Qutayba ibn Tugʻshoda
Qutayba Ibn Tugʻshoda (8-asr, buxoro) — buxorxudot (738—753). Q. ibn T.ning otasi Tugʻshoda 32 yil Buxoroda buxorxudot lavozimida turgan. Tugʻshoda musulmon boʻlgandan soʻng tugʻilgan oʻgʻliga Qutayba ibn Muslim sharafiga Qutayba deb ism qoʻygan. Tu-shoda arablar tomonidan Samarqandda oʻldirilgach, Buxoro taxtiga uning oʻgʻli Q. ibn T. oʻtirgan (738). Narshaxiyning yozishicha, Q. ibn T. Sharik koʻzgʻolonini bostirishda arab lashkarboshisi Ziyod ibn Solihga yordam bergan. Biroq Q. ibn T. keyinchalik arablarga qarshi kurash eʼlon qilgach, Xuroson va Movarounnahr noibi Abu Muslim tomonidan oʻzi, birodari, oila aʼzolari va tarafdorlari bilan birgalikda oʻldirilgan (753).
Q. ibn T.ning oʻlimidan keyin uning boshqa birodarlari Sukon ibn Tugʻshoda va Bunyot ibn Tutshoda Buxoroga buxorxudot (podshoh) boʻlganlar.
Manba: Narshaxiy, Buxoro tarixi. T., 1966.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |