Quloq kasalliklari
Quloq kasalliklari - quloq ning tugʻma nuqsonlari, shikastlanishi va kasalliklari. Tugʻma nuqsonlariga: tashqi eshituv yoʻlining bitib ketishi (atreziyalar), quloq suprasining yaxshi rivojlanmaganligi (mikrotiya), yaʼni kemtik boʻlishi (xalqda chinoq deyiladi) yo butunlay boʻlmasligi (anotiya); oʻrta quloqda, asosan, nogʻora boʻshligʻidagi suyak toʻqimasining oʻsib ketishi, eshituv suyakchalari boʻlmasligi yoki ularning oʻzaro birikib ketishi; ichki quloqda korti organining yoʻqligi yoki toʻla rivojlanmaganligi va boshqa kiradi. Tashqi quloq shikastlari, mas, quloq suprasining lat yeyishi (aksari sport travmasi), uning teri osti yoki togʻay pardasiga qon quyilishi (gematoma) koʻp uchraydi. Kalla suyagi ogʻir jarohatlanganda, odatda, oʻrta va ichki quloq shikastlanadi. Haddan ziyod kuchli ovoz yoki uzoq vaqt shovqin taʼsir etishi — akustik travma, shuningdek, yuqori darajadagi bosimning birdan pasayishi (barotravma) oqibatida ichki quloq zararlanadi. Quloq sarigʻi (quloq kiri, chirk ham deyiladi)ning koʻp ajralishi (hamda tashqi eshituv yoʻliga tiqilib qolishi) tashqi quloqning keng tarqalgan (yalligʻlanishsiz oʻtadigan) kasalliklaridan. Quloq suprasi terisida ekzema, saramas, chipqon, zamburugʻ kasalliklari (otomi-koz) ham kuzatilishi; oʻrta quloq bilan ichki quloqni birlashtirib turadigan oval darcha sohasidagi suyak toʻqimasining oʻsib ketishi natijasida eshitish xususiyati tobora pasayib borishi mumkin (qarang Otoskleroz). Ichki quloqning yalligʻlanishsiz kechadigan kasalliklari intoksikatsiya, qon aylanishi, vegetativ nerv sistemasi va endokrin bezlar faoliyatining buzilishi oqibatida kelib chiqadi. Quloqning yalligʻlanish bilan oʻtadigan xastaliklari otit deb ataladi (qarang Kuloq ogʻirligi, Quloq shangʻillashi). Kasallikka oʻz vaqtida davo qilib, bemor vrach buyurganlarini qatʼiy bajarsa, u koʻpincha tuzalib ketadi; aksincha, vrach koʻrsatmalariga amal qilinmasa yoki har kim oʻz bilgicha davolansa, yalligʻlanish surunkali tus olishi, shunin-gdek, meningit, sepsis, miya toʻqimasi abssessi kabi ogʻir asoratlarga olib kelishi mumkin. Aksariyat, infeksion kasalliklar (gripp, meningit, qizamiq, tepki), shuningdek, antibiotiklarni nazoratsiz ishlatish (asosan, oʻz bilgicha davolash), xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qil-maslik, individual himoya vositalaridan foydalanmaslik va boshqa quloq ogʻirligi va karlikka sabab boʻladi.
Quloqqa yot jismlar — tugmacha va boshqa tushishi (xususan, bolalarda) va mayda hasharotlar kirib ketishi tez-tez uchrab turadi. Quloqdan yot jismlarni faqat vrach chiqarib olishi lozim, oʻz bilgicha urinish yot jismni ichkariga itarib yuborishi va uni olishni qiyinlashtirishi mumkin. Quloq shikastlanishi orasida quloq suprasini sovuq urushi koʻp uchraydi. Quloqni faqat kosmetik kabinetda teshtirish kerak, aks holda quloq suprasiga infeksiya kirib, uni yalligʻlantirishi mumkin. Quloq kasalliklarining oldini olish va eshitish faoliyatini asrashda burundan normal nafas olishning ahamiyati katta. Shuning uchun ayniqsa, bolalarda adenoid, polip, gaymorit va hokazoni oʻz vaqgida davolash, burun toʻsigʻi qiyshigʻini bartaraf etish zarur.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |