Qoratov
Qoratov (Mangʻistov) — Mangʻishloq yarim oroldagi (Qozogʻistonning Mangʻishloq viloyati) togʻ. Uzunligi 130 km. Eng baland joyi 556 m (Bestoki togʻi). Yuzasi toʻlqinsimon plato koʻrinishida. Yon bagʻirlari darasimon quruq soy va jarliklar bilan oʻyilgan. Tektonik jihatdan antiklinal struktura boʻlib, kuchli burmalangan trias, yura, boʻr davrlariga mansub qumtosh, slanets, ohaktosh, mergel, gillardan tashkil topgan. Q.da shuvoq-shoʻra, baʼzi joylarida buta oʻsimliklari oʻsadi, yaylov sifatida foydalaniladi. Temir, mis, toshkoʻmir konlari bor.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |