Qazuv
Qazuv, qachuv — Xiva xonligida kanal (yop)va ariqlarni har yili tozalash taomili. Kanal va ariqlarning damba (qochi)larini tuzatish va qurishdan iborat majburiyat qachuv, uni bajaruvchilar qazuvchi yoki beldor deb atalgan. Bu ish "begor" yoʻli bilan amalga oshirilgan. Bu soliqning oʻziga xos usuli boʻlib, har bir xonadon yilda bir kishini Q.ga yuborishi va 12 kun davomida kanallarni tozalash ishlarida ishtirok etishi shart edi. "Begor" 12 kundan ortiq choʻzilmasligi lozim boʻlsa ham, koʻpincha 15—20 kungacha davom etgan. Q. yiliga 2-marta bahorda va kuzda boʻlgan. 12 kunlik begordan tashqari Xorazmda 6 kunlik mehnat majburiyati — "balo qazuv" ham boʻlgan. Q. ishi katta kanallarda 2 haftadan oshmagan, chunki bunga juda koʻp qazuvchi jalb etilgan. Ulugʻ Q. va tashqi Q.ni tashkil etish hukumat zimmasida boʻlgan. Ishni olib boruvchi, yaʼni sohibkor, albatta, toʻralardai boʻlib, u bosh mirobning roziligi yoki taklifi bilan xon tomonidan maxsus yorliq bilan tayinlangan. Baʼzan kanallarni tozalash ishlarining tepasida xonning shaxsan oʻzi turgan (mas, Polvonyop, Gʻoziobod, Shohobod kabi katta kanallarning qazuvida).
Kanallarni loyqadan tozalash qadimdan 2 mintaqaga boʻlingan: 1) saqo qazuvi (bosh qismini tozalash) va 2) obxoʻra qazuvi (taqsimlovchi tarmoqni tozalash). Kanalning saqosi (bosh qismi) oliy hokimiyatga tegishli boʻlib, tozalashni tashkil etish va uni saqlash uchun mablagʻ bilan taʼminlash hukumat zimmasiga tushgan.
Sevara Saburova.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |