Qurtxona
Qurtxona — tut ipak qurti boqiladigan bino yoki xona. Kapital, yarim kapital va yengil tipdagi Q.larga boʻlinadi. Kapital q. gʻishtdan, oynali qilib qurilib, poli loy va qum bilan suvaladi; isitish qurilmalari oʻrnatiladi. Yarim kapital Q. karkas tipdagi uylardan iborat, xom gʻisht, paxsa devorli boʻlib, kichik va katta yoshdagi qurtlar boqiladi. Yengil tipdagi Q. karkasli, qamish, fanera, brezent, polietilen va boshqa yengil materiallar bilan yopiladi, katta yoshdagi qurtlarga moʻljallangan boʻladi.
Har bir Q.da 3, 5, 10, 15, 25 quti qurt boqiladi. Q. yer osti suvi chuqur, katta yoʻldan uzoq (shovqini kam), tut plantatsiyalariga yaqin yerga quriladi. Q. koʻp xonali boʻlib, kichik (1-, 2-, 3-) va katta (4-, 5-) yoshdagi qurtlar boqiladigan, yetilgan pilla saralanadigan, barg tayyorlanadigan boʻlinmalar, barg vaqtincha saqlanadigan 1 — 1,5 m chuqurlikda betonlangan yertoʻla tipidagi xonalari ham boʻladi. Q.lar zarur anjomlar (soʻkchaklar, ventilya-tor, pechka va boshqalar) bilan jihozlanadi. Qurt boqishdan oldin Q. tozalanadi, dezinfeksiyalanadi, shamollatiladi. Ayrim joylarda Q. sifatida xoʻjaliklarning jamoat binolari (ombor, quritish xonalari va boshqalar), xonadonlardagi boʻsh xonalardan vaqtincha foydalaniladi (qarang Ipak qurti boqish).
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |