Qoʻchqor ota qabristoni — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoraoʻzak tumani markazining gʻarbiy tomonida joylashgan. Qabristonga katta ariq yoqasidan, qalin toʻrangʻil orasidan yoʻl qilingan. Xayolga eski davrlarda ota-bobolarimizning yashagan tabiiy muhiti, „mushuk burni botmaydigan“ oʻrmonlar haqida fikrlar keladi. Qabristonga kelgan joyda tilovatxona joylashgan, ziyoratchilar uchun kerakli sharoitlar yaratilgan (taxoratxona, yer osti bosma krani orqali suv olinadi, tilovatxona old hovlisida oʻtirib qurʼon tilovat qilish imkoniyati mavjud)[1].

Qoʻchqor otaning boshiga qurilgan tilovatxonaning gumbazi devorlar bilan oʻralgan. Bu yerda haligacha mahalliy aholi tomonidan qabriston sifatida foydalanib kelinayotganligi, yaqin orada qoʻyilgan qabrdan ham, oʻsha yerdagi shayx xonasi atrofidagi buyumlardan ham bilish mumkin. Yaʼni mazkur buyumlarning yaqin orada foydalanilganligi aniq koʻrinib turibdi.

Yana Qoʻchqor ota boʻyicha xalq orasida yurgan afsonalarga koʻra bu yerda Xiva xoni tunaganligi aytiladi, biroq nima sababdan tunaganligi nomaʼlum. Xiva xoni oʻsha yerga yaqin yerdan 500 gektar yerni vaqfga beradi. Mazkur vaqf yerlaridan yetim-yesirlar, kambagʻal xalq vakillari erkin foydalanganligi haqida aytib oʻtiladi. Shuningdek, bu yerga befarzand ayollarning ham kelib tunaganligiga oid qarashlar ham mavjud.

Manbalar

tahrir
  1. J. Hakimniyazov, I. Seytbaev, R. Ismetov. Qoraqalpogʻiston hududidagi ziyoratgohlar. «Bilim», 2023-yil.