Qaytalovchi terlama
Qaytalovchi terlama — isitma xuruj qilishi (tra koʻtarilishi) bilan kechadigan oʻtkir yuqumli kasallik. Bit orqali yuqadigan (epidemik) va kana orqali tarqaladigan (endemik) xili farq qilinadi.
Bitdan yuqadigan qaytalovchi terlamani odam va bit organizmida parazitlik qiluvchi spiroxetalar qoʻzgʻatadi (qarang Spiroxetozlar). Odamga kasallik faqat bit orqali yuqadi. Qaytalovchi terlama bilan ogʻrigan bemorning qonini soʻrgan bit spiroxetalarni yuqtiradi. Kasallik odamga bitnitirnoq ustiga qoʻyib oʻldirganda yoki bitdagi spiroxetalar terining qashib shilingan joyiga tushganida yuqadi. Kasallikning inkubatsion davri 7— 8 kun. Kasallik toʻsatdan boshlanib, et uvushadi, gavda temperaturasi koʻtariladi (39—40°). Bosh va muskullar ogʻrigʻi, uyqusizlik, qusish, baʼzan meningial alomatlar ham kuzatiladi; jigar va taloq kattalashadi. 5—8 kundan soʻng gavda temperaturasi meʼyoriga keladi, oradan 1—2 hafta oʻtgach, isitma xuruji takrorlanadi. Kasallik goh yengillashib, goh tez-tez xuruj qilib turadi. Odatda, 4—5 ta xuruj boʻladi. Bemor yuqumli kasalliklar kasalxonasida davolanadi. Diagnoz barmoqdan qon surtmasi yoʻgʻon tomchi usulida olib tekshirilganida spiroxetalar topilganiga qarab qoʻyiladi. Spiroxetalar taloqda juda ortib ketgan hollarda u yorilib ketadi va peritonit roʻy beradi. Oldini olish bitga qarshi kurashish, kasallikni oʻz vaqtida aniqlab, bemorni kasalxonaga yotqizish va boshqalardan iborat.
Kanadan yuqadigan qaytalama terlama. Spiroxetalar qoʻzgʻatadi. Kemiruvchilar (sichqon, kalamush va boshqalar) kasallik qoʻzgʻatuvchisining manbai hisoblanadi. Odamga kasallik kana orqali yuqadi. Kasallikning bu turiga ham isitma xuruji xos. Klinik belgilari bitdan yuqadigan qaytalovchi terlamaga oʻxshash. Kasallikning bu turida ham bemor kasalxonada davolanadi. Oldini olish uchun odamlarni kana chaqishidan saqlash, kanalarni yoʻqotish lozim.
Shonosir Shovahobov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |