Qaynash — suyuqlikning butun hajm boʻyicha shiddat bilan bugʻga aylanish jarayoni. Suyuqlikda hamisha erigan gazlar mavjud boʻlib, ular idishning tubi va devorlarida hamda suyuqlik ichida muallak silchib yurgan chang zarralarida mayda mayda pufakchalarni hosil qiladi. Temperatura koʻtarila borgan sari pufakchalardagi toʻyingan bugʻ miqdori va bosimi orta boradi. Itarib chiquvchi kuch taʼsirida pufakchalar yuqoriga qalqib chiqadi. Agar suyuqlikning yuqorigi qatlamlari temperaturasi pastroq boʻlsa, koʻtarilayotgan pufakchalardagi bosim tez kamayadi va shunchalik tez puchqayib qoladi. Pufakchalarning devorlari bir-biriga urilib oʻziga xos shovqin chiqaradi. Pufakchalar ichidagi toʻyingan bugʻ bosimi suyuqlikdagi bosimga tenglashgach, pufakchalar puchqaymasdan koʻtarila boshlaydi, shovqin ham toʻxtaydi va qaynash boshlanadi. Barqaror qaynash jarayonida suyuqlikning temperaturasi oʻzgarmaydi. Suyuqlikka berilayotgan butun energiya (issiklik energiyasi) suyuqlikni bugʻga aylantirishga sarf boʻladi. Oʻzgarmas bosim ostidagi suyuqlikning qaynash. jarayoni yuz beradigan temperatura qaynash temperaturasi (G) deb ataladi. Qaynash temperaturasi toʻyingan bugʻ temperaturasi (toʻyinish temperaturasi) ga teng boʻladi. Har xil moddalar turli temperaturada qaynaydi.