Qovunqoqi
Qovunqoqi - pishib yetilgan qovundan tayyorlanadigan qoqi; qovunning quritilgan eti. Q. qimmatli oziq-ovqat mahsuloti. Qovun tarkibidagi glyukoza, fruktoza va saxar-za, kletchatka va gemitsellyulozalar, shuningdek, pektinlar saqlanadi. Qovunni oftobda oddiy usul yoki maxsus quritgich shkaflarda quritiladi. Q. ni hamma navlardan tayyorlash mumkin, qovun etining tigʻizlik darajasiga qarab, quritish va qirqishning turli usulidan foydalaniladi. Eti tigʻiz boʻlgan Qizilurugʻ, Oq urugʻ, Koʻkcha, Gulobi va boshqa navlari oddiy usudda ilmoqlarda, eti boʻsh, yumshoq etli (Bosvoldi, Toshloqi, Gurvak va boshqalar) navlarni soʻkchaklarga yoyib 2—3 kun quritiladi, soʻngra yaxshi qurib yetilishi uchun zanglamaydigan simlarga osib qoʻyiladi.
Q.ni ob-havo sharoiti va qovun tilimlarining qalinligiga koʻra, quritish 6—12 kunga boradi. Tayyorlash usuli: qovun oʻrtasidan teng ikkiga ajratilib, urugʻi olinadi. Pallalar eni 3—4 sm qilib tilimlanadi, pichoq bilan poʻstidan ajratiladi va oʻrtasi oxirigacha kesilmay bir juft qilib osib qoʻyiladi. Shirasi oʻrtacha navlardan 4,5—5,5, juda shirin navlardan 7,5—10,1% (oʻrtacha 7%) qoqi tushadi. Tarkibida umumiy qand miqdori 38—75,7%, quruq moddalar 76—91%, 15,4—83,7 mg% S vitamini bor. Namligi 20% atrofida boʻladi. 1 t Q. uchun 11,7— 15,2 t qovun talab etiladi. Asosan, qish va bahor fasllarida isteʼmol qilinadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |