Reklamatsiya (lotincha: reclamatio — qatʼiy norozilik) — tovar sotib oluvchining tovar yetkazib beruvchiga yoki xizmatlarni bajaruvchi (yoki aksincha)ga tegishli majburiyatlarni bajarmaganligi toʻgʻrisida yozma ravishda bildiriladigan eʼtirozi. R. turli sabablarga koʻra: mahsulot sifati, miqdori va butligi davlat standarti, texnika shartlari namunasiga, kelishilgan shartlarga mos kelmaganda, tovarlar vaqtida yetkazib berilmaganda, toʻlov qoidasi buzilganda, tomonlardan biri shartnoma talablarini bajarmaganda yoki lozim darajada bajarmaganda va boshqa hollarda beriladi. Tuziladigan savdo bitimlarida R. bayoni va uni koʻrib chiqish tartibi birmabir aytib oʻtiladi. Eʼtiroznomada tovar nomi, miqdori, shartnoma rakami, transport, R. sabablari (tovar kamomadi, sifatsizligi, nobutligi va hokazo), arznomachi talablari (vaqtida yetkazib berilishi, nuqsonlarning bartaraf etilishi, narxini tushirish, ortiqcha toʻlangan summani qaytarish, jarima toʻlash, zararni qoplash) koʻrsatilishi kerak. Shartnoma tuzgan tomonlar R. ni doʻstona hal etishga harakat kiladilar, agar buning iloji boʻlmasa, jabrlangan tomon hal qilishni soʻrab javobgar mamlakat hakamligi (arbitraji)ga, baʼzi mamlakatlar bitim shartlariga koʻra, betaraf mamlakatlar (Mas, Shvetsiya — Stokgolm) hakamligiga arz qiladilar. Koʻp hollarda daʼvogar sotib oluvchi, javobgar sotuvchi boʻladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil