Qora yanvar
Qora Yanvar ozarb. Qara Yanvar | |
---|---|
Bokuda Shahidlar Xiyoboni, 1990-yil. | |
Mamlakat | Ozarbayjon SSR, Boku |
Sana | 19-20-yanvar 1990-yil |
Sababi | Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini buzish urinishlariga sobiq SSSR rahbariyatining Ozarbayjon bilan bogʻliq olib borgan gʻarazli siyosati |
Natija | 131-170 nafar tinch aholining oʻldirilishi |
Mojarodagi tomonlar | |
bir tomondan | AZE Ozarbayjon Xalq Fronti |
boshqa tomondan | SSSR Kavkazorti harbiy okrugi |
SSSR Sovet Qoʻshini | |
SSSR Qora dengiz floti | |
KGB | |
Ozarbayjon SSR | |
Mojarodagi tomonlar | |
bir tomondan | AZE Abulfayz Elchibey |
boshqa tomondan | SSSR Mixail Gorbachov |
SSSR Vladimir Kryuchkov | |
SSSR Viktor Karpuxin | |
SSSR Vladimir Lyashenko | |
SSSR Aleksandr Lebed | |
Umumiy yoʻqotishlar | |
131-170 nafar qurbon | |
700-800 nafar yarador |
Qora yanvar — 1990-yil 19-yanvardan 20-yanvarga oʻtar kechasi soat 23:30 da Boku shahriga sobiq Sovet Ittifoqining qoʻshin boʻlmalari favqulotda holat e’lon qilmasdan kirib borgan, tinch aholiga hujum qilib, yuzlab gunohsiz insonlarni qatl qilgan, bu hujumda koʻpchiligi yaralangan, bedarak yoʻqolgandi. Sovet qoʻshinlarining maxsus tayinlangan qismlari va ichki qoʻshinlarning yirik kontingentining Bokuni zabt etishi zulm va misli koʻrilmagan vahshiylik sifatida baholanadi.
Favqulotda vaziyat tatbiqi alohida e’lon qilinguniga qadar harbiy xizmatchilar 82 nafarni qatl qilgan, 20 nafarni esa ogʻir yaralagan edilar. Favqulotda vaziyat e’lon qilingach esa, 20-yanvarda va undan keyingi kunlarda Boku shahrida 21 kishi oʻldirildi. Favqulotda vaziyat e’lon qilinmagan rayonlarda – 25-yanvarda Neftchalada va 26-yanvarda Lenkoranda yana 8 kishi qatl qilindi.
Shunday qilib, qoʻshinlarning noqonuniy kirib kelishi natijasida Bokuda va Ozarbayjon rayonlarida 146 kishi oʻldirildi, 744 kishi yaralandi, 841 kishi noqonuniy hibsga olindi, harbiylar tomonidan 200 uy va bino, 80 avtomashina, shu jumladan, tez yordam mashinalari, yonuvchi oʻqlar chiqargan yongʻin natijasida davlat va shaxsiy mulklar yoqib yuborildi. Halok boʻlganlar orasida ayollar, bolalar va qariyalar, shuningdek, tez yordam xizmatchilari va militsiya xodimlari bor edi. SSSR Konstitutsiyasi, Ozarbayjon SSR Konstitutsiyasi qoʻpol ravishda buzilib, Ozarbayjon Respublikasining suveren huquqlari toptalgan edi. Avvaldan oʻylangan va tayyorlanilgan bu tajovuzkorlik aksiyasi Ozarbayjon xalqining demokratiya va milliy ozodlik yoʻlida kurashini boʻgʻish, xalqni tahqirlab, unga ma’naviy zarba berishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan edi.
Sharoit
tahrir1988-yilda Ozarbayjon SSR Sovet Ittifoqining eng konservativ respublikalaridan biri edi va siyosiy dissidentlar uchun bu yerda joy yoʻq edi. Armaniston SSR da ham partiya iyerarxiyasining katta qismi yangi millatchi harakat bilan hamkorlik qilish istagida boʻlgani sababli bu yerda millatchilar hokimiyatni osonroq qoʻlga kiritdilar. Ozarbayjonda hokimiyat va muxolifat orasida murosaga asos yoʻq edi hamda respublikaning kelajak taqdiri borasida ular boshqa fikrda edilar. Gʻoyalar xilma-xilligining boshqa sababi rusiyzabon kosmopolit Boku ziyolilari bilan respublikaning boshqa aholisini bir-biridan ajratgan jarlik edi.
“Olimlar klubi”ning ba’zi ishtirokchilari partiya a’zolari edi. Millatchilikni targʻib qilgan va Mixail Gorbachovning qayta tiklash ishlariga qiziqish bildirmagan radikal jamoat arboblari ulardan nafratlanishardi. Ikki eng mashhur radikal-tarixchi E’tibor Mammadov va hamkorlar ittifoqi faoli Ne’mat Panohov 1940-yillarda Armanistonni tark etgan ozarbayjon oilalaridan edilar. Hukumat va parchalangan muxolifat “oʻyin qoidalari” uchun kelisha olmaganliklari sababli hokimiyat uchun kurash uzoq davom etdi. Oxiri 1990-yil yanvarda Bokuda rasmiy Moskva va Ozarbayjon Xalq Fronti orasida qonli toʻqnashuv sodir boʻldi. Sovet rahbariyati SSSR tarixida ilk marotaba sovet shahriga qoʻshin yubordi.[1]
Qora Yanvar boshlaganida ommaviy zoʻravonlikning hayajonli alomatlari sezila boshladi: huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan himoyasiz qolgan armanlar, Xalq Frontidagi xolis kishilarning radikallar tomonidan siquvga olinishi, hokimiyatni qoʻldan boy bergan va takror qaytarib olish maqsadida boʻlgan mahalliy partiya rahbariyati, Ozarbayjonning Sovet Ittifoqi tarkibidan chiqishiga imkon bermaslik uchun har odimiga tayyor turgan Moskva rahbariyati. Qorabogʻdan kelgan xabarlar vaziyatni yana-da keskinlashtirdi. 9-yanvarda Armaniston parlamenti Togʻli Qorabogʻ oʻz byudjetiga kiritish qaroriga ovoz berdi va albatta, bu qadam ozarbayjonlarning gʻazabiga sabab boʻldi. Qorabogʻ shimolida – Xanlar va Shaumyan rayonlarida armanlar va ozarbayjonlar oʻrtasida toʻqnashuvlar yuz berdi, insonlar asirga olindi, ichki qoʻshinlarning 4 askari oʻldirildi.[2]
6-7-yanvarda Xalq Fronti parchalandi. Moʻtadil qarashlariga sodiq qolgan kichik guruh tashkilot tarkibidan chiqdi va Ozarbayjon Sotsial-Demokratik Partiyasini tuzdi. Front tarkibida qolganlar esa Lenin maydonida ommaviy namoyishlarni boshladilar, lekin ular ham ikkiga boʻlingan edilar. Moskvadan Bokuga mingdan ziyod qoʻshin kontingenti yuborildi. 11-yanvarda Xalq Frontining bir guruh radikallari Lenkoran shahrida bir necha ma’muriy binoni egalladi va hokimiyatni qoʻlga oldi. Ikki kundan keyin vaziyatni oydinlashtirish uchun voqea joyiga joʻnatilgan “Bakinskiy Rabochiy” gazetasining muhbiri shaharda sovet hokimiyatining toʻntarilishiga guvoh boʻldi:
Men avval shahar partiya komitetining birinchi kotibi Y.Rizayev bilan uchrashuv belgiladim, soʻngra raykom binosiga bordim. Lekin eshikda qurollangan odamlar bor edi. Meni ichkariga qoʻymadilar va ulardan biri menga yaqinlashib dedi: “Raykom endi yoʻq. Bu yerda hech kim ishlamaydi. Ichkariga kirishga ruxsat berilmaydi.[3]
— “Bakinskiy Rabochiy” gazetasi, 17 Yanvar 1990.
12-yanvarda Viktor Polyanichko yangi qarama-qarshi rejani ilgari surdi. Uning Xalq Fronti bilan olib borgan muzokaralarining natijasida respublika chegaralarini arman tajovuzidan himoya qilish uchun Ozarbayjonda “Milliy Mudofaa Kengashi”ning tuzilishi bayon qilindi. Qoʻmitaning besh lideridan toʻrt nafari Xalq Frontining radikal qanoti vakillari edi va asl ma’noda Ozarbayjonda kommunist partiya rahbarlarining shafqatsiz dushmanlari edi.[1]
Armanlar Bokudan haydalgach, Moskva va Xalq Fronti orasidagi munosabatlarga oydinlik kiritishning vaqti kelgandi. Hali bosqinlar tugamay turib, 14-yanvarda vaziyatni nazorat qilish uchun Gorbachovning yaqin siyosiy quroldoshi Yevgeniy Primakovning boshchiligi bilan Siyosiy Byuroning namoyanda hay’ati Bokuga keldi. Shahar chetida kazarmalarda joylashtirilgan koʻp sonli qoʻshinlarga shaxsiy komanda berish uchun SSSR mudofaa vaziri Dmitriy Yazov oʻsha zahoti yetib keldi. Togʻli Qorabogʻda Ozarbayjon va Armanistonning chegaradosh rayonlarida va Ganjada favqulotda holat tatbiq etish qaroriga kelindi, lekin negadir bu qaror Bokuga tegishli boʻlmadi.[1]
Boku koʻchalarida millatchi harakatning faollari boshchilik qilardilar. Shahar chetidagi askar kazarmalariga olib boruvchi yoʻllarda ular yuk mashinalaridan va beton bloklardan toʻsiqlar qurdirgan edilar. 17-yanvarda ular Markaziy Qoʻmitaning binosi yonida butun yoʻllarni bekitib, tanaffussiz miting boshladilar. Bino qarshisida dor paydo boʻldi, lekin uning asl maqsadi – qoʻrqitish yoki haqiqiy qatl vositasi ekanligi hanuzgacha sir boʻlib qoldi. Moskva emissarlari va Xalq Fronti rahbariyati yashirin oʻyinlar olib borardilar. E’tibor Mammadovning soʻzlariga koʻra, Primakov Ozarbayjon Sovet Ittifoqi tarkibidan chiqishiga rozi boʻlmasligi haqida ularga xabar berdi va qoʻshin harakatiga ishora qildi:
Primakov menga dediki, “Siz mustaqillikka bir qadam yaqinsiz.[1]
— E’tibor Mammadov.
Lekin qoʻshinlarning shaharga kirishi haqida qaror hali qabul qilinmagandi. Ba’zi manbalarga koʻra, Primakov Gorbachovga qoʻngʻiroq qilib, uni harbiy chora koʻrishga ruxsat bermasligiga koʻndirishga urinardi.[4]
Bokuga hujum
tahrirHujum jarayoni
tahrirNihoyat, Gorbachov va uning harbiy vazirlari 19-yanvardan 20-yanvarga oʻtar kechasi Bokuga qoʻshinning kirishiga qaror qildilar. Yarim kechasi favqulotda holat e’lon qilindi. Lekin shahar aholisi bundan bexabar edilar, chunki 7:30 da televideniye stansiyasining energiya bloki portlagach, efir uzilgan edi. Bu harakat, ehtimol, maxsus xizmat organlari tomonidan uyushtirilgandi. Natijada bokuliklarning aksariyati favqulotda holat borasida faqat ertalab 5:30 da Mirza Xazarning ovozi bilan Ozodlik Radiosidan va vertolyotlardan otilgan varaqalardan xabar olgandilar.[5][6]
Lekin endi juda kech edi. Sahardan koʻp oʻtmay askarlar va tanklar harbiy qismdan chiqib, shahar tomon yoʻl oldilar. Shaharga janub tomondan kirib kelgan qoʻshinlarning katta qismi mahalliy garnizonlardan edi va shaharga oʻt ochmay kira oldilar. Shimoldan kirgan qoʻshinlar shaharga shunday bostirib kirdilarki, xuddi Boku dushman qoʻlida edi. Tanklar yoʻllardagi avtomobillarni va hatto tez yordam mashinalarini ustidan bosib oʻtardilar. Guvohlarning soʻzlariga koʻra, askarlar qochgan odamlarni oʻqqa tutar, yaradorlarni pichoqlar yoki otib tashlar edi. Tinch aholi bilan toʻla avtobusga oʻq yogʻdirildi, bir qancha yoʻlovchilar, shu jumladan, oʻn uch yoshli Larisa Mammadova oʻldirildi.[7][8]
SSSR tarixida ilk bora Sovet Qurolli Kuchlari Sovet shahriga – Bokuga harbiy hujum qildilar. Bu ham Ozarbayjon, ham Sovet Ittifoqi uchun katta fojia boʻldi. Armiya boʻlmalari jami bir necha soat davomida shaharni toʻlaligicha nazorat ostiga oldi va Moskva hokimiyati barpo etildi. Lekin Moskva aynan mana shu 20-yanvarda Ozarbayjonni yoʻqotdi.[9][10]
20 yanvar parlament soʻrov komissiyasining ma’lumotiga koʻra, Bokuda boʻlgan Sovet qoʻshinlari 1990-yil 19-yanvardan 20-yanvarga oʻtar kechasi asosan beshta yoʻnalishda harakat qilishgan.[11]
Bina-Qal’a yoʻnalishi
tahrirSovet qoʻshinlarining Bina-Qal’a yoʻli bilan harakati 1990-yil 19-yanvar soat 22:00 atrofida boshlangan. Ozarbayjon xalqi ilk qurbonlarini ham aynan Bina-Qal’a yoʻlida bergan. Ushbu yoʻnalishdan Bokuga toʻgʻri harakat qilgan qoʻshinlarning yoʻlini “Komsomol” idorasidagi tinch aholining qurgan toʻsiqlari kesdi. Kechki soat tahminan 11:00 atrofida toʻsiqni yorib oʻtgan qoʻshin “Komsomol” idorasidagi tez yordam mashinalarini ham oʻqqa tutdi. Tez yordam mashinasida boʻlgan doktor Aleksandr Marxevka yaradorlarga yordam koʻrsatishga urinayotganida halok boʻldi.[11]
Salyan Kazarmasidan harakatlar
tahrir16-yanvardan Bilacharidan Boku shahriga keladigan yoʻlda, oʻsha paytdaki “Iskra” zavodining toʻgʻrisida kichik otryad qurilgan edi. Otryad ishtirokchilari qoʻshinlarning shaharga kelishiga toʻsqinlik qilishga harakat qilishar edi. 20-yanvarda tanklar birinchi Salyan kazarmasi tarafdan hujumga oʻtdi. Harbiylarning koʻpchiligi Stavropol viloyatidan kelgandi. Tanklardan biri Suvorov (hozirgi 20 yanvar) koʻchasi bilan Tbilisi prospektining kesishgan nuqtasidan tramvay izi boʻylab keldi. Insonlarning tarqalishi uchun bir askar gaplashmoqchi boʻldi. Jamoat ulardan orqaga qaytishni talab qilgach, nizo boshlandi. 5-6 daqiqalik nizodan soʻng tankdan otryad ishtirokchilari ustidan qarshidagi binoga oʻt ochdilar. Jamoat tanklar qarshisida oʻtirdi. Harbiylar mitingchilarga gaz bombalari otdilar, atrofni tutun burkab oldi. Miting ishtirokchilari gazdan boʻgʻilganlari uchun oʻrinlaridan turib tarqalmoqchi boʻldilar. Lekin harbiylar ularga orqa tomondan oʻq yogʻdirdilar.[11][12]
Salyan kazarmasidan soat 23:50 atrofida chiqqan kuchli qurol-aslaha bilan ta’minlangan qoʻshin Bokuni qurshab olishda alohida oʻrin tutgan. Kazarmaning kirishini qurolsiz insonlar toʻsgani sababli qoʻshin devorlarni buzib, yoʻlida davom etdi. Salyan kazarmasi qarshisida 20 ga yaqin tinch aholi oʻldirildi. Soʻngra qoʻshin uch yoʻnalishda harakat qildi. Birinchi yoʻnalish eski avtovokzal, ikkinchi yoʻnalish “20 yanvar” maydoni, uchinchi yoʻnalish esa sobiq “Kinochilar uyi”ning yoni bilan metroning Fanlar Akademiyasi metrostansiyasining qarshisi boʻlgan. Keyin oʻsha qoʻshinning ba’zi boʻlmalari sobiq Markaziy Qoʻmita, hozirgi Prezident Administrasiyasi binosining yonigacha harakat qilgan. Kechasi soat 1 ga yaqin Markaziy Qoʻmitaning yonidan oʻtgan qoʻshin u yerga toʻplangan insonlarni tarqatishga unchalik harakat ham qilmaganlar.[11]
Ertalab soat toʻqqizda esa Markaziy Qoʻmita binosi toʻgʻrisida qoʻshinlar harakatini toʻxtatish uchun Anar Garibov ismli bir shaxs oʻzini BTR-ning tagiga otadi. 7 kun komada qolgan bu shaxs baxtiga vafot etmadi.[11]
“Boʻri eshigi” yoʻnalishi
tahrir“Boʻri eshigi” yoʻnalishidan esa Sovet qoʻshinlari soat 24:00 da harakatga kirishadi. Badamdar yoʻlini kesgan bu qoʻshin qismi ham keyinchalik uch yoʻnalishda harakat qilgan. Birinchi yoʻnalish metroning “Fanlar Akademiyasi” stansiyasi, ikkinchi yoʻnalish sobiq "Sovetski" koʻchasi, uchinchi yoʻnalish esa Oliy Sovetning yoni boʻlgan.[11]
Sumqayit – “Nasosniy” yoʻnalishi
tahrirKechasi soat 12 ga yaqin qolganda Sumqayit – “Nasosniy” yoʻnalishidan ham harakat qilgan qoʻshinlar ham Bilachari yoʻlida qurilgan toʻsiqni buzib oʻtib, bu mavzega, ham Bokuga kirgan. Bilachari mavzesida, “Shamaxinka” deb atalgan hududda va sobiq “XI Oltin Armiya”, hozirgi “20 yanvar” maydonida koʻp sonli qurbonlar va yaradorlar boʻlgan.[11]
Insonlarning koʻpchiligi hozirgi metro tomonga tunelga kirish uchun qochishdi. Lekin tanklar bunga imkon bermadi. Qorongʻida, daraxtlar orqasida, hatto daraxtga chiqib yashiringan insonlarni projektor vositasi bilan topib otib tashlashardi.[7]
Kaspiy dengizida Sovet Harbiy flotining tayyorgarlik amaliyotlari
tahrir1990-yil 19-yanvarda soat 23:00 dan boshlab Kaspiy dengizidagi sovet harbiy kemalari jang uchun tayyorgarlikni boshlaydilar. SSSR Mudofaa Vazirligining rahbariyati Bokudagi amaliyotlar vaqtida Kaspiy dengizining xususiy Ozarbayjon kemalari ularga halaqit berishini oʻylab ehtiyot choralarini koʻrardilar. 20 yanvar deputat tergov komissiyasining ma’lumotlarida aytilishicha, 19-dan 20-ga oʻtar kechasi tahminan ikki mingga yaqin arman qochqinlari Boku portidan Krasnovodskiyga joʻnatilishi kerak edi. 20-yanvar ertalab esa Bokuda shunday mish-mish tarqalgan ediki, Sovet qoʻshinlari ishgʻoli natijasida halok boʻlgan tinch aholi Kaspiy dengiziga choʻktirilishi kerak edi. Biroq 20-yanvarda arman qochqinlari joylashgan kema Krasnodarskiy tomon harakat qilishni boshlaganida, ularning yoʻlini xususiy Ozarbayjon kemalari toʻsadi. Bu aksiya tahminan ikki soat davom etadi. Kemalar toʻxtovsiz zambarak ovozlari bilan shaharni larzaga soladi. Keyinchalik bu aksiyada ishtirok etgan Ozarbayjon kemalari xodimlari hibsga olindi.[11]
Razvedka ma’lumotlariga koʻra, harbiylarning moʻljali Boku porti edi, ya’ni “Sobit Oruchov” kemasining AXF qarorgohi edi. “Sobit Oruchov” kemasi SOS signali bilan butun dunyoga fojia borasida ma’lumot bergandi. Shaharga dengizdan hujumning oldini olish uchun Ozarbayjon dengizchilari hayotlarini xavfga qoʻyib, butun kemalarni Boku koʻrfaziga yigʻgan edilar. 21-yanvar soat 20:30 da ikki harbiy kema va ikki konteyner bilan birga noma’lum yuk olib borilishi haqida ma’lumot olgan dengizchilar qurolli xizmatchilar bilan qurolsiz gʻayrioddiy tengsiz kurashga kirishgandilar. Sovet harbiy kemalaridan otilgan oʻqlar natijasida "Neftgaz-18", "Neftgaz-64", "Aktau", "Shirvan-2", "Cheleken-1", "Atlet-21", "Vodoley-4" kemalari jiddiy shaklda shikastlangan edi.[13]
25-yanvarda Boku koʻrfazini bartaraf etish uchun kemalar dengiz desantlari tomonidan qoʻlga kiritilgan edi. Xalq Frontining qarshiligi bir necha kun Naxchivonda davom etsa-da, koʻp oʻtmay u yerda ham isyon bostirildi. Harbiylar favqulotda holatni buzgan shaxslarning qurollarini olib, ularni hibsga oldi. Tahminan 80 AXF faollari, shu jumladan, Xalq Fronti raisi A. Aliyev ham qamoqqa olindi.[14]
Qora Yanvar qurbonlari
tahrir20-yanvarga oʻtar kechasi 131 inson oʻldirilgan: ulardan 117 tasi ozarbayjon, 6 tasi rus, 3 tasi yahudiy, 3 tasi tatar; 744 kishi ogʻir yaralangan; 4 shaxs bedarak yoʻqolgan; 400 nafari esa qamoqqa olingan.[15] Favqulotda holat e’lon qilingandan keyin esa 21 nafar qatl qilingan. Favqulotda holat e’lon qilinmagan rayonlarda – Neftchala va Lenkoranda 25-26 nafar oʻldirilgandi. Keyinchalik surishtiruv olib borgan Moskvadagi “Shit” (“Qalqon”) nomli mustaqil harbiy guruh shunday natijaga keldiki, Sovet armiyasi sovet shahrining aholisiga qarshi haqiqiy urush olib bordi. Guruh harbiy amaliyotga shaxsan boshchilik qilgan mudofaa vaziri Dmitriy Yazovga qarshi jinoyat ishi ochish talabi bilan chiqdi. Oʻsha kuni kamida 21 askar vafot etdi. Lekin bugungi kungacha bu qanday qilib yuz bergani ma’lum emas: balki namoyishchilar qurollangan edilar, biroq ba’zi askarlar qorongʻi shaharda chalkashlik tufayli oʻz doʻstlarining otgan oʻqi tufayli qurbon boʻlgan boʻlishlari ham mumkin.[1]
“Shit” tashkiloti ekspertlarining hisobotida quyidagilar qayd qilingan:
- Odamlarning maxsus shafqatsizlik bilan va yaqindan oʻqqa tutilgani. Ichida yoʻlovchilar, shu jumladan, bolalar boʻlgan 39 raqamli “Ikarus” markali marshrut avtobusi oʻqqa tutilgan.[16]
- Kasalxonalarning, tez yordam mashinalarining oʻqqa tutilishi. Doktor A.M.Marxevka oʻldirildi.[17]
- Xanjar, pichoq bilan qatl hodisalari. Ana shunday qurbonlardan biri koʻr va rus millatiga mansub B.V.Yefimichevdir.[18]
- “Kalashnikov” avtomatlarida ogʻirlik markazi oʻzgaruvchi 5,45 mm kalibrli oʻqlardan foydalanilgan.[18]
1998-yil 31-martda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyev 1990-yil yanvarda Ozarbayjon ozodligi yoʻlida shahid boʻlganlarning xotirasini abadiylashtirish maqsadi bilan “20 Yanvar shahidi” faxriy nomining ta’sis etilishi haqida farmon bergan.[19] 2000-yil 17-yanvarda 20-yanvar hodisalarida shahid boʻlganlarning, bedarak yoʻqolganlarning oilalariga va nogiron shaxslarga bir million Ozarbayjon manati mablagʻida bir martalik yordam berilgan.[20]
Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining 1998-yil 29-dekabr 51-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “20-yanvar Shahidi” faxriy nomi haqida Asosnoma”ga asosan yana olti nafarga “20-yanvar Shahidi” faxriy nomi berildi.[21]
Mustaqillik
tahrirBu hodisa Ozarbayjonda mustaqillik harakatini tezlashtirib yubordi va Sovet Ittifoqiga jiddiy zarba berdi. Butun Boku aholisi kechasi qatl qilinganlarning ommaviy dafn marosimiga yigʻildi. Ular shaharning tepalik qismiga qurilgan Shahidlar Xiyobonida dafn qilingan ilk shahidlar boʻldi.[1]
Kommunist partiyasining minglab a’zolari oʻzlarining partiya biletlarini yoqdilar, Ozarbayjon Oliy Soveti raisi Elmira Gafarova esa “harbiy qotillarning” harakatlarini qoraladi.[1]
Qora Yanvar hodisalarining aks-sadosi butun oʻlkaga yoyildi. Harbiy harakat Sovet Ittifoqini qurshab olgan muammolarni hal qila olmayotgan markazning zaifligini yuzaga chiqardi. Favqulotda holatning arman bosqinlarining oldini olish uchun emas, faqatgina armanlarning Bokuni butunlay tark etganlaridan soʻng e’lon qilinishi hukumat organlarining butunlay ma’naviyatsizligi yoki tartibsizligidan, yo har ikkisidan darak berar edi. Xalq Frontining bosh koʻtarishiga hukumat organlarining avval ikkilanib, soʻng esa shafqatsizlik bilan reaksiya berishi Sovet Ittifoqida bir necha bir-biridan farqlanuvchi kuch markazlarining mavjudligini yuzaga chiqardi. Bu guruhlashishlardan har birining alohida-alohida maqsadlari bor edi. Gorbachov esa ular orasida arosatda qolgan edi.[13]
Kommunistik partiya qisqa muddatga hokimiyatga qaytdi. Xalq Frontining oʻnlab faollari va biroz avval hukumat ruxsati bilan tuzilgan Milliy Mudofaa Kengashining a’zolari hibsga olindi. E’tibor Mammadov matbuot anjumani oʻtkazish uchun Moskvaga ketayotganida ushlandi. Ne’mat Panohov Eronda yashirindi. Naxchivondagi qarshiliklar bir necha kun davom etdi. Sovet Ittifoqida ilk bora bir tomonli qoidada oʻz mustaqilligini e’lon qilgan aynan shu Naxchivon boʻldi, lekin koʻp oʻtmay bu yerda ham Xalq Frontining irodasini sindirdilar. Jiddiy asabiy taranglikni boshidan oʻtkazgan Kommunist partiyasi birinchi kotibi Abdurahmon Vazirov poytaxtni tark etib Moskvaga qochdi, uning oʻrniga esa birinchi kotib vazifasiga Ayaz Mutallibov saylandi. Polyanichko ikkinchi kotib vazifasini va “boʻz kardinal” statusini oʻzida saqlab qoldi.[13]
Xalq talabi va bir guruh deputatning tashabbusi bilan 1990-yil 22-yanvarda chaqirilgan Ozarbayjon SSR Oliy Sovetining favqulotda sessiyasida respublikaning aksariyat siyosiy va davlat rahbarlari ishtirok etmadilar. Sessiyaga respublika rahbarlarining kelmaganliklari ularning xalq taqdiriga befarq ekanliklari, uyushtirilgan jinoyatda bu yoki boshqa darajada ishtirok etganlarini koʻrsatar edi. Favqulotda sessiya Boku shahrida amalga oshirilgan fojiali hodisalarning javobgarligi uchun deputat-tergov komissiyasi tuzilishi boʻyicha qaror qabul qilgandilar. Lekin bu komissiya hodisaga huquqiy-siyosiy baho berish oʻrniga, qurbonlar va yaradorlar, davlatga va ijtimoiy tashkilotlarga, fuqarolarga berilgan zarar haqida informatsiya xarakterli ma’lumotlar yigʻish bilan kifoyalangandi. Bu komissiya oʻz fikrini fojianing uyushtirilishidan ikki yil soʻngra – 1992-yilda SSSR parchalangach, Ozarbayjon Respublikasi Oliy Sovetining Milliy Kengashiga taqdim etdi. Milliy Kengash esa 20 Yanvar fojiasiga huquqiy siyosiy baho berish oʻrniga, deputat-tergov komissiyasining izohini yetarli deb topib, uni tasdiqlash bilan kifoyalandi.[14]
1990-yil 24-dan 25-yanvarga oʻtar kechasi Ozarbayjon KP MK tashkiliy masalaga oid plenum oʻtkazildi. Plenumda kundalikka respublikada siyosiy vaziyat bilan aloqador masala qoʻyilgan, Boku shahrida favqulotda holat tatbiqining sabablarini tergov qilish uchun komissiya tuzildi. Lekin respublika kommunistlarining oliy organi fojiaga siyosiy baho bermadi, umuman olganda, hech qanday bayonot bilan chiqmadi.[14]
4-fevralda Mutallibov Gorbachov bilan koʻrishish uchun Moskvaga joʻnatildi. Aynan shu kuni “Pravda” gazetasi Haydar Aliyevni Brejnev davrining korrupsiyaga duchor boʻlgan qoldigʻi deb qattiq ayblov qoʻydi. Hech shubhasiz, maqolaning chop etilishi qasddan Mutallibovning safari bilan ayni vaqtda toʻgʻrilangandi. Shu bilan birgalikda Mutallibovning oʻzi tasdiqladiki, hech narsaga qaramay, uning Aliyev bilan uchrashuvi amalga oshirildi va ular kechasi soat uchgacha suhbatlashdilar. Yangi partiya rahbarining ragʻbatda boʻlmagan Aliyev bilan uchrashuvi Aliyevning Ozarbayjonda kuchli sahnaorti siymo sifatida oʻz nufuzini saqlaganidan dalolat berardi. Aliyevning soʻzlariga koʻra, namoyishlarning eng qizgʻin davri Gorbachov unga qoʻngʻiroq qilib “odamlarni Boku koʻchalaridan yigʻishtirishini” va ochiq bayonot berishini soʻradi. Aliyev unga Moskvadaligini va Ozarbayjonda sodir boʻlgan hodisalar bilan hech qanday aloqasi yoʻqligini aytdi. Aliyevga qoʻngʻiroq qilgan Gorbachov Aliyevning Bokuda yashirin ta’sir mexanizmlariga molik ekanligidan amin edi. Aliyevning bosqinlarga qadar boʻlgan roliga qaramay, u Qonli Yanvar hodisalaridan takror hokimiyatga kelish uchun mahorat bilan foydalandi. 20-yanvardagi xunrezlikdan soʻng, u Moskvadagi Ozarbayjon namoyandaligida matbuot anjumani oʻtkazdi va qoʻshinlarning Bokuga kirishini aybladi.[1]
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevning “20-yanvar fojiasining toʻrtinchi marosimini oʻtkazish haqida” 1994-yil 5-yanvardagi Farmonida koʻrsatilgan va bu bilan bogʻliq Milliy Majlis maxsus majlisining oʻtkazilishi tavsiya qilingandi.[22]
OAVda yoritilishi
tahrirAQSh matbuotida
tahrirAQShda „Los Angeles Times“ „The New York Times“, „Vashington Post“, „The Christian Science Monitor“, „The Baltimore Sun“ va boshqa OAV organlari Qora Yanvar borasida maʼlumot berdi:[23]
20-21-yanvar kunlari tashkil qilingan namoyishlar. 22-yanvarda oʻtkazilgan ommaviy dafn marosimi har turdagi mitinglarni taqiqlagan favqulotda holatga qarshi ochiqdan-ochiq bosh koʻtarish edi. Shahidlar xiyobonida oʻtkazilgan dafn marosimi “Moskva” mehmonxonasining yuqori qavatlarida joylashtirilgan maxsus nazoratchilar va snayperlar tomonidan diqqat bilan kuzatilar edi. Barcha jiddiy toʻsiqlarga va xavfli nazoratga qaramay, gʻayratli insonlar shahidlarning xotirasiga loyiq dafn marosimining oʻtkazilishiga erishdilar.[24]
— Los Angeles Times gazetasi, 23-yanvar 1990-yil.
Bokuning ishgʻolidan soʻng oʻz yeriga butun borligʻi bilan bogʻlangan har bir ozarbayjonning qalbida Moskvaga va Mixail Gorbachovga qarshi dahshatli nafrat hissiyoti uygʻongandi. Yillar davomida rus imperiyasining mustamlakasi boʻlgan Ozarbayjon endi oʻz suveren va demokratik huquqlarini barpo etmoqda. Oʻz ozodligi va mustaqilligi yoʻlida kurash olib bormoqda. Endi oddiy sotuvchidan tortib hokimiyat namoyandalarigacha katta-kichik insonlarning bari tushunib yetdiki, Moskva oʻz huquqlarining barposi yoʻlida bosh koʻtargan millatni bostirish uchun Bokuga qoʻshin yuborib, gunohsiz insonlarning qonini toʻkdi.[25]
— The New York Times gazetasi, 18-fevral 1990-yil.
Buyuk Britaniya matbuotida
tahrirBuyuk Britaniyada "The Times" gazetasi, "The Guardian" gazetasi, BBC kanali, Buyuk Britaniyada va boshqa matbuot organlari Qora Yanvar haqida ma’lumot berdilar:
Ozarbayjondagi harbiy amaliyotdan 10 kun keyin Sovet rahbariyati orasida jiddiy ixtilof borligi yuzaga chiqdi, bu esa Sovet Ittifoqining tamal ustunlarining moʻrtlashishi demakdir[26].
— The Times gazetasi, 29-yanvar 1990-yil.
Bu dahshatli harbiy amaliyotni 70 yillik imperiya asoratidan qutulish uchun bosh koʻtargan Ozarbayjon xalqining joʻshqin kurash azmi imperiyaning qalbida yaratgan qoʻrquv xavfi natijasi sifatida ham izohlash mumkin. Armiyaning shaharga hujumi vaqtida gunohsiz insonlarning vahshiylarcha otib tashlanishi, tanklarning odamlarni oʻz gʻildiragi ostida ezib oʻtishi, qishning sovuq, qahraton kechasida gulxan atrofida isinayotgan tinch aholining ustiga bostirib borib, jasadlarini tanib boʻlmaydigan holga solishi butun dunyo jamiyati tomonidan nafrat va gʻazab bilan qarshilanishi lozim[24].
— The Guardian gazetasi, 22-yanvar 1990-yil.
Xalqaro reaksiyalar
tahrir- TUR 2014-yilda Turkiyaning Milliyatchi Harakat Partiyasi (MHP) Igʻdir deputati Sinan Ogʻan qayd qilishicha, “20-yanvarda Ozarbayjon turklarining mustaqilligining ilk mash’ali yondirildi.”[24]
- RUS 2015-yilda Mixail Gorbachov oʻzining “Hayot va islohotlar” memuar kitobida sovet armiyasining 20-yanvarda Bokuga qonli harakati borasida oʻz mavqesini qayd etgan. U 20-yanvar qirgʻinining mas’uliyatini quyidagi yoʻl bilan boʻlsa ham oʻz boʻyniga oldi. “Bu fojiali hodisadan dars oldim. Hokimiyat ekstremal situatsiyada kuch tatbiqidan bosh torta olmaydi. Faqat bu aksiya toʻliq asoslantirilishi va juda jiddiy tadbirlar bilan bogʻliq odim chegaralanishi lozim. Muammoning hal qilinishi faqat siyosiy yoʻl bilan topilishi kerak” – deya ta’kidlagan Gorbachov .[27]
Merosi
tahrir1990-yilda Ozarbayjon mustaqilligi yoʻlida shahid boʻlgan insonlarning hozirgi Shahidlar Xiyobonida dafn qilinishi uchun jamiyat tomonidan dafn komissiyasining nomidan chiqish qilgan fanlar doktori Azer Nabiyevning Respublika va shahar rahbariyatiga qilgan murojaatiga musbat javob berilmadi. Bundan keyin Azer Nabiyev u vaqtdagi 26 Boku Komissarlari nomli rayonning xalq deputatlari sovetining ijro qoʻmitasining sadri Ali Mammadovga murojaat qilgan. Ali Mammadov Azer Nabiyev bilan birga Togʻusti parkiga keldi va u yerda boʻlgan bir qancha insonlarning ishtiroki bilan bir muddat joy qidirildi, oxiri shahidlarning hozirda dafn qilingan yer maqsadga muvofiq deb hisoblanib, shahidlarning dafn qilinishi uchun ruxsat berildi. Joyni tanlashda arxitektor Narimon Aliyevning maslahatlari e’tiborga olindi.[28]
20-21-yanvarda xiyobonda qabrlar qazildi. 120 dan ortiq qabr qazilib tayyorlandi. 21-yanvarda Ozarbayjon SSSR Oliy Sovetining majlisi oʻtkazildi. Majlis juda keskin sharoitda, qizgʻin nizolar bilan oʻtdi. Majlisda Dafn Komissiyasi a’zolari ham chiqish qildilar. Dafn Komissiyasi quyidagi hay’atdan iborat komissiya a’zolari bilan tashkil qilindi: Qudrat Abdulsalimzoda, Azer Nabiyev, Xaliyaddin Xalilov, Bagʻir Bagʻirov, Rahim Qosimov, Ibrohim Aliyev, Narimon Aliyev, Ismoil Injeli, Malik Mehdiyev, Xolid Muxtorov. Keyinchalik shayxulislom Allahshukur Poshozoda ham komissiyaga kiritilishi taklif qilindi. Qudrat Abdulsalimzoda komissiyaning raisi etib saylandi.[28]
Ertalab soat 6:00 ga qadar muzokaralar olib borildi. Soat 12:00 da shahidlarning tobutlari insonlarning yelkalarida Ozodlik maydonidan olomon bilan poytaxt koʻchalaridan oʻtish bilan hozirgi Shahidlar Xiyoboniga olib kelindi. Dafn marosimi 5 soat davom etdi. 22-yanvarda 51 kishi dafn qilindi. Bulardan 3 nafari 1918-yil Mart qatliomi vaqti shahid boʻlganlar edi. Ular ham odat-an’anaga muvofiq dafn qilindi. Ularni Ilhom va Farizadan keyin dafn qildilar. Har uch mozor ustida 1918-yil shahidlari soʻzlari yozildi. Soʻngra yangi qabrtoshlari qoʻyilgach, u qabrlar ustiga “Noma’lum” soʻzi yozdilar. Qora Yanvar shahidlar ichida bir nafar 25 yoshli noma’lum shaxs bor edi va u eng oxirida dafn qilindi.[28]
Fojianing sharafiga Bokuda oʻtkazilgan “XI Oltin Armiya” metrosi 20-yanvar metrostansiyasi, Suvorov koʻchasi “20-yanvar” koʻchasi, Barda rayonida parkka bu nom berildi. 20-yanvar – Umumxalq Motam kuni boʻlgani tufayli har yil Ozarbayjonning idora, muassasa va tashkilotlarida ish kuni deb hisoblanmaydi va uning oʻrniga xotira marosimi oʻtkaziladi. 2015-yil 15-yanvar kuni Pokistonning Panjob viloyatining Qujarxan hududida “20-yanvar bulogʻi”ning ochilish marosimi oʻtkazildi.[13][29][30]
Ozarbayjonda Qora Yanvarga bagʻishlab pochta markasi ham chiqarilgan.
Qora Yanvar pochta markalarida
tahrirObidalar
tahrir1998-yil 5-avgustda Boku shahridagi Shahidlar Xiyobonida “Abadiy mash’ala” obida kompleksining qurilishi borasida Haydar Aliyev hujjat imzoladi. 2010-yilda Bokuning Yasamal rayonida “20-yanvar obida kompleksi”ning ochilishi boʻldi.[31][32]
Chinnigul simvolizmi
tahrirOzarbayjonda 1990-yil yanvardan beri chinnigul motam guli sifatida koʻriladi. Chinnigulning Qora Yanvar bilan aloqasining turli versiyalari mavjud. Koʻpchilik chinnigulni oʻsha vaqt Bokuda eng koʻp ekilgan gul boʻlgani sababli fojia bilan bogʻlaydilar. Boshqa manbalarga koʻra, Mammad Arslonning “Yigʻla, chinnigul yigʻla” she’ridan soʻng gul Qora Yanvar simvoliga aylangan.[33][34][35][36]
Chinnigul – shahid qoni!
Qon chulgʻadi dunyoni…
Yigʻla, ingrat maydonni,
Yigʻla, chinnigul, yigʻla!
Madaniyatda
tahrir2014-yilda Ozarbayjon Davlat Musiqiy Teatrida, Erivan Davlat Ozarbayjon Drama Teatrining taqdimotida “Tur oyoqqa, Ozarbayjon” nomli spektakl taqdim etildi. Maydon teatri uslubida tayyorlangan spektakl 20-yanvarda Ozarbayjon mustaqilligining haqiqatga aylanishi yoʻlida qurbon boʻlgan insonlarning haqqini tajassum etgan edi. Shu yili 19-yanvarda Yosh Tomoshabinlar Teatri yozuvchi-dramaturg Tamara Valiyevaning Qora Yanvarga bagʻishlangan “Mening oq kabutarim” nomli spektakli qoʻyildi.[38][39]
Adabiyotda
tahrirBadiiy adabiyotda Qora Yanvarga koʻpgina badiiy asarlar bagʻishlandi. Qora Yanvarga bagʻishlangan badiiy asarlardan Shavkat Xonmammadovaning “20-dan 20-ga” povestini, Inqilob Valizodaning “Qonli Yanvar” hujjatli povestini qayd qilish mumkin.
Qora Yanvarga bagʻishlangan she’rlardan Baxtiyor Vahobzodaning “Shahidlar” va “Larisa”, Mammad Arslonning "Yigʻla, chinnigul, yigʻla", Xalil Rizo Ulugʻturkning “Qonim bayrogʻimdadir”, Tahmaz Aliyevning “Qonli Yanvar izlari” she’rini qayd qilish mumkin.[34][40][41][42]
Tasviriy san’atda
tahrirQora Yanvar mavzusiga oid tasviriy san’atda Mikoyil Abdullayevning “Bevaqt ketganlarning dafni”, Rasim Babayevning “Tajovuz”, Orif Huseynovning “Qora arka ustuni natyurmorti”, Faxriddin Aliyevning “Qora Yanvar”, Orif Alaskarovning “20-yanvar”, Ilqar Akbarovning “Shahidlar”, Hajirza Farzaliyevning “Oq-qora dunyo”, Fikrat Ibrohimovning “Kelajak nomiga”, Hamza Abdullayevning “Charxi-falak”, Ismoil Ismoilovning “Haq tarozisi”, Qafar Sayfullayevning “Avval Vatan…”, Asim Samadovning “Ruhlar”, Rafael Murodovning “Fojia”, Oqtay Quliyevning “Motam”, Bayram Qasimxonlining “Fojialarimiz” (triptix) rasmlari bagʻishlangan.[43][44][45]
Kinoda
tahrirOzarbayjon kinematografiyada 20-yanvar qatliomiga “Qonli Yanvar”, “20-yanvar”, “Boʻzqurd nolasi”, “Ozodlikka boruvchi yoʻllar”, “Bokuda inson ovi”, “Shahidlar va gʻoziylar”, “Qonli Boku”, “Motam” filmlari bagʻishlangan.
Musiqada
tahrirQora Yanvar haqida bir qancha qoʻshiqlar va musiqa kompozitsiyalari bastalangan. Ulardan Tofiq Bakixonovning “Humoyun” simfonik mugʻomini, goboy ustasi Komil Jalilovning “Zaminxora” mugʻomini, Sevdo Ibrohimovaning “Vatan shahidlariga”, Javdat Hojiyevning “Shahidlar” simfoniyasi, Oʻqtay Kozimiyning “Shahidlar simfoniyasi”, Ozod Zohidning “Madhiya”, Azer Rizayevning “Boku 90” simfoniyasi, Ramiz Mustafayevning “Bu qon yerda qolmaydi” vokal-simfonik poemasi, Mobil Babayevning “Yigʻlama Tuprogʻim, yigʻlama” kantatasi, Oydin Azim Karim oʻgʻlining “Qatl kuni”, Fuad Jafarovning “Qora Yanvar” xor asarlari, Orif Mirzayevning “Yanvar marsiyalari”, Sardor Farajovning “Motam faryodlari” simfonik lavhasini qayd qilish mumkin. 2010-yillardan 20-yanvar fojiasi va shahidlarga bagʻishlangan musiqiy asarlar orasida Orif Mirzayevning “Yanvar passionlari” motam messasi, Nozim Quliyevning “Shahidlar” operasi, Oʻqtay Rajabovning “Chingiz” oratoriyasi, Zobita Mammadovaning “Elegiya” solist, xor va orkestr asarlarini kiritish mumkin.[45][46][47][48]
Katta hajmli musiqiy asarlari bilan birga, Qora Yanvar shahidlariga bagʻishlangan koʻpgina qoʻshiq va romanslar mavjud. Ulardan Vasif Adigoʻzalovning “Qoʻlimda sozim yigʻlar”, Oʻqtay Rajabovning Mammad Ismoil soʻzlariga bastalagan “Qonga aylangan chinnigullar”, Emin Sabitoʻgʻlining Baxtiyor Vahobzoda soʻzlariga bastalagan “Shahidlar marsiyasi”, Mehribon Ahmadovaning Mammad Araz soʻzlariga bastalagan “Ona millat, ota millat, yigʻlama”, Narimon Azimovning Hikmat Mahmud soʻzlariga bastalagan “Mening shahid singlim, shahid ukam”, Azer Zeynalovning “Vatan nolasi”, Aygun Kozimovaning “Shahidlar” qoʻshiqlarini qayd qilish mumkin.[46][49]
Qalereya
tahrirXorijiy oʻtishlar
tahrirVikiomborda Qora yanvar haqida turkum mavjud |
- Eyewitness: A republic loses faith
- "Black January: Baku (1990): Behind the Scenes - A Photojournalist's Perspective" by Reza Deghati with Betty Blair / in Azerbaijan International, Vol. 6:1 (Spring 1998), pp. 33-37
- TƏCAVÜZ. BAKI. 20 YANVAR 1990 (Prezident Kitabxanası)
- 20 JANUARY - A DAY OF MOURNING IN AZERBAIJAN
Bibliografiya
tahrirTarixiy nazarlar
tahrir- Xəliyəddin Xəlili. Azərbaycan xalqını dünyaya yenidən millət kimi təqdim edən 20 yanvar.-B.:2003.- 134 s. (ozar.)
- Tahir Qafarov. 20-yanvar 1990-yil red and black: reasons, facts, lessons and results.-Baku: Publishing Polygraphic Centre, 2002.- 81 s. (ozar.)
- Çapay Sultanov. The Last Blow from the Empire: Baku, 20 January, 1990.-Baku: Qismət, 2008.- 520 s. (ingl.)
Xususiy masalalar va qiyosiy tadqiqotlar
tahrir- Aydın Balayev. 20 yanvar hadisələri. Sənədlər, mövqelər, şərhlər: 1990-2000.- Bakı: Çaşıoğlu, 2002.- 42 s. (ozar.)
- 20 Yanvar faciəsi və rabitəçilər.- Bakı: Nurlan, 2003.-95 s. (ozar.)
- Qulu Kəngərli. Qalı şənnbəyə gedən yol: 1990-cı il yanvar ayının xronikası. O günlərin radio səsləri. şahidli, şəhidli gecə.- Bakı: "Azərbaycan Ensiklopediyası" NPB , 1997.- 64 s. (ozar.)
- Qulu Kəngərli. Qara yanvar şəhidləri.- Bakı: Gənclik, 1992.- 312 s. (ozar.)
- Hacıyev, N. Bakı qırğını.- B., 1990.- 20 s. (ozar.)
- Analar anar ağlar- B. Azərnəşr, 1993.-8 s. (ozar.)
- Черный январь. Баку - 1990: документы и материалы.- Баку: Азернешр, 1990.- 288 s. (rus.)
Hodisa ishtirokchilari ifodalari va xotiralari
tahrir- Qüdrət Əbdülsəlimzadə. Nikbin faciə: Qanlı Yanvar düşüncələri .- Bakı: 2002.- 136 səh. (ozar.)
- Aliyə Ədalət. Şəhid ömrü yaşayanlar.- Bakı: Çaşıoğlu, 2006.- 270 s. (ozar.)
- Niftalı Şıxlar. Dünyamızın 20 yanvar faciəsi. Müəllim, 2010.- 92 s. (ozar.)
- Şakir Yaqubov. Mən şahidəm ki... Qara yanvar: əvvəl və sonar.- Bakı: [Azərbaycan], 1992.- 58 s. (ozar.)
- Трагедия длиною в 2 года: фотохроника событий.- Баку: Азернешр, 1990.- 32 с. (rus.)
Merosi va tarixshunoslik
tahrir- Məzahir Süleymanzadə. 20 yanvar: Güllələnmiş qəzet: 1990-cı il 20 Yanvar faciəsinin 20 illiyinə həsr olunur.- Bakı: Nurlan, 2010.-142, [2] s. (ozar.)
- Səməndər, R. Şəhidlər. B.: Gənclik, 1990.- 448 s. (ozar.)
- Bünyadzadə, Ü. Bir ölümün acısına.- B.: Gənclik, 1993.- 250 s. (ozar.)
Manbalar
tahrir
- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 1,8 de Vaal, Tomas. Qara bağ. "İlay M MC", 2008 — 344-bet. ISBN 978-9952-25-086-2. Qaraldi: 28 avqust 2016.
- ↑ 2,0 2,1 Bakatin, "4 o p o ra b npomeAineM BpeMeHiı ("Yol keçmiş zamanda"), səh. 174.
- ↑ 3,0 3,1 "Бакинский рабочий", 17 yanvar, 1990-cı il, "MepHufı HHBapı/' kitabmda yenidən dərc edilib, səh. 70-74.
- ↑ 4,0 4,1 Primakovun Qorbaçovla telefon söhbətinin şahidi olan Vyaçeslav Mixaylova əsasən
- ↑ 5,0 5,1 Məlikovun "Я обвиняю" ("Mən ittiham edirəm") kitabında nəşr edilmiş "Şit" ("Qalxan") həbi-analitik qrupunun hesabatından, səh. 176-179. Bəzi təfsilatlar 20 yanvar hadisələri barədə ən dolğun məlumat mənbəyi olan Məlikovun sənədlər və məqalələr toplusundan gütürülüb
- ↑ 6,0 6,1 Blair, Betty „Black January: Baku (1990)“. www.azer.com. www.azer.com. 2018-yil 20-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 29 avqust 2016.
- ↑ 7,0 7,1 7,2 „“20 yanvar” faciəsi şahidlərin dili ilə...“. www.anspress.com. www.anspress.com. 2018-yil 18-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28 avqust 2016.
- ↑ 8,0 8,1 „20 лет без 13-летней Ларисы Мамедовой – воспоминания со слезами на глазах отца и матери“. www.trend.az. www.trend.az. 2018-yil 19-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28 avqust 2016.
- ↑ 9,0 9,1 Aliyev, Kenan „Twenty Years After 'Black January,' Azerbaijan Still Struggles For Freedom“. www.rferl.org. www.rferl.org. 2016-yil 18-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28 avqust 2016.
- ↑ 10,0 10,1 Suleymanov, Elin „The Price of Freedom: Remembering 20-yanvar 1990-yil“. www.huffingtonpost.com. www.huffingtonpost.com. 2017-yil 23-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28 avqust 2016.
- ↑ 11,0 11,1 11,2 11,3 11,4 11,5 11,6 11,7 11,8 Баку: Хроника событий - Журнал "Коммерсантъ Власть", №4 (4), 29.01.1990
- ↑ 12,0 12,1 Nazim Mustafa. “Xalq qəzeti”. – 2010. – 16-17 yanvar. -№ 11,12.
- ↑ 13,0 13,1 13,2 13,3 13,4 „20 yanvarda Sovet qoşunlarının əməliyyat xəritəsi“. www.azadliq.org. www.azadliq.org. 2018-yil 19-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 29 avqust 2016.
- ↑ 14,0 14,1 14,2 14,3 „MÜSTƏQİLLİYƏ GEDƏN YOLDA XALQIMIZIN ŞƏRƏF VƏ QƏHRƏMANLIQ SƏLNAMƏSİ“. www.karabakh.az. www.karabakh.az. 2016-yil 9-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 30 avqust 2016. (Wayback Machine saytida 2016-04-09 sanasida arxivlangan)
- ↑ 15,0 15,1 Nazim Mustafa. „20 YANVAR – QAN YADDAŞIMIZ“ (az). Nazim Mustafanın şəxsi veb səhifəsi. nazimmustafa.info (2010). Qaraldi: 2015-yil 6-fevral.
- ↑ 16,0 16,1 {{Veb manbasi}} andozasidan foydalanishda
url=
parametrini belgilashingiz kerak. Aydın Balayev, Rasim Mirzə. (az). Qaraldi: 2015-yil 4-fevral. - ↑ 17,0 17,1 „Общее заключение независимых военных экспертов общественной организации «Щит» на события в г. Баку 13-25 января 1990 г.“ (az). Prezident Kitabxanasının saytı. preslib.az. 2013-yil 7-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 4-fevral.
- ↑ 18,0 18,1 18,2 „"20 Yanvar Şəhidi" fəxri adının təsis edilməsi haqqında“. anl.az. anl.az. 2018-yil 18-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28 avqust 2016. (Wayback Machine saytida 2018-01-18 sanasida arxivlangan)
- ↑ 19,0 19,1 „20 Yanvar hadisələrində şəhid olanların, itkin düşənlərin ailələrinə və əlil olan şəxslərə birdəfəlik dövlət yardımı haqqında“. www.e-qanun.az. www.e-qanun.az. 2018-yil 18-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28 avqust 2016.
- ↑ 20,0 20,1 „"20 Yanvar Şəhidi" fəxri adının verilməsi haqqında“. www.e-qanun.az. www.e-qanun.az. 2018-yil 18-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28 avqust 2016.
- ↑ 21,0 21,1 „"Черный январь" в Баку, 1990 год“ (Rus). www.kavkaz-uzel.eu. www.kavkaz-uzel.eu. 2018-yil 18-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 29 avqust 2016.
- ↑ 22,0 22,1 „1990-cı il yanvarın 20-də Bakıda törədilmiş faciəli hadisələr haqqında“. www.e-qanun.az. www.e-qanun.az. 2018-yil 18-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 29 avqust 2016.
- ↑ 23,0 23,1 „20 YANVAR FACİƏSİ TARİXİMİZİN ŞƏRƏF VƏ QƏHRƏMANLIQ SƏHİFƏSİDİR“. www.karabakh.az. www.karabakh.az. 2017-yil 11-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 29 avqust 2016. (Wayback Machine saytida 2017-01-11 sanasida arxivlangan)
- ↑ 24,0 24,1 24,2 24,3 24,4 Vahid Məhərrəmov. Qanlı gecə - Qanlı tarix. Bakı - 2011. səh. 61.
- ↑ 25,0 25,1 Vahid Məhərrəmov. Qanlı gecə - Qanlı tarix. Bakı - 2011. səh. 62.
- ↑ 26,0 26,1 „Qara Yanvar: O vaxt Britaniya qəzetləri nə yazırdılar?“ (az). BBC saytı. bbc.co.uk (2010-yil 20-yanvar). Qaraldi: 2015-yil 8-fevral.
- ↑ 27,0 27,1 „20 Yanvarda Azərbaycan türklərinin müstəqilliyinin ilk məşəli yandırılıb – türkiyəli deputat“. arxiv.az. arxiv.az. 30 avqust 2016da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 30 avqust 2016.[sayt ishlamaydi]
- ↑ 28,0 28,1 28,2 28,3 „Qorbaçovun 20 yanvar qırğını haqda etirafı: Bu mənə dərs oldu“. oxu.az. oxu.az. 2018-yil 19-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 30 avqust 2016.
- ↑ 29,0 29,1 Ağbablı, Səyyad „Şəhidlər Xiyabanı necə yarandı?“. 525.az. 525.az. 2018-yil 19-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28 avqust 2016.
- ↑ 30,0 30,1 „Yanvarın 20-si iş günü deyil“. news.lent.az. news.lent.az. 2014-yil 23-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 29 avqust 2016. (Wayback Machine saytida 2014-01-23 sanasida arxivlangan)
- ↑ 31,0 31,1 „Pakistanda “20 Yanvar Bulağı” açıldı“. www.qafqazinfo.az. www.qafqazinfo.az. 30 avqust 2016da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 30 avqust 2016.
- ↑ 32,0 32,1 „Bakı şəhərindəki Şəhidlər Xiyabanında «Əbədi məşəl» abidə kompleksinin ucaldılması barədə“. www.e-qanun.az. www.e-qanun.az. 2017-yil 29-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28 avqust 2016.
- ↑ 33,0 33,1 „Bakıda «20 Yanvar abidə-kompleksi»nin açılışı olub“. www.azadliq.org. www.azadliq.org. 2018-yil 19-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28 avqust 2016.
- ↑ 34,0 34,1 34,2 Contextual Identities: A Comparative and Communicational Approach. Cambridge Scholars Publishing, 2015 — 235-bet. ISBN 9781443882989. Qaraldi: 29 avqust 2016.
- ↑ 35,0 35,1 „İyirmi Yanvar- qəhrəmanlıq, sınaq günü...“. www.baki-xeber.com. www.baki-xeber.com. 2017-yil 21-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 29 avqust 2016. (Wayback Machine saytida 2017-12-21 sanasida arxivlangan)
- ↑ 36,0 36,1 „QIRMIZI TALE“. www.mediaforum.az. www.mediaforum.az. 29 avqust 2016da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 29 avqust 2016.[sayt ishlamaydi]
- ↑ 37,0 37,1 „Qərənfil niyə matəm gülüdür? - Qanlı tarixçə“. az.azvision.az. az.azvision.az. 2015-yil 22-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 29 avqust 2016.
- ↑ 38,0 38,1 „Məmməd Aslan - şairlik, vətəndaşlıq və insanlıq örnəyi“. 525.az. 525.az. 2018-yil 19-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 29 avqust 2016.
- ↑ 39,0 39,1 „“Qalx ayağa, Azərbaycan”“. www.anl.az. www.anl.az. 2018-yil 25-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28 avqust 2016.
- ↑ 40,0 40,1 „Səhnəmizin 20 Yanvar dramı“. www.anl.az. www.anl.az. 2018-yil 17-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28 avqust 2016.
- ↑ 41,0 41,1 „“Nə yatmısan, sarı bülbül, oyan bir...”“. www.anl.az. Qaraldi: 12 noyabr 2017.
- ↑ 42,0 42,1 Alıyev, Təhməz. 1990-cı il - Qanlı Yanvar izləri: poema.- Bakı: Yeni Poliqrafist MMC, 2011.- 151 s
- ↑ 43,0 43,1 „FİKRƏT QOCANIN POEMALARI MƏNƏVİ DƏYƏRLƏR KONTEKSTİNDƏ“. www.anl.az. Qaraldi: 12 noyabr 2017.
- ↑ 44,0 44,1 „20 Yanvarın sənət təcəssümü“. anl.az. anl.az. 2018-yil 18-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28 avqust 2016.
- ↑ 45,0 45,1 45,2 „Təsviri sənətin əbədi mövzusu“. anl.az. anl.az. 2018-yil 19-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28 avqust 2016.
- ↑ 46,0 46,1 46,2 „İncəsənət əsərləri 20 Yanvar şəhidlərinin xatirəsini əbədi yaşadacaq“. www.xalqqazeti.com. www.xalqqazeti.com. 2017-yil 19-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 3 sentyabr 2016. (Wayback Machine saytida 2017-05-19 sanasida arxivlangan)
- ↑ 47,0 47,1 Təhmirazqızı, Səadət „Unutmaq olarmı sizi, şəhidlər?“. www.anl.az. www.anl.az. 2018-yil 19-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 29 avqust 2016.
- ↑ 48,0 48,1 „20 Yanvar faciəsi incəsənətdə“. anl.az. anl.az. 2018-yil 25-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28 avqust 2016.
- ↑ 49,0 49,1 „20 Yanvar faciəsi Azərbaycan musiqi sənətinin ən mükəmməl əsərlərində yaşayır“. anl.az. anl.az (28 avqust 2016). 2018-yil 25-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28 avqust 2016.