Qoziaskar
Qoziaskar, qozi oʻrdu - 1) musulmon Sharqi mamlakatlarida harbiy xizmatdagilarning qozisi. Xiva xonligida lashkar va qoʻshindagi qonun-qoidalar ustidan nazorat qilib, sharʼiy masalalarni hal qilgan. Baʼzi hollarda iltimosiga muvofiq harbiy boʻlmagan kishilarning ishlarini ham koʻrish uchun qabul qilgan. Xon safarga chiqqanida Q. unga hamroh boʻlib, oʻz vazifasiga tegishli ishlar boʻyicha xonga shaxsan oʻzi maʼlumot bergan. Q. rasmiy qabul marosimlarida xonning oʻng tomonida qozikalondan keyin, 2-oʻrinda oʻtirgan; 2) Usmonli turk imperiyasida 14-asr oʻrtalaridan harbiy-sud tabaqasi boshligʻi, sulton devoni aʼzosi. Q. harbiy ishlar, 15-asrda shayxulislom mansabi joriy etilguncha esa diniy ishlar yuzasidan ham devonga tushgan shikoyat arizalarini koʻrib oʻzining yakuniy qarorini chiqargan. 1481-yildan 2 ta Q. boʻlgan: — Rumeli Q.i (saltanatning Yevropa qismi uchun) va Anadolu Q.i(saltanatning Osiyo va keyinchalik Afrika qismi uchun); Rumeli Qoziaskar rutbasi balandroq boʻlgan. Q.larga shartli yer mulki(arpalik) va xazinadan maosh toʻlangan. Sulton Mahmud II ning harbiy islohotlari natijasida (19-asrning 20—30-yillari) Q. lar real hokimiyatdan mahrum boʻlishgan, lekin 1922-yil sultonlik barham topguniga qadar oliy diniy martaba sifatida nomigagina mavjud boʻlgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |