Radiatsion genetika
Radiatsion genetika — genetik soning bir boʻlimi; organizmlarni rentgen nurlari yoki radioaktiv elementlar bilan nurlantirish natijasida ularda ruy beradigan irsiy oʻzgaruvchanlik (mutatsiya)ni oʻrganadi. 20-asr boshlarida nurlarning hujayra va organizmning turli funksional holatiga taʼsiri (hujayralarning boʻlinishi, koʻpayish, qon shaklli elementlarining oʻzgarishi va hokazo) haqida dastlabki maʼlumotlar olindi. Olimlardan G.A.Nadson va G.S. Filippov, amerikalik genetik Myollerlar tomonidan (1925—27) ion nurlar irsiy oʻzgaruvchanlik — mutatsiyaga qodir ekanligi tajribada isbotlandi (qarang Mutagenez). Ana shu ilmiy tadqiqotlar R.g.ning rivojlanishida muhim rol oʻynadi. Sunʼiy mutatsiyalar hosil qilish, yaʼni organizmga nur taʼsir ettirish yoʻli bilan irsiyatni eksperimental oʻrganish usuli ishlab chiqildi. Nur taʼsirida vujudga kelgan mutatsiyalar irsiy oʻzgaruvchanlikni va turli organizmlarning irsiy potensiyasini oʻrganish bilan birga, radiatsiyaning irsiyatga taʼsirini, uning eng kichik strukturasi — gen haqida maʼlumot olish imkonini berdi (qarang Gen).
R.g. usullari asosida mikroorganizmlar seleksiyasi sohasida olib borilgan tadqiqotlar natijasida antibiotiklarning yangi shtammlari va ulardagi biologik faol moddalar aniqlandi. 20-asr oʻrtalariga kelib ionlovchi nurlarning odam organizmiga taʼsirini oʻrganish katta ilmiy va amaliy ahamiyatga ega boʻldi. Odam organizmini nurlarning salbiy taʼsiri (jumladan, irsiy apparatga taʼsiri)dan saqlash, shuningdek, organizmni nurlanishdan himoya etuvchi moddalarni ishlab chiqish R.g.ning dolzarb masalalaridandir. Odam organizmining reparatsiyalovchi fermentlar yordamida nurlanishning salbiy taʼsirini qaytarish imkoniyati tugʻildi. Muhitda nurlanishning ortishi mutatsiyalarning koʻpayishiga, bu esa oʻz navbatida irsiy kasalliklar, mayibmajruhlik va xavfli oʻsmalarning paydo boʻlishiga olib keladi.
Keyingi yillarda kosmik R.g. muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Kosmik nurlar bilan kosmik uchish omillarining mikroorganizmlar, oʻsimliklar, hayvonlar va odamga birgalikda koʻrsatadigan taʼsiri qonuniyatlari oʻrganilmoqda[1].
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |