Andiz (Inula) – qoqidoshlar oilasiga mansub koʻp yillik oʻtlar turkumi. 100 ga yaqin turi bor. Andiz asosan Yevropa, Osiyo va Afrikada tarqalgan. Oʻzbekistonda 9 turi uchraydi. Boʻydor andiz (kora andiz-I. helenium va sariq andiz-I. grandis) turlari koʻproq tarqalgan. Bu turlarning poyalari baland boʻyli (1- 2,5 m), bir oz qirrali, tukdor ildizpoyasi (tanasi) yoʻgʻon; barglari butun, cheti notekis, poyaning quyi qismida yirik (uz. 40-50 sm, eni 20-25 sm), yuqorisida esa maydaroq (uz. 10-30 sm, eni 3-12 sm); guli savatcha, gulbandi yoʻgʻon, chetdagi gullari urugʻchili, oʻrtadagilari esa ikki jinsli, sariq. Iyunning oxiridan sentabr gacha gullaydi. Adir va togʻlarda 500-2000 m gacha balandlikda oʻsadi. Kora andiz ildizpoyasi tarkibida 3% gacha efir moyi, 44% gacha inulin, saponin va boshqa moddalar bor. Ildizpoyasining kaynatmasi balgʻam koʻchiruvchi dori sifatida ishlatiladi. Sariq andiz ham tabobatda siydik haydovchi dori oʻrnida qoʻllanadi. Sariq andiz ildizpoyasidan esa levulyoza (fruktoza) olinadi. Andizning baʼzi turlari xushmanzarali.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil