychiyoyning sarguzashtlari" (Z.Chepovetskiy; Sh.Yusupov), "Quvnoq masxarabozlar" (X.Sattorov; Gʻ.Hamroyev), "Badjahl quyoncha" (M.Suponan; Gʻ.Hamroyev), "Chimildiq" (E.Xushvaqtov; X.Sattorov), "Gʻaroyib mehr", "Ochkoʻz Kachal" (I.Saidalimov; Gʻ.Hamroyev), "Quyosh nuri" (Ye.Popesku; Gʻ. Hamroyev), "Qitirqitir kim boʻldi" (Ye.Chepovetskiy; X.Sattorov), "Meshpolvon" (A.Obidjon; Gʻ.Hamroyev), "Men dahshatli Barmaley" (X.Sattorov; M.Toʻraqulov) kabi spektakllar, bir qator qoʻgʻirchoq konsertlarini sahnalashtirgan. Bolalar ongiga milliy va umuminsoniy qadriyatlar, axloqiy mezonlarni singdirish vazifasini bajaradi. Teatr, maktab, oromgohlar sahnalarida ham tomoshalar koʻrsatadi, katta teatr va Qarshi shahri maydonlarida oʻtkaziladigan bayram va yubiley tadbirlarida qatnashadi. Teatrning shakllanishi va rivojlanishida rejissyor Gʻayrat Hamroyevning xizmatlari katta. Teatrda rejissyor Xolmurod Sattorov, rassom Mirzohid Mamatov, aktyorlardan S.Saidova, A.Xudoyorov, I.Saidolimov, Sh.Toʻxtamishev, I.Qurbonov, O.Mamatov, T.Xudoyberdiyev, F.Beknazarov, N. Husanova, L.Primova va boshqalar yetakchilik qilmoqdalar.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |