Qurbonjon dodxoh qoʻzgʻoloni
Qurbonjon dodxoh qoʻzgʻoloni — chor Rossiyasining mustamlakachilik zulmiga qarshi koʻtarilgan xalq qoʻzgʻoloni (1875—76). Bu qoʻzgʻolonga Olay vohasi hokimi, Olay malikasi sifatida mashhur boʻlgan Kurbonjon dodxoh boshchilik qilgan.
"Poʻlatxon" qoʻzgʻoloni ommaviy tus olgach, Qurbonjon dodxoh oʻz oʻgʻillari bilan qoʻzgʻolonchilar tomoniga oʻtgan.
1876-yil mart oyida Turkiston generalgubernatori K.P. Kaufman Olay vohasiga yangi hududlarni bosib olish va xalq qoʻzgʻolonlarini shafqatsiz bostirish bilan nom chiqargan general M.D. Skobelevni yuborib, qoʻzgʻolonchilardan 3 kunlik muddat ichida boʻysunish va har bir oʻtov soliq toʻlashini talab qilgan. Chorvador qirgʻizlar va oʻzbeklar bosqinchilarga itoat qilmay, ularga qarshi Qurbonjon dodxoh boshchiligida kurashga otlangan. Skobelev rahbarligidagi Rossiya qoʻshini 1876-yil 21 martda Oʻshga keladi. Skobelev aylanma yoʻl orqali hujumga oʻtib, qoʻzgʻolonchilarni Soʻfiqoʻrgʻongacha surib tashlagan. Abdullabek qolgan yigitlari bilan Qizilort dovoni tomonga chekinib, Pomir togʻlariga chiqib ketgan.
Kaufman buyrugʻi bilan 1876-yil yozida Olay vohasiga jazo otryadi joʻnatilgan. Skobelev boshchiligidagi qoʻshin 15 iyulda Olayga 3 tomonlama — Oʻsh, Uchqoʻrgʻon va Gulchadan yoʻlga chiqishgan. Abdullabek 2 ming kishilik qoʻshini bilan Oʻshdan 40 chaqirim naridagi Shoti degan joyda pistirma qoʻyib, chor qoʻshinlarini Olayga oʻtkazmaslikka harakat qilgan. Polkovnik Vitgenshteyn va qirgʻiz Shabdon Jontoy oʻgʻli boshchiligidagi qismlar bilan Abdullabek qoʻshini oʻrtasida ayovsiz janglar boʻlgan. 31 iyulda qirgʻizlarning bir necha biyi Skobelevga taslim boʻlgan. Vitgenshteyn qoʻshini 1876-yil avgustda Abdullabek yigitlari ortidan quvib, Pomirga kirib borgan.
8 sentabrda Soʻxga yaqin Aylanma degan joyda har 2 qoʻshin oʻrtasida soʻnggi toʻqnashuv boʻlib, unda Abdullabek boshchiligidagi qoʻzgʻolonchilar yengiladi. Abdullabek ukalari va safdoshlari bilan Qorakoʻldan Choʻngsuv darasiga oʻtib, soʻngra Tuyuqsuv darasi orqali Qashqar va Shugʻnon tarafga, keyinchalik Afgʻonistonga oʻtib ketgan. Abdullabek oʻsha yiliyoq Makkaga haj safariga joʻnab, yoʻlda vafot etgan (uning jasadi keyinchalik Gulchaga olib kelinib, dafn etilgan).
Fargʻona viloyati harbiy gubernatori Skobelev Oʻsh uyezdi hokimi P.P.Ionov vositachiligida Qurbonjon dodxoh bilan muzokaralar olib borgan. Skobelev bilan Qurbonjon dodxoh Olayda shaxsan uchrashishgan va oʻrtada sulh tuzilib, chor hukumatiga koʻrsatayotgan qurolli qarshilik toʻxtatilgan (1876-yil oxiri).
Qurbonjon dodxohning oʻgʻillari Mahmudbek, Hasanbek, Botirbek Kobuldagi quvgʻinlikdan chaqirilib, ularga Olay vohasida yangi tuzilgan boʻlislarga boshchilik qilish topshirilgan. Uning kichik oʻgʻli Qamchibek esa keyinchalik rus maʼmurlari tomonidan Oʻshda dorga osib oʻldirilgan (1895).
Adabiyot
tahrir- Bababekov X.N., Narodnie dvijeniya v Kokandskom xanstve i ix sotsialno-ekonomicheskiye i politicheskiye predposilki, T., 1990; Narodnie dvijeniya Sredney Azii v XXveke (Po materialam Kirgizstana). Bishkek-Osh, 1998.
Qahramon Rajabov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |