Qizamiq
Qizamiq – oʻtkir yuqumli kasallik; gavda haroratining koʻtarilishi, umumiy intoksikatsiya, yuqori nafas yoʻllari va koʻz shilliq pardasining yalligʻlanishi hamda badanga qizil, yirik dogʻli toshmalar toshishi bilan kechadi.
Kasallik haqida
tahrirQizamiq yer yuzida eng keng tarqalgan infeksiyalardan, unga barcha yoshdagi kishilar, asosan, yosh bolalar beriluvchan boʻladi. Kasallik mavsumiy boʻlib, kuz, qish va bahorda koʻproq uchraydi. Infeksiya manbai faqat kasallangan odam hisoblanadi, sogʻlom kishi organizmiga virus nafas yoʻllari orqali tushadi. Kasallikdan keyin umr boʻyi saqlanadigan immunitet qoladi. Chaqaloqlar (passiv immunitet tufayli) qizamiq bilan ogʻrimaydi. Organizmga yuqori nafas yoʻllari shilliq pardalari, koʻz konyunktivasi va boshqalar orqali kirgan qizamiq virusi u yerda koʻpayib, keyin qonga tushadi.
Kasallikning kechishi
tahrirKasallik bosqichma-bosqich kechadi, inkubatsion (yashirin) davri 9–11 kun; undan soʻng prodromal (boshlangʻich, kataral) davr 3–4 kun davom etadi. Kasallik boshlanishida tana harorati 39 °C gacha koʻtariladi, yuqori nafas yoʻllari va koʻz konyunktivasi qizaradi, bemor quruq yoʻtaladi, tumov boʻladi, koʻzi qizarib yoshlanadi, yorugʻlikka qaray olmaydi, tovushi boʻgʻilib qoladi, yuzi kerikadi. Bola bezovta boʻladi, uyqusi buziladi, ishtahasi yoʻqoladi, holsizlanadi, baʼzan ich ketishi, qorinda ogʻriq, ogʻirroq hollarda umumiy intoksikatsiya, talvasalar, eshushni yoʻqotish alomatlari roʻy berishi mumkin. Prodromal davrning 2–3 kuni lunj shilliq qavatida qizil gardish bilan oʻralgan mayda, nuqtasimon, oq dogʻlar paydo boʻladi, bu qizamiqqa xos belgi (Belskiy-Filatov-Koplik dogʻlari). Ular toshma toshishidan 2–3 kun oldin koʻrinib, toshma toshganidan 1–2 kun oʻtgach yoʻqoladi. Yumshoq va qattiq tanglayning shilliq pardasida mayda qizil dogʻlar – enantema paydo boʻladi. Toshma toshish davrida (bu davr 3–4 kun davom etadi) bemor qattiq isitmalaydi, tomogʻi qizaradi, keyin oʻziga xos qizil, yirik toshmalar toshadi; u dastlab quloq orqasi, lunj, peshona va burunga toshadi, keyin yuz, badanga, qoʻl-oyoqqa tarqaladi. Toshmalarning bosqichma-bosqich toshishi qizamiqda muhim diagnostik ahamiyatga ega. Yuzdagi toshmalar qoraya boshlaydi va jigarrang dogʻlarga aylanadi, ular 7—10 kun saqlanadi. Teri, ayniqsa, yuz, qoʻl kafti va oyoq tagi quruqshay boshlaydi; toshma oʻrni qovjirab, mayda poʻst tashlashi mumkin, gavda temperaturasi pasayib, bola asta-sekin tetiklanadi. Kasallik bilinar-bilinmas yengil kechishi zotiljam, ichki kasalliklar, oʻrta quloqning yalligʻlanishi (otit) va boshqalar asoratlar yuzaga kelishi ham mumkin, bunda darhol vrachga murojaat qilish kerak.
Oldini olish
tahrirOldini olish uchun bemorni sogʻlom bolalardan ajratib qoʻyish zarur. Qizamiqqa qarshi emlash muhim ahamiyatga ega. 1967-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasida qizamiqqa qarshi yoppasiga emlash joriy etilgan, shu bois kasallik ahyonda bir kuzatiladi. Qizamiq bilan ogʻrigan bolalar uyda, ogʻirroq hollarda, asorat qolganida kasalxonada davolanadi. Asosiy ahamiyat kompleks davolash chora-tadbirlariga qaratiladi. Sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash, bemor boʻlgan xonaning havosini tez-tez almashtirib turish va toʻla-toʻkis ovqatlanishiga eʼtibor berish zarur.[1]