Quldortepa
Quldortepa – Oʻzbekistondagi madaniy meros obyekti. Arxeologiya yodgorligi. Obyekt davri: Oʻrta asrlar. Samarqand viloyatining Urgut tumanida joylashgan. Obyekt manzili: „Baxrin“ MFY. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq: Davlat mulki. Samarqand viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan – davlat muhofazasiga olingan[1][2].
Manzilgoh | Urgut, Samarqand |
---|---|
Mintaqa | Oʻzbekiston |
Balandlik | 15 m (49 ft) |
Turi | Aholi manzilgohi |
Hudud | 20 ga |
Atrof | 250 km |
Tarix | |
Material | Paxsa, pishiq gʻisht |
Tashkil etilgan | Oʻrta asrlar |
Makon qaydlari | |
Arxeologlar |
G.V.Grigorev I.A.Suxarev V.I.Sarianidi |
Quldortepa o‘rta asr manbalarida tilga olingan Maymurg‘ hokimligining markazi. Maymurg‘ hokimligining hududida Samarqand vohasini sug‘oruvchi Varag‘sar to‘g‘oni va undan ajralib chiqadigan sug‘orish tarmoqlarining ahamiyati katta bo‘lgan. Syuan Szyan (630) ma’lumotiga ko‘ra, Mi-moxe (Maymurg‘) vodiyning markazida joylashgan bo‘lib, aylanasi 400– 500 li (200–250 km)ga yaqin bo‘lgan[3].
Quldortepa arxeologik yodgorligini oʻrganish ishlari ikkinchi jahon urushi davrida boshlangan. Arxeolog olim G.V.Grigorev va I.A.Suxarevlar hudud da qazishma ishlarini olib borganlar. Ulardan keyin Quldortepada V.I.Sarianidi 1953—1954-yillarda tadqiqot ishlarini olib bordi. 1955-yilning kuzida Samarqanddagi Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati tarixi muzeyi hamda Sankt-Peterburg Davlat Ermitaj muzeyi olimlari bilan birgalikda qazish ishlarini olib borganlar. Ushbu tadqiqot ishlariga arxeolog olimlar B.Y.Staviskiy va M.X.Urmanov rahbarlik qilgan[4].
Qazishma ishlarini oʻtkazishdan maqsad hududda ilk oʻrta asrlarda Soʻgʻdning mustaqil viloyati sanalgan Maymurgʻning poytaxti boʻlgan Boside shahri boʻlgan taxminning mavjudligi edi. Boside shahri Maymurgʻning asosiy shaharlaridan boʻlgan. Bu haqda Xitoydagi Tan sulolasi yilnomasi boʻlgan „Tan shu“da baʼzi maʼlumotlar keltirilgan. Boside shahri toʻgʻrisida boshqa maʼlumotlar antik davr tarixchilarining asarlarida ham uchraydi. Tarixchilarning fikricha Aleksandr Makedonskiy yurishlari vaqtida tilga olingan Basista shahri Boside bilan bitta shahar boʻlishi mumkin[5].
Yodgorlikning shimoliy-sharq, janubiy-gʻarb va janubiy sharq tomonlarida tepaliklar saqlanib qolgan. Tepaliklarda burjlarning oʻrni ham mavjud. Shimoliy-gʻarb tomondagi burchaklar yaqqol koʻzga tashlanib turadi. Obyektning gʻarbiy burchagida ark saroyi joylashgan boʻlib, devorining balandligi 15 metrni tashkil etadi. Arkning biqinida shahar aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlab turgan suv havzasi joylashgan. Inshootda olib borilgan qazishma ishlari natijasida bir qancha sopol buyumlar topilgan. Ular turli davrlarga oid. Sopol buyumlarning eng qadimgisi milodiy asr boshlariga tegishli boʻlib, ustki qatlamlardan topilgan sopol buyumlarning sanasi XI—XII asrlarga oid. Umumiy uzunligi 1700 m boʻlgan mudofaa devorlari bilan oʻrab olingan yodgorlik maydoni 20 ga ni tashkil etadi. Quldortepa yer osti suvlaridan (buloq) hosil boʻlgan kichik koʻl yoqasida eramiz boshlarida vujudga kelgan[6].
Manbalar
tahrir- ↑ „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
- ↑ „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Backend.madaniymeros.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
- ↑ Xudoyberganov R. O‘zbekiston joy nomlarining izohli lug‘ati. Toshkent: “Donishmand ziyosi”, 2022 — 380-bet. ISBN 978-9943-7673-7-9.
- ↑ Qulmatov Sh, Berdimurodov A. Samarqand yodgorliklari. Samarqand Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2017 — 227-bet. ISBN 978-5-9943-4783-8-1.
- ↑ Begaliyev N. Samarqand toponimiyasi. Samarqand 2015 — 108-bet.
- ↑ „O‘zbekiston-Koreya qo‘shma arxeologik ekspeditsiyasi“ (oʻzbekcha). academy.uz (2019-yil 14-oktyabr). Qaraldi: 6-sentabr 2023-yil.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |